Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytiriladi

Iqtisodiyot 12:30 / 16.09.2021 34740

Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab Yakka tartibdagi tadbirkorlarning (YaTT) soliq idoralariga daromad solig‘ini to‘laganligi haqidagi hisobotni topshirish majburiyati bekor qilinadi. 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YaTTlar belgilangan ijtimoiy soliq stavkasini ikki baravarga pasaytirilgan holda to‘laydi.

«Tadbirkorlik sub'yektlari uchun ma'muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

·       Yakka tartibdagi tadbirkorlarning (YaTT) soliq idoralariga daromad solig‘ini to‘laganligi haqidagi hisobotni topshirish majburiyati;

·       alohida tayyor import iste'mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq;

2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YaTTlar belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida to‘laydi.

Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati beriladi.

2021 yil 1 oktyabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalari tegishli tartibda bekor qilinadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha davlat nazorati funksiyalari ro‘yxati qonun bilan tasdiqlanadi va ro‘yxatga kiritilmagan davlat nazorati funksiyalarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

2022 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reyestri joriy qilinadi. Mazkur reyestr Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab:

·       nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;

·       tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi.

2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma'lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi:

·       davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini shakllantirish va yuritish;

·       tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish va Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobini yuritish;

·       tadbirkorlik sub'yektlarini tegishli majburiy talablar bo‘yicha onlayn o‘qitish va faoliyati majburiy talablarga mosligi bo‘yicha o‘zini o‘zi tekshirish mexanizmlarini joriy qilish;

·       nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarning belgilangan tartibda o‘tkazilishini baholash.

2022 yildan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga ma'muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy qilinadi.

 

2021 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimini ishlab chiqish uchun 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘lar ajratiladi.

Bundan avvalroq ham, Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida «Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub'yektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan edi.

Farmonga muvofiq:

·       2022 yil 1 yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanmaydi;

·       tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.

Shuningdek, prezidentning «Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun quyidagi imtiyoz va preferensiyalar nazarda tutilgan:

·       2020 yil 1 oktabr holatiga maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozi qayta tiklanmoqda;

·       2021 yil 15 sentyabrdan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga o‘z ehtiyojlari uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar import qilishda QQS va bojxona bojlarini ta'minotsiz va foizsiz 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi berilmoqda;

·       QQS bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha to‘lovlarni soddalashtirilgan tartibda 7 kun ichida qaytarish tizimi joriy etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: