Surishtiruv: Shovotlik 19 yoshli kelin osilgan holda topilguniga qadar qanday voqealar sodir bo‘lgandi?

Jamiyat 14:06 / 19.04.2021 149020

Xorazm viloyati, Shovot tumanida tug‘ilgan, 19 yoshli Qadamboyeva Muxlisa Zafar qizi 1 aprel kuni kelin bo‘lib tushgan uyida osilgan holda topildi.

Xorazm viloyati prokuraturasi xabariga ko‘ra, Muxlisa Qadamboyeva 1 aprel kuni ertalab kelinlik uyining molxonasidagi yog‘och to‘singa osig‘liq holda topilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, uning o‘limiga mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Marhum ayol 2020 yil oktabr oyida Murodjon Yangiboyev bilan turmush qurib, tumandagi Katqal'a mahallasida istiqomat qilib kelgan. Hozirda Shovot tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Muxlisa Qadamboyevaning o‘limi ijtimoiy tarmoqlarda kuchli aks-sado berdi. Bu haqda bir necha xabarlar va bayonotlar tarqaldi. Vaziyatga imkon qadar oydinlik kiritish maqsadida, Kun.uz muxbiri uning oila-a'zolari bilan uchrashib, fikr-mulohazalarini eshitdi. Ammo quda taraf surishtiruv yakunlangunga qadar, izoh berishdan tiyilishini ma'qul ko‘rdi.

Muxlisa Qadamboyevaning otasi Zafar Pirov voqea yuz bergan paytda Qozog‘istonda bo‘lgan. Qizining o‘limidan xabar topgach, zudlik bilan qaytib kelgan. U voqealarga quyidagicha izoh berdi.

«29 mart kuni Qozog‘istonga jo‘nab ketish uchun Toshkent shahriga yo‘l oldim. O‘sha kuni qizim ammasining tug‘ilgan kuniga borish uchun uyidagilardan ruxsat so‘ragan, ammo ruxsat bermay ishga ketishgan. Keyin qizim uydagilarini kutib o‘tiradi va hech kim kelmagach, eshikni qulflab, kalitni oynaning oldiga qo‘yib, ro‘paradagi ayol qo‘shnisidan yo‘lkira uchun 5 ming so‘m qarz olib, uyga keladi. Keyin buvisi bilan ammasining tug‘ilgan kuniga borishadi.

O‘sha kuni dadam (Zafar Pirovning otasi – tahr.) menga qo‘ng‘iroq qilib, «qizing uyga keldi, uyida ozgina kelishmovchilik yuzaga kelibdi», dedi.

Keyin qizim bilan gaplashdim. Suhbat jarayonida u bo‘lgan voqeani menga aytib berdi. Unga «uyda janjal yuz bergan bo‘lsa, biznikida qolaver», dedim. Qizim «ota, siz ketgandan keyin oilam o‘zgardi, oldinam 1-2 marta uyda janjal bo‘ldi. Sizni xavotir olmasin deb aytmagan edim. Mayli, onamnikida qolaman va ertaga uyga ketaman», dedi.

Keyin buvisi bilan tug‘ilgan kunga borib kelishadi. Oradan yarim soat o‘tgach, uyga «Damas» mashinasi keladi. Undan qizimning qaynukasi tushib keladi va «sizni olib ketgani do‘stim bilan keldim, tez chiqing, hammasi joyida bo‘ladi, urush bo‘lmaydi», degan.

O‘sha payt xotinim ichkarida bo‘lgan va shovqin ovozini eshitib, eshik oldiga borsa, qizim «Damas»ga chiqayotgan bo‘ladi. Uning eshigi ochilishi bilan «Damas» orqasida o‘tirgan odam uni qo‘llari bilan tortib oladi. Xotinimning qichqirishiga qaramay, mashina tezlik bilan mahalladan chiqib ketadi.

31 mart kuni ertalab onam va xotinim qizimni ko‘rish uchun borishadi. U ko‘chada o‘tirgan bo‘ladi va «qaynonam eshikni qulflab, bozorga ketdi, uyga kirolmayapman» deydi. Shunda xotinim qizimning yuzi o‘ng tarafi ko‘karganini ko‘rgan. U «Damas»ga minib ketgan paytim ichida Murodjon (kuyov) ham bor edi. Yo‘lda mushti bilan zarba berib bordi. O‘ng tarafim boshimdan oyog‘imgacha og‘riyapti. Chidolmayapman, uyga olib ketinglar» degan.

O‘sha payt qaynonasi bozordan qaytib kelgan. Keyin xotinim bunday ahvolga chidamasligini va qizni uyga olib ketishini aytgan. Shunda qaynotasi ham qaytib kelib, «agar qizingizni olib ketsangiz, qaytarib olib kelmayman va 20 kun ichida o‘g‘limni boshqasiga uylantiraman» degan. Shunda qizim yig‘lab, ichkariga kirib ketgan.

1 aprel kuni ertalab qo‘shnilar telefon qilib, «qizing osilib o‘libdi», degan xabarni aytishdi. Tezda samolyotga chipta olib, uyga qaytib keldim.

Qizim hech qanday ruhiy xasta yoki boshqacha kasal bo‘lmagan. Bizning avlodimizda bunday odam o‘tmagan. Qizim maktabda ham a'lo baholarga o‘qigan», deydi Zafar Pirov.

Muxlisa kelin bo‘lib tushgan Yangiboyevlar oilasining advokati Quvondiq Sadullayev hozirgi vaqtda voqeaga batafsil izoh berish maqsadga muvofiq emasligini aytdi.

«Ayni paytda voqea yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilyapti. Uning xulosalari esa hali tayyor bo‘lmadi. Shu sababli, voqeaga batafsil izoh berish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblayman.

Shuni alohida ta'kidlaymanki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli bayonotlar, ma'lumotlarning hammasi ham to‘g‘ri emas. Ular ichida uydirma gaplar ham bor. Albatta bunday bayonotlar Yangiboyevlar oilasiga nisbatan katta bosim keltirib chiqarmoqda. Takror aytaman, barcha xulosalar tayyor bo‘lmaguncha, Yangiboyevlar oilasi har qanday izoh berishdan tiyilishini so‘rayman. Barcha hujjatlarni, yakuniy xulosalarni olganimdan so‘ng, batafsil bayonot beramiz», dedi advokat.

Muxlisa Qadamboyeva yashagan Katqal'a mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Otaboy Nurmetov yuz bergan voqea barchani taajjubga solganini aytdi.

«Yangiboyevlar oilasidagi erkaklar ustachilik qilib, ro‘zg‘or tebratishadi. Hammasi mehnatkash yigitlar, kuni bo‘yi ishda bo‘lishadi. Bu oila nochor yoki notinch emas. Shu paytgacha bu oilada biror kelishmovchilik yoki janjal chiqqanini eshitmaganmiz. Bo‘lgan voqeadan juda ham taajjubdamiz», - dedi Otaboy Nurmetov.

Hozirgi vaqtda har ikkala oila aza ochib, Muxlisaning ma'rakasini o‘tkazmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: