«O‘zmilliybank» AJ va «Sovkombank» OAJ (Rossiya) 50 mln AQSh dollari miqdoridagi bosh kelishuvni imzoladi

Iqtisodiyot 17:00 / 30.09.2021 14147

Joriy yilning 29-30 sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston: iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” nomli xalqaro iqtisodiy forum doirasida, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” Aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning “Sovkombank” OAJ o‘rtasida 50 mln AQSh dollariga teng Bosh kelishuv imzolandi.

Ushbu Bosh kelishuv “Sovkombank” OAJdan 7 yil muddatgacha moliyalashning raqobatbardosh va jozibador shartlarida, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kafolatisiz va eksport kreditlash agentliklarining sug‘urta qoplamalarisiz kredit liniyasini jalb qilishni ko‘zda tutadi.

Kredit liniyasining afzalligi shundaki, u nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlar (Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Italiya, Xitoy)dan tovar, asbob-uskuna va xizmatlari xaridi bilan bog‘liq investitsion hamda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi.

Rossiya banki bilan imzolangan kelishuv, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasi bilan strategik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish haqidagi topshirig‘ini ijro etishga imkon beradi. Shu jumladan, yangi ishlab chiqarishni moliyalash va mavjud ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yangi ishlab chiqarish zonalarini yaratish va natijada, yangi ishchi o‘rinlari yaratishga asos bo‘ladi.

2020 yilda boshlangan hamkorlik doirasida banklarning kooperatsiyasi ular o‘z faoliyati chegaralarini, ayniqsa loyiha va savdoni moliyalash, eksport-import operatsiyalarini moliyalash, g‘aznachilik operatsiyalarini o‘tkazishda kengaytirdi.

Imzolangan yangi Bosh kelishuv Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston banklari hamkorligida samaradorlikni oshirishda yangi qadam bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston iqtisodiy forumi – 2021, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish Vazirligi tashabbusiga ko‘ra, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida tashkil etildi. U 350dan ortiq xalqaro va o‘zbek ishbilarmon va moliya sohasi mutaxassislari, xalqaro moliya institutlari, davlat arboblari, nodavlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini birlashtirdi.

Ma'lumot o‘rnida: “Sovkombank” OAJ universal tijorat bank bo‘lib, 1990 yilning 1 noyabr kuni Kostroma shahridagi bosh ofisi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Tizimda yuqori pog‘onalarga ega bo‘lib, Rossiya banklari ichida aktivlari (21,2 mlrd. AQSh dollari) bo‘yicha 9-o‘rinni egallaydi.

“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: