Top-uikend: «Barselona» chempionlikdan «voz kechdi», Suares Madridda qahramon, «Liverpul»ni darvozabonning goli qutqardi

Sport 19:59 / 17.05.2021 17294

La Liga. «Barselona» «chempion bo‘lishni xohlamadi», Suares «Atletiko» qahramoni

Bir necha tur avval La Liga g‘olibligi uchun asosiy nomzod «Barselona» bo‘lib turgandi. «Granada»ni mag‘lub etsa, Kuman jamoasi yaqqol yetakchiga aylanib olardi. Biroq mavsumdagi eng muhim o‘yinda Messi va jamoasi mag‘lub bo‘ldi. Messi esa baribir gol urdi. Keyin esa «Atletiko»ni yenga olmagan «Barselona» chempionlikdan yanada uzoqlashdi. «Levante» bilan durang o‘ynagach, «Barselona» amalda chempionlik bilan xayrlashdi, lekin baribir nazariy imkoniyat saqlanib qolgandi. 37-turda «Selta»ga yengilgan kataloniyaliklar rasman chempionlik bilan xayrlashdi. Yetakchisi Yago Aspas eng yaxshi davrini o‘tkazgan va aytarli tezligi qolmagan holatda ham «Barselona»ni tor-mor eta oldi. Mavsum davomida jamoa qahramoniga aylangan Ter Stegen ikkita golda ham g‘alati harakat qilib, «Barselona»ni qutqara olmadi.

Oxirgi natijalar go‘yoki «Barselona» chempion bo‘lishni xohlamayotgandek taassurot uyg‘otadi. Mavsum yakunida chempionlik uchun imkoniyatlar yaxshilangan, klub mag‘lubiyatsiz, g‘alabali seriyalar qayd eta boshlagan vaqtda ko‘pchilik Kumanni maqtay boshladi. Biroq oxirgi mag‘lubiyatlar yana Kumanning iste'fosi haqida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Barselona» muxlislari bu mavsumda bir narsadan xursand bo‘lishlari mumkin. Messi shunday krizis holatida ham yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatmoqda. Albadan boshqa aytarli to‘p yetkazib beruvchisi bo‘lmagan «Barselona» safida 30 ta gol urish bu tahsinga sazovor natija. Yetmaganiga «Barselona»ning eng yaxshi assistenti ham Messi – 9 ta assist. Shartnomasiga ko‘ra, oxirgi mavsumida 34 yoshli Messi uchun La Ligada gol+assist bo‘yicha 39 ochko bu – top natija. Messi shu o‘yinda ham rekord qo‘yishga ulgurdi. Argentinalik super yulduz La Ligadagi 300-o‘yinida gol urdi. Ya'ni Messi La Ligadagi xuddi shuncha o‘yinda kamida bitta gol urgan. Bu borada Leo allaqachon yaqqol rekordchiga aylangandi, lekin u birato‘la hisobni to‘g‘rilab qo‘ya qoldi. Taqqoslash uchun Raul 186 ta o‘yinda gol urgan.

«Barselona» shunday holatga kelib qoldiki, Kuman 38-turdan oldin iste'foga chiqarilishi ham mumkin. Mavsum yakunida ketish bilan oxirgi o‘yin oldidan ketishning farqi katta. Mavsum yakunida iste'foga chiqish murabbiyga shunchaki «Eplay olmading», deyish bo‘ladi. 38-turdan avval ketkazish esa murabbiyga jamoani parokanda qilganini aytish bo‘ladi.

Kumanning «Barselona»si «Granada», «Levante» va «Selta»ni yuta olmayotgan vaqtda u haydab yuborgan Suares qahramonga aylanmoqda. Luis «Osasuna»ga qarshi o‘yinda super kambek qayd etgan «Atletiko» safida g‘alaba golini urdi. Bu Suaresning mavsumdagi 20-goli bo‘ldi. Eng dahshatlisi Suares urgan gollarining 10 tasi g‘alaba goli bo‘lgan. Bu mavsumning bir qismini o‘tkazib yuborgan va Kumanga kerak bo‘lmagan hujumchi uchun super natija.

Suares mavsum davomida 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi 3 ta golga assistentlik qildi. Taqqoslash uchun u «Barselona»dagi oxirgi mavsumida 16 ta gol urib, 8 ta golga assistentlik qilgan. U Kataloniya klubi safida YeChLda ham 5 ta gol urgandi. Agar Suares va gollari bo‘lmaganida, «Atletiko» katta ehtimol bilan yetakchilik qilolmasdi. Hozir «Barselona»ga aynan Suaresning xarizmasi yetishmayapti. «Atletiko» esa Simeonening xarizmasiga Suaresning xarizmasi qo‘shilishi hisobiga super chempionlikka yaqin turibdi.

Endilikda «Real»ning chempion bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmayapti, chunki oxirgi turda Zidan jamoasi «Vilyarreal»ga qarshi o‘ynaydi, «Atletiko» esa «Valyadolid» mehmoni bo‘ladi. Faqat bitta umid qiladigan jihat bor: «Atletiko» oxirgi turda sobiq «Real»chi Ronaldoga tegishli «Valyadolid» bilan kurashadi. So‘yloq jamoasiga «Real»ga yordam berish kerakligini yaxshigina tushuntirsa kerak. Bundan tashqari «Valyadolid» La Ligada qolishga harakat qiladi. Oxirgi turda jamoa g‘alaba qozonsa, ligada qolishi mumkin. Agar «Elche» o‘z maydonida «Atletiko»ga yutqazsa. Shunday ekani «Atletiko»ga ham oson bo‘lmaydi oxirgi turda. Eng dahshatlisi, hali La Ligani tark etadigan birorta jamoa nomi aniq emas.

APL. «Liverpul»ni Alisson qutqardi, Torres het-trik qildi

Angliyada intriga faqat yevrokuboklarga beriladigan o‘rinlar uchun kechmoqda. O‘tgan mavsumdagi chempion «Liverpul» 36-turda ligani tark etib bo‘lgan «Vest Bromvich»ni katta qiyinchilik bilan yengdi. G‘alaba golini kim urganini o‘yinni ko‘rmaganlar 10 ta urinishda ham topa olmasa kerak. Ha, jamoa darvozaboni Alisson Bekker 90+5-daqiqada bosh bilan gol urdi. Gol ham oddiy gol emas, hujumchilar havas qiladigan gol bo‘ldi.

Bu g‘alaba hisobiga «Liverpul» YeChLga yo‘llanma olish uchun imkoniyatini yaxshiladi. Hozir Klopp jamoasida 63 ochko bor, «Chelsi»da esa 64 ochko. Tuhel jamoasi YeChL finalida o‘ynashini inobatga olsak, chempionatda «Liverpul»ning imkoniyati yaxshiroqdek. Buning ustiga «Chelsi»ning keyingi turda «Lester»ga qarshi o‘yini bor. «Liverpul» esa «Kristal Pelas» va «Byornli»ga qarshi o‘ynaydi.

36-turning yana bir diqqatga sazovor voqeasi «Manchester Siti» hujumchisi Ferran Torresning het-trik qayd etishi bo‘ldi. Yaqin-yaqingacha APLda ispaniyalik boshqa bir Torres – Fernando het-trik qayd etardi. Mavsum yakunida het-trik qayd etgan Ferran esa, avvalo, YeChL finalida, bundan tashqari, keyingi mavsumda hujumning asosiy vakili bo‘lishga munosib ekanini isbotladi.

36-turda «Vest Hem» kutilmaganda ligada zo‘rg‘a jon saqlab qolgan «Brayton»ni yenga olmadi. Bu esa Rayan Meyson boshchiligida mavsumni yakunlab qo‘yayotgan «Tottenhem» uchun ayni muddao bo‘ldi. «Vulverhempton»ni yenggan «shporlar»da yana YeChLga yo‘llanma olish imkoni paydo bo‘ldi. Albatta, YeChLga chiqish imkoniyati faqat nazariy, lekin jamoa yana ikkita o‘yinda g‘alaba qozonsa, kamida Yevropa Ligasi yo‘llanmasini naqd qiladi.

A Seriya. Shomurodovda dubl, «Yuventus»da mini revansh

Italiya A Seriyasida 37-turning markaziy o‘yini Milanda o‘tkazildi. Chempionlikni naqd qilgan «Inter» o‘z maydonida «Yuventus»ga imkoniyatni boy berdi. YeChLdan quruq qolishga juda yaqin bo‘lgan «Yuventus» Kuadradoning dubli va Ronalduning goli evaziga g‘alaba qozonib, qaysidir ma'noda mini revansh qayd etdi. Hozir A Seriyada holat shundayki: «Yuventus», «Napoli» yoki «Milan» YeChLdan quruq qolishi mumkin. Barchasi oxirgi turda aniq bo‘ladi, dahshat, to‘g‘rimi?

37-turdagi g‘alabadan keyin «Yuventus» to‘rtlikka kirishi ham mumkin edi. Biroq «Napoli» «Fiorentina»ni yengib, yana turinliklarning umidlarini chippakka chiqardi. Oxirgi tur oldidan «Yuventus»da milanliklarga qaraganda imkoniyat yaxshiroq. Chunki Ronaldu va jamoasi «Bolonya» mehmoni bo‘ladi. «Milan» esa mehmonda «Atalanta»ga qarshi o‘ynaydi. «Verona» nimadir qilsa, «Napoli» ham YeChLsiz qolishi mumkin.

37-turda o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun A Seriya qahramoni Eldor Shomurodov bo‘ldi. U «Atalanta»ga qarshi o‘yinda ikkita gol urdi. Eldor zaxiradan maydonga tushib, mavsumdagi ilk dublini qayd etdi. Shu tariqa uning mavsumdagi gollari soni 7 taga yetdi. Shomurodov Destro (11 ta gol) va Skamakkadan (8 ta gol) keyin «Jyenoa»ning A Seriyadagi eng yaxshi uchinchi to‘purari bo‘lib turibdi. U «Kalyari»ga qarshi o‘yinda o‘z natijalarini yaxshilab olishi mumkin.

Qizig‘i, Shomurdovning oxirgi uchta goli chap qanotdan ochilishi natijasida urildi. Futbolchining o‘zi buni kamtarlik bilan murabbiyning ko‘rsatmasi deb izohladi. Chindan futbolchi Ballardini qo‘l ostida avvaliga zaxirada qolgan bo‘lsa-da, keyinchalik boshqacha o‘ynay boshladi. Endi «Jyenoa» vakillari Eldorni olib qolish haqida o‘ylay boshlagandir. Chunki ilk mavsumdayoq 7 ta gol urgan (ba'zan yo‘q joylardan) markaziy osiyolik hujumchini boshqa jamoalar o‘z safida ko‘rishni istasa kerak. Balki Shomurodov A Seriyadagi ilk dublini bo‘lajak jamoasi darvozasiga urgandir. O‘yindan keyin «Atalanta»ning ukrainalik va rossiyalik futbolchilari Eldor bilan quyuq salom-alik qilishdi. Ular balki o‘zbekistonlik hujumchiga birga o‘ynashni taklif qilgandir ham.

Fransiya chempionati. «PSJ» eng qadrli chempionlikni qo‘lga kiritishi mumkin

Fransiya chempionati bu yil shunchalik qiziqarli o‘tmoqdaki, «PSJ» chempion bo‘lolmasligi juda yaqin. O‘tgan turda Pochettino jamoasi «Reyms»ni 4:0 hisobida yengdi. Ularning baxtiga Burak Yilmaz va sheriklari («Lill») «Sent Eten»ni yenga olmadi. Endi Fransiya chempionatida oxirgi turdan avval dahshatli intriga kuzatilmoqda. Ayni damda «Lill»da 80 ochko bor, «PSJ»da esa 79. Oxirgi turda Burak jamoadoshlari «Anjye» mehmoni bo‘ladi. «PSJ» esa mehmonda «Brest» bilan o‘ynaydi.

Agar oxirgi turda «PSJ» g‘alaba qozonib, «Lill» ochko yo‘qotsa, parijliklar o‘z tarixidagi eng qadrli chempionlikni qo‘lga kiritishi mumkin. Ayniqsa qatarlik boylar davrida. Pochettinoning YeChL yarimfinaligacha go‘yoki muvaffaqiyatli kechgan ilk mavsumi Fransiya chempionati g‘olibligisiz tugasa, «Tottenhem»da nuqul sovrin yutolmagan murabbiyi haqida qanaqa memlar tarqalishini tasavvur qilavering.

Bundesliga. Qirchillama Levandovski

Bundesligada intriga qolmagan. «Bavariya» doimgidek chempionlikni ancha oldin qo‘lga kiritgandi. Yagona intriga Levandovskining gol urishi edi. Polshalik super yulduz 32-turda «Frayburg»ga qarshi o‘yinda gol urdi. Bu uning mavsumdagi 40-goli edi. Shu tariqa Levandovski 1971/72 yilgi mavsumda afsonaviy Gerd Myullerning rekordini yangiladi. Germaniyalik Myuller Bundesligada bir mavsumda ko‘p gol urish bo‘yicha uch marta o‘z rekordini yangilagan. Endi esa Levandovski oxirgi turda «Augsburg»ga gol ursa, Bundesliganing mutlaq rekordchisiga aylanadi.

Ko‘proq yangiliklar: