Xitoy YaIM birinchi chorakda rekord darajada o‘sdi

Iqtisodiyot 00:05 / 18.04.2021 11205

Xitoy iqtisodiyoti birinchi chorakda koronavirus pandemiyasi boshlanishi natijasida tanazzulga uchragan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,3 foizga oshdi. Ushbu natija 90-yillarning boshlarida, choraklik YaIM statistikasi nashr etila boshlangandan beri eng yuqori choraklik o‘sish ko‘rsatkichi hisoblandi.

E'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, sanoat sohasidagi o‘sish va SOVID-19 infeksiyasining past darajasi sabab 2020 yilning oxirlarida mamlakat iqtisodiyoti inqirozgacha bo‘lgan davrdan oshib ketgan.

«Esda tutish kerakki, SOVID-19 epidemiyasi hali ham dunyo bo‘ylab tarqalmoqda va xalqaro vaziyat qiyin bo‘lib, yuqori darajadagi noaniqlik va beqarorlik saqlanib qolmoqda. Ammo amaldagi tiklanish tendensiyasi yil davomida davom etishiga aminmiz», dedi Xitoy Milliy statistika byurosi vakili Lyu Ayxua.

Birinchi chorakda YaIM o‘sishidagi asosiy ulushni sanoat ishlab chiqarishi egallab, uning ulushi YaIM oshishida 24,5 foizni tashkil etgan. Sanoat o‘sishiga eksportning tiklanishi ham sabab bo‘lgan.

Shuningdek, mart oyida chakana savdo 34,2 foizga o‘sgan.

Ushbu ko‘rsatkichlarni birinchi navbatda Xitoy mahsulotlariga, shu jumladan, elektronika va mebellarga bo‘lgan global talab ta'minlagan. Bundan tashqari, keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari va ko‘chmas mulkka investitsiyalar iqtisodiy faollikning o‘sishiga yordam bergan.

Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, Xitoy eksportiga bo‘lgan talab 2021 yil oxiriga qadar pasayib ketishi ham mumkin.

Avvalroq, 2020 yilgi pandemiya cheklovlariga qaramay, Xitoy o‘tgan yil davomida iqtisodiy o‘sishga erishgan yagona yirik iqtisodiyot bo‘lgani ma'lum qilingandi. Brukings instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, taxmin qilinganidan ikki yil oldin, ya'ni 2028 yilga kelib, Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: