Farg‘onada ayolni haqoratlab, unga shikast yetkazgan Milliy gvardiya xodimi intizomiy jazoga tortildi

O‘zbekiston 08:47 / 19.04.2021 2979

Ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik ayolning Milliy gvardiya xodimi tayoq bilan urgani haqidagi videolavhasi tarqalgan edi. Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida ko‘rib chiqildi.

14 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida D.U. va N.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasining 2-qismi (qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish) bilan yuritilgan ma'muriy ish hujjatlari ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sudda taraflarning ko‘rsatmalari tinglandi. Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro D.U. 2020 yil 22 iyun kuni soat 20:00larda Toshloq tumani «Qanjirg‘a» mahalla fuqarolar yig‘inida D.M.ning qonuniy turmush o‘rtog‘i N.M. bilan o‘zaro gap talashib qoladi. Buning sabablari bor edi. Ular bir-birlarini uyatli so‘zlar bilan so‘kib haqorat qiladi, janjallashib bir-birining tanasiga tan jarohati yetkazadi.

Ikki ayol o‘zaro yoqalashib turganida D.M.ning akasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi A.M. D.U. ni ajratib olish paytida unga yengil tan jarohati yetkazadi.

Tayinlangan sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida N.M. o‘ng yelkasining oldingi yuzasi yuqori qismidagi qontalash, chap tirsak bo‘g‘imi ustki yuzasidagi, chap va o‘ng tizza bo‘g‘imlari ustki yuzalaridagi shilinmalar aniqlanib, bu tan jarohatlari 6 kundan ko‘p davom etmaydigan yengil shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan. D.U. da ham yengil shikastlar bo‘lgan hamda ekspertiza xulosasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Milliy Gvardiya «Dinamo» jismoniy tarbiya-sport jamiyatining 2020 yil 5 oktyabrdagi buyrug‘i bilan harbiy xizmatchi A.M. D.U. ni haqorat qilib, unga qasddan yengil tan jarohati yetkazgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 16-moddasi tartibida «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Sud D.U. ning suddagi, N.M. D.M. va A.M.ning surishtiruvdagi ko‘rsatmalarini eshitib, yakuniy xulosaga kelgan. Qaror bilan D.U. va N.M.ga nisbatan yuqoridagi moddalar bilan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan jarima jazolari tayinlangan.

Huquqbuzarlarga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari tartibida apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqlari borligi tushuntirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: