«Manchester Siti» muddatidan oldin Angliya chempioniga aylandi

Sport 00:02 / 12.05.2021 12900

APLning 36-turida «Manchester Yunayted» «Lester»ga yutqazgach (1:2), Pepa Gvardiola jamoasi muddatidan oldin chempionlikni nishonlaydigan bo‘ldi.

«Shaharliklar»ning raqobatchisi mavsum yakuniga uch tur qolganida chempionlik uchun matematik imkoniyatlarini ham yo‘qotdi.

Ayni vaqtda «Man Siti»da 80 ochko bor, «Yunayted» – 70 ochko bilan qoldi, uchinchi o‘rindagi «Chelsi» 64 ochko jamg‘argan.

Manchesterliklar klubi to‘rt yil ichida uchinchi marta APLning bosh sovrinini qo‘lga kiritmoqda. O‘tgan mavsumda chempionlik «Liverpul»ga nasib qilgandi.

«Siti» uchun bu o‘z tarixidagi yettinchi chempionlikdir. Avvalgi olti chempionlik 1936/37, 1967/68, 2011/12, 2013/14, 2017/18, 2018/19 yilgi mavsumlarda nishonlangan. Endi klub Angliyada chempion bo‘lish bo‘yicha «Chelsi»ni (6) ortda qoldirdi va «Aston Villa» bilan tenglashib oldi.

Faqat to‘rt klub Angliya chempionatida «Man Siti»dan ko‘proq g‘olib bo‘lgan. Bu «Everton» (9), «Arsenal» (13), «Liverpul» (19) va «Manchester Yunayted» (20).

Turnirdagi g‘alabalarning ko‘p qismi klub 2008 yilda shayx Mansur ibn Zayd al-Nayyan boshqaruvidagi Abu Dhabi United Group investitsiya guruhi tomonidan sotib olingach qo‘lga kiritilgan.

«Shaharliklar» bosh murabbiyi Pep Gvardiola uchun bu faoliyatidagi 31-sovrindir.

Ispaniyalik mutaxassis «Man Siti» bilan jami 10 sovrin qo‘lga kiritgan – 3 bor APL g‘olibligi, Angliya ligasi kubogida 4 g‘alaba, Angliya Kubogida 1 g‘alaba va Angliya Superkubogida 2 g‘alaba.

Ko‘proq yangiliklar: