Yaqin Sharq mojarosi. Netanyahu endi qanday tanlov qiladi?

Jahon 20:54 / 17.05.2021 54797

Yaqin Sharqda Falastin hamda Isroil o‘rtasidagi mojaro yana avj olib, harbiy amaliyotlar bir necha kundan buyon to‘xtamayapti. Ayni paytdagi bu voqealar butun mintaqada vaziyat keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, bu urushda Falastin yaqqol autsayder. Ammo vaziyatga boshqa tomondan qaralsa haqiqatan ham shundaymi?

Favoritlar va autsayderlar

Bibliyada yozilishicha, Falastindan bo‘lgan ulkan jussali Goliaf Isroil yerlariga bostirib kiradi. Isroilliklar o‘z yerlarini himoya qilish maqsadida oralaridan tanlab olingan Devidni Goliafga qarshi jangga yuboradilar. Ikki o‘rtadagi to‘qnashuvda Goliaf favorit bo‘lishiga qaramasdan, autsayder Devid tomonidan tosh bilan urib o‘ldiriladi.

2021 yil may oyidagi Isroil-Falastin nizosi esa yuqoridagi vaziyatning tamomila aksini ko‘rsatmoqda. Ilg‘or harbiy texnika, qudratli xalqaro hamkorlar, ulkan moliyaviy homiylar va yuqori darajada rivojlangan iqtisodiyotga ega Isroil «ularga faqat toshlar uloqtirish bilan qarshilik ko‘rsata oladigan» Falastin yerlariga tajovuz qilmoqda. Ayrim matbuot va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikriga ko‘ra, bu urushda Isroil favorit, Falastin esa yaqqol autsayder bo‘lib ko‘rinmoqda.

Biroq kanadalik yozuvchi Malkolm Gladvel o‘zining «Devid va Goliaf: gigantlarni mag‘lub etish san'ati» asarida favoritlar va autsayderlar to‘qnashuviga yangicha qarash bilan yondashadi. Ya'ni Devid va Goliaf jangini misol sifatida oladigan bo‘lsak, klassik janglar nazariyasiga ko‘ra, og‘ir qurollangan guruhga qarshi yengil va tezkor guruh, tezkor guruhga qarshi kamonchilar, kamonchilarning qal'alarini qulatish uchun esa og‘ir qurollangan jangchilar yuboriladi. Shu tariqa, o‘zaro kurashlarning uchburchagi vujudga keladi. Agar ushbu nazariyadan kelib chiqilsa, to‘qnashuvda aslida Devid favorit bo‘lib chiqadi.

Endi savol paydo bo‘ladi: Isroil ham hozirgi urushda favoritmi? Nega Netanyahu ancha zaif bo‘lgan HAMASga qarshi buncha talvasaga tushyapti? Sabab sifatida voqealar rivojini chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, butunlay aks tomonni ko‘rsatmoqda.

Netanyahu va HAMAS

Avvalambor, Falastindagi saylovlarda HAMASning qo‘li ustun kela boshlashi Isroilning yaqin chegaralarida asosiy raqobatchilari hokimiyati o‘rnatilishiga olib keladi. Falastinda mo‘'tadil kayfiyatdagi Mahmud Abbos o‘rniga HAMASchilarning bo‘lishi Isroil obro‘yini keskin tushirib yuboradi.

Ikkinchidan, Natanyahuning Isroil ichki saylovlarida ham ishlari yurishmayapti. Agar saylovlarda koalitsiya tuziladigan bo‘lsa, Netanyahu o‘z o‘rnini G‘arbiy sohillarni to‘laligicha bosib olish va Falastin mustaqilligini tugatish tarafdori bo‘lgan Naftali Bernadetga bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Go‘yoki Netanyahu o‘ta o‘ng kayfiyatdagi saylovchilarni jalb qilish uchun bu ishni o‘zi amalga oshirib qo‘ya qoldi.

70ta falastinlik oilaning uylaridan chiqarib yuborilishi bilan boshlangan nizolar HAMAS tomonidan Isroilga raketa zarbalari berilishi bilan davom etdi. Bunga javob tariqasida Isroil aviatsiyasi G‘azo sektorini bombardimon qildi hamda hozirgi vaqtga kelib 200ga yaqin kishi qurbon bo‘ldi va mingdan ortiq kishi jarohatlandi. G‘azo sektoridagi bir necha binolar qulatildi va vayronaga aylantirildi. Lekin bu yurish Isroilda Netanyahu obro‘yiga keskin ta'sir etdi va mamlakatni siyosiy inqiroz yoqasiga olib kelib qo‘ydi.

Birinchi omil, albatta, Netanyahuning faqatgina falastinliklarning emas, mo‘'tadil va so‘l fikrlovchi isroilliklarning ham tinchligini buzishi bo‘ldi. Natijada, bosh vazir politsiya kuchlarini shaharlar ichkarisi bo‘ylab joylashtirishga majbur bo‘ldi va o‘z bayonotida mamlakat fuqarolar urushi yoqasiga kelib qolganini ta'kidladi. Mamlakat fuqarolarining o‘zi ham hukumatga qarshi chiqishni boshladi.

Ikkinchi omil esa «Temir gumbaz» tizimi kutilganidek samarali bo‘lib chiqmadi. Garchi raqamlar 85 foizdan 90 foizgacha samaradorlikni ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, raketa zarbalarni bergan tomon isroilliklar va jahon hamjamiyati tomonidan «rivojlanmagan» deb hisoblanuvchi guruhlar hisoblanadi. Oxir-oqibatda, Isroil mudofaasi Turkiya yoki Eron kabi salohiyatga ega davlatlar bilan urushga borsa, samarasiz holatga kelishi mumkinligi ko‘rinib qoldi.

Uchinchidan, 1967 yilgi Isroil hukumati Arab-Isroil urushida olti kunda 3 davlatni mag‘lub etgan holda, amaldagi hukumat shuncha vaqt o‘tdiki, HAMASga qarshi sezilarli natijaga erisha olmadi.

Netanyahu tanlovi

 

Rim imperatori Yuliy Tsezar aytganidek: «Qur'a tashlandi». HAMAS o‘z bayonotlarida osonlik bilan taslim bo‘lmasligini ma'lum qildi va buni amalda ham ko‘rsatib kelmoqda. Endilikda Tel-Aviv oldida ikkita tanlov bor:

1. Tinchlik. Isroil va HAMAS tinchlik muzokaralarini olib boradi va xalqaro munosabatlar sub'yekti sifatida tan oladi. Katta ehtimol bilan bu Isroil uchun mag‘lubiyatga teng hodisa bo‘ladi.

2. Urush. Netanyahu bayonot berganidek, Falastindagi harbiy harakatlar davom ettiriladi va HAMASni yakson qilishga urinib ko‘radi. Aslini olganda ham bu tanlov hukumatning o‘z obro‘yini saqlab qolish uchun so‘nggi chora o‘laroq xizmat qiladi.

E'tiborli jihati shuki, xalqaro munosabatlar nazariyasiga ko‘ra, bu urush qoidasiz urushlar sirasiga kiradi. «Qoidali urushlar»ga ko‘ra, ikkita xalqaro munosabatlar sub'yektlari o‘zaro urush olib boradi va ulardan birining poytaxti egallanishi, yetakchisi o‘ldirilishi yoki ayrim partiya yo‘q qilinishi bilan tugaydi. «Qoidasiz urushlar»da esa tomonlardan bittasi (bu yerda HAMAS) xalqaro aloqalar aktori emasligi tufayli urush yoxud aktor (Isroil)ning taslim bo‘lishi, yoxud HAMASga xayrixoh guruh (faol falastinliklar)ning qirilishi bilan yakunlanishi mumkin, xolos.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bu urushda ta'kidlanayotgandek, Isroil favorit emas, aksincha u yutqazmoqda. HAMASning 70ta falastinlik oila huquqlari himoyachisi bo‘lib maydonga chiqishi esa uning aqlli yurishi. Achinarlisi shundaki, siyosiy maqsadlar yo‘lida begunoh oilalar va bolalar qurbon qilinmoqda.

Shahboz Jo‘rayev va Doston Ahrorov, Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mustaqil tadqiqotchilar

Ko‘proq yangiliklar: