Samarqand davlat tibbiyot institutida Xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 12:12 / 19.04.2021 3217

Pandemiya davridagi ma'lum cheklovlarni inobatga olgan holda olimpiada oflayn va onlayn tarzda o‘tkazildi. Unda 7 davlatdan jami 180 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Xalqaro tanlovning ochilish marosimida SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev, Yaponiyaning Tokay markaziy shifoxonasi direktori, professor Sakamoto Junichi, Saratov davlat tibbiyot universiteti, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektorlari va boshqa xorijiy va respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlarining rahbarlari tabrik so‘zlari bilan ishtirok etib, talabalarni qo‘llab-quvvatlashdi.

Olimpiada uch bosqichda o‘tkazilib, har bir ishtirokchi test topshiriqlari, oldindan belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha og‘zaki taqdimotlar qilish va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etish kabi mashg‘ulotlarni bajargan holda bellashishdi.

Ularni xolisona baholash maqsadida har bir bosqich uchun alohida oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan xorijiy va mahalliy mutaxassislardan iborat hay'at a'zolari mustaqil faoliyat olib borishdi.

Olimpiada dasturi doirasida “Eng yaxshi tadqiqot ishi” tanlovi ham o‘tkazilib, unda mamlakatimiz va xorijiy oliygohlar 6 nafar talabasining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari tinglanib, hay'at a'zolari tomonidan xolisona baholandi.

Olimpiadaning ikkinchi kunida barcha g‘oliblar va ularning ustozlari tashkilotchilar tomonidan maxsus diplomlar, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro talabalar olimpiadasi respublikamizda tibbiyot sohasi uchun yangi malakali kadrlarni kashf etish, bo‘lajak stomatolog-shifokorlarni zamon talabiga mos ravishda tayyorlab, ta'lim va amaliyot bog‘liqligini yanada mustahkamlash, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarining dunyo yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish ishlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: