Superligada mavsumning eng yosh va qiziqqon murabbiyi iste'foga chiqdi

Sport 10:45 / 14.05.2021 39220

Superliganing 8-turida «Qizilqum»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng (0:1), «Turon» klubi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimini tark etdi.

«Klub rahbariyati ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda bosh murabbiy Islombek Ismoilov o‘z arizasiga ko‘ra iste'foga chiqarildi.

Jamoani vaqtincha polshalik mutaxassis Boguslav Baniak boshqarib turadigan bo‘ldi. Superliganing 9-turida «Surxon» jamoasi bilan o‘tkaziladigan bahsga jamoani Boguslav Baniak tayyorlaydi.

Klub Ismoilovga jamoa yutuq va g‘alabalarida qo‘shgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirgan holda yosh mutaxassisning kelgusidagi faoliyatiga ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilaydi», deyiladi «Turon» matbuot xizmati xabarida.

«Turon» Superligada 8-turdan keyin biror marta g‘alaba qozona olmadi, jamoa 3 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etgan holda so‘nggi pog‘onani egallab turibdi.

«Turon» Superliganing 2-turi doirasida «So‘g‘diyona»ga nohaq belgilangan penalti evaziga mag‘lub bo‘lgach, Islombek Ismoilov uchrashuvdan keyin o‘z fikrlarini keskin ohangda bildirgandi va buning (so‘kingan holda etika normalarini buzganligi) uchun 2ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

Superliganing 5-turida «OKMK»ga qarshi o‘yindan (0:1) so‘ng hakamlikdan noroziligini yashirmagandi.

«Hakamlar shaxsga nisbatan adovat nuqtai nazaridan jamoamiz o‘yinida xato qilayotgan bo‘lishsa, u holda klubdan ketishga tayyorman. Jamoamiz hakamlarning bunday munosabati, qilayotgan qo‘pol xatolariga loyiq emas. Bunday xatti-harakatlar menga nisbatan qaratilgan bo‘lsa, jamoadan ketishga tayyorman», degandi murabbiy.

U Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ham fikr bildirib, sabrning chegarasi borligi, voqealar rivoji shunday davom etsa, butun umrga futboldan ketishi, lekin ko‘pchilikni o‘zi bilan birga olib ketishini aytib o‘tgandi.

«OKMK»ga qarshi o‘yinda Ismoilovni norozi qilgan holat uchrashuvning 35-daqiqasida ro‘y bergan, o‘sha vaziyatda «Turon» a'zolari Dayan Ponevichning zarbasi chiziqni kesib o‘tdi degan fikrni ilgari surgan, biroq hakamlar to‘p darvozaga kirmaganini ko‘rsatgandi.

Kadr: «Sport-TV»

Ma'lumot uchun, bu Superliganing joriy mavsumida ro‘y bergan to‘rtinchi iste'fo bo‘ldi. Mavsum startidayoq «Navbahor» No‘mon Hasanovni ishdan bo‘shatgandi, keyinroq «Metallurg» Andrey Shipilov, «Andijon» esa Otabek G‘ulomxo‘jayev bilan xayrlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: