Navalniy umumiy koloniyadan mahkumlar uchun mo‘ljallangan kasalxonaga ko‘chiriladi

Jahon 15:26 / 19.04.2021 4519

Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tayotgan siyosiy oppozitsiyachi Aleksey Navalniy koloniyadan mahkumlar uchun kasalxonaga ko‘chiriladi, deb xabar qildi Federal Jazoni ijro etish xizmati (FSIN).

«Hozirda Navalniyning sog‘lig‘i qoniqarli va u har kuni umumiy amaliyot shifokori ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Bemorning roziligi bilan unga vitaminli terapiya buyurildi», - deyilgan Federal jazoni ijro etish xizmati axborotida.

Navalniy yuboriladigan kasalxona Vladimir viloyatidagi IK-3 hududida joylashganligi aytilmoqda.

Avvalroq, siyosatchining Tvitterdagi sahifasida ochlik e'lon qilganligi haqida post joylangan edi.

Shundan keyin, siyosatchining ahvoli yomonlasha boshlagani ma'lum qilingandi. Uni davolayotgan shifokor Anastasiya Vasileva muxolifatchining qon tahlillaridan kelib chiqib, siyosatchida buyrak yetishmovchiligi kuchaygani va yuragi to‘xtab qolish ehtimoli borligini aytib o‘tgan.

Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Navalniy fevral oyida Iv Roshe ishi bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilingandi. Avgust oyida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan siyosatchi davolanishni Germaniyada davom ettirgan va Rossiyaga qaytgan kunidayoq qo‘lga olingan. 31 mart kuni siyosatchi oldiga shifokorni kiritishmagani uchun ochlik e'lon qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: