O‘zbekistonda ilk bor oltin uchun ETF’lar paydo bo‘ladi. Bu odamlar uchun nimani anglatadi?

Iqtisodiyot 19:19 / 24.09.2021 32289

Moliya vazirligi O‘zbekistonda ilk bor oltin uchun ETF'lar, ipoteka obligatsiyalari, sukuk obligatsiyalari paydo bo‘lishini ma'lum qilgandi. 24 sentabr kuni “O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Kun.uz’ga batafsil ma'lumot berdi.

Oltin uchun ETFlar. Bu nima degani?

ETF – Exchange-Traded Fund. Oltin va boshqa kapital bozoridagi yangi instrumentlar yaratilishining asosiy sababi xalqimizga kapital bozorida har xil instrumentlarga o‘z investitsiyalarini tikish uchun imkoniyat yaratishdir. Bu yangi narsa emas, bir qancha kapital bozorlarida ETF’lar bor. Ma'lum bir xomashyoga, masalan, neftga yoki qandaydir indekslarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Masalan, bir unsiya oltinning narxi 1000-1800 dollar bo‘lib turgan vaqtda unga hamma ham pul tika olmasligi mumkin. Lekin ETF’lar bo‘lganda, oltinning narxiga bog‘langan qimmatli qog‘ozlar chiqarilsa, 100 ming so‘m pul bilan ham oltinga investitsiya kiritish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yanada tushunarli aytilsa, xalqimiz o‘zlarining omonatlarini banklar va boshqa instrumentlarda saqlash uchun imkoniyat yaratiladi. Bu kapital bozori likvidligini oshiradi.

Bozor yaratilgandan keyin brokerlar yoki boshqa investitsion konsultantlar orqali shu instrumentlarga xalqimiz investitsiya qilishlari mumkin bo‘ladi.

“Magazinchi G‘aybulla”da pulni jamg‘arishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘ladi

Hozir xalqimiz pulni qayerga qo‘ymoqda degan savol bor: kimdir dollarga, kimdir kvartira, mashina yoki haqiqatan oltin olayotgandir. O‘zbekistonliklar chet eldan O‘zbekistonga pul jo‘nayotgan bo‘lishi, bu pullar bank va boshqa investitsiyalarga kiritilishi ham ma'lum darajada to‘g‘ri yo‘ldir. Biroq shu bilan birga kim investitsiya qilayotgan bo‘lsa, har bir odamning manfaat jihatidan ko‘rib chiqishimiz kerak. Ularga manfaatli bo‘lsagina o‘z pullarini bankka qo‘yadi. Manfaatli bo‘lmasa, odamni majburlab pulini biror narsaga tik deya olmaymiz. Bu noto‘g‘ri.

Siz aytmoqchi bo‘lgan oddiy magazinchi G‘aybullaga foydasi nima bo‘ladi? Unda imkoniyat paydo bo‘ladi, unga 20 mln so‘m puliga bir unsiya oltin sotib olish kerak emasdir. Xalqimizda moliyaviy savodxonlik oshishi oqibatida shu instrumentlarga bo‘lgan talab paydo bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib odamlarga pulini jamg‘arishda qo‘shimcha imkoniyat bo‘lsa, o‘ndan bir yoki yuzdan bir daromadlarini farzandlarining o‘qishi uchun yoki boshqa maqsadlarga shunday instrumentlar orqali investitsiya qilib, kelajagi uchun zamin yaratishi mumkin.

Bu qachon amalga oshadi?

Bu O‘zbekiston sharoitida yangi narsa. Biz buning normativ huquqiy hujjatlarini ishlab chiqmoqdamiz. Bu qanchalik ish berishini vaqt ko‘rsatadi. Lekin imkon qadar kapital bozori instrumentlari sonini ko‘paytirish orqali ko‘proq xalqimizning omonatlarini kapital bozoriga jalb qilishni maqsad qilganmiz. 2022 yildan to‘liq amalga oshirishni ko‘zlayapmiz. 

Ko‘proq yangiliklar: