OAV: Britaniya Kiyev bilan birdamlik ifodasi sifatida Qora dengizga kemalarini yuboradi

Jahon 12:37 / 19.04.2021 21326

«Prezident Bayden inqirozni chuqurlashtirishdan xavfsirab Qora dengizga Amerikaning ikki kemasini yuborish fikridan qaytishidan keyin britan kemalari Ukraina qirg‘oqlariga yuborilishi Kiyev va NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan birdamlikni namoyish etish ifodasidir», - deya yozadi gazeta.

Nashr suhbatdoshining ma'lumotiga ko‘ra, ikki kema - zenit raketalari bilan qurollangan 45 tipidagi esminets va suvosti kemalariga qarshi kurashga ixtisoslashgan 23 tipidagi fregat - O‘rta Yer dengizidagi qirollik harbiy-dengiz flotining aviatashuvchilar guruhidan ajralib chiqadi va Bosfor orqali Qora dengizga o‘tish uchun yo‘l oladi.

Guruhdagi yetakchi kema - HMS Queen Elizabeth aviatashuvchisi Bosfor bo‘g‘ozidan o‘ta olmaydi, ammo vaziyatdan kelib chiqqan holda yordam ko‘rsatishga tayyor turadi. Uning bortida F-35 rusumli qiruvchi-bombardimonchilar va Merlin vertolyotlari joy olgan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi vakili gazetaga bergan intervyusida britan hukumati Ukraina bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani va Rossiyani keskinlikni yumshatishga chaqirishda davom etayotganini aytib o‘tgan.

AQSh Qora dengizga kirmagandi
Payshanba kuni AQSh Ukraina va Rossiya ziddiyati keskinlashmasligi uchun o‘z esminetslarini Qora dengizga yuborish rejasidan voz kechgani ma'lum bo‘lgandi. Bu haqda Politico nashri o‘z manbasiga asoslangan holda xabar bergandi. Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Pentagon «keraksiz eskalatsiyadan qochish» uchun kemalarni Qora dengizga olib kirish qarorini qaytarib olgan.

Shu bilan birga, Politico nashrining boshqa bir manbasi amerikaliklarning kemalarini Qora dengizga yuborish Rossiya hukumatiga signal yuborish bo‘lmagani, AQSh harbiy-dengiz kuchlari har yili 7-8 marta shunday qayta joylashtirishlarni amalga oshirib turishini qayd etib o‘tgan. Bu yurish bir necha sabablar bilan, shu jumladan, «Moskva buni provokatsiya sifatida qabul qilmasligi uchun» bekor qilingan.

Turkiya hukumati Amerika tomoni ularni o‘z kemalari Bosfor orqali Qora dengizga o‘tishi bekor bo‘lganidan xabardor qilganini ma'lum qilgan. Reuters diplomatik manbasiga asoslangan holda Turkiya AQShni noto‘g‘ri tushungan bo‘lishi mumkinligi, chunki kemalarni yuborish rejasi bo‘lmagani haqida yozdi.

Agentlik manbasining izohlashicha, Vashington tez-tez Bosfor orqali suzishga ruxsat so‘rab turadi, ammo bunday so‘rovlar missiya chindan ham amalga oshirilishini anglatmaydi.

O‘z navbatida, RIA Novosti Turkiya tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, amerikaliklarning esminetslari Qora dengizga 14-15 aprel kunlari kirishi kerak bo‘lgani va bu yerda 4-5 mayga qadar qolishi rejalashtirilgani haqida xabar tarqatdi. Oq uydagilar bu ma'lumotni tasdiqlamadi ham, rad etmadi ham. Pentagon vakili Jon Kirbi AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemalarini Qora dengizga yuborish - doimiy amaliyot ekanini qayd etib o‘tdi.

«Britaniya flotining missiyasi Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashishidan oldin rejalashtirilgandi va AQShning qarori aviatashuvchilar guruhining 2021 yilgi rejalariga ta'sir qilmaydi», deya Britaniya harbiy-dengiz kuchlaridagi manbasiga asoslangan holda yozgan Sunday Times.

Aprel oyi boshidan AQSh va Yevropa mamlakatlari rossiyalik harbiylar Ukraina bilan chegaralar yaqiniga joylashtirilayotganidan xavotirlarini bildira boshlashdi. Kiyevdagilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ukrain chegaralari bo‘ylab 110 ming nafar rossiyalik harbiy joylashtirilgan.

13 aprel kuni AQSh va Rossiya prezidentlarining telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Oq uy Bayden va Vladimir Putin strategik barqarorlik va mintaqaviy masalalarni muhokama qilgani haqida ma'lum qildi. Xususan, Bayden rossiyalik harbiylar Ukraina chegaralari tomon surilganidan xavotirini bildirgan va Moskvani Kiyev bilan munosabatlardagi keskinlikni yumshatishga chaqirgan.

Bayden yaqin oylar ichida uchinchi mamlakat hududida Putin bilan uchrashuv o‘tkazish taklifini bergan. Oq uydagilar sammit o‘tkazish taklifi Rossiyaga qarshi qo‘llanishi rejalashtirilgan sanksiyalarga ta'sir qilmasligini ta'kidlagan. Rossiyaga qarshi joriy etiladigan sanksiyalar haqida payshanba kuni e'lon qilingandi.

Oq uyning baholariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududidagi harbiylari soni 2014 yildan buyon eng yuqori darajaga chiqqan. Kreml Rossiya o‘z hududida o‘z qo‘shinlarini harakatga keltirayotganini va «bu hech kimni bezovta qilmasligi kerakligi, qo‘shin hech kimga tahdid solmasligi»ni ma'lum qildi.

Hozirda Qora dengizga Bosfor orqali Rossiyaning boshqa dengizlardagi kemalari ham olib o‘tilmoqda. «Interfaks» bo‘g‘ozdagi suratlarni e'lon qilgan Istanbuldagi saytlarga asoslanib xabar berishicha, Rossiya Shimoliy flotining ikkita katta desant kemasi shu kunlarda Qora dengizga kirgan. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Boltiq floti tarkibiga kiruvchi yana ikkita katta kema Sevastopol yo‘nalishida harakatlanmoqda. Kaspiy flotiliyasidagi 15 kema ham o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Qora dengiz tomon yo‘l olgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarining umumiy chegara bo‘ylab joylashuvi tufayli yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish uchun Putin ishtirokida to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma'lum qildi. Parijda tashrif bilan bo‘lib turgan Zelenskiy tinchlik muzokaralari ilojsiz narsa emasligini qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: