Tog‘lar orasidagi G‘yelon - yozgacha qor yog‘adigan, xususiy GESlari bor qishloq

O‘zbekiston 10:03 / 17.04.2021 37047

Navro‘z bayramida berilgan ta'tildan foydalanib, Qashqadaryoning ajib qishloqlaridan biri – G‘yelonga borishga qaror qildik. Esingizda bo‘lsa, O‘zbekistonning eng baland nuqtasi hisoblanuvchi Hazrati Sulton cho‘qqisiga sayohat davomida bu qishloqqa ham to‘xtalib o‘tgandik. Bu gal tog‘lar orasidagi ajoyib qishloq haqida alohida ko‘rsatuv qilishga qaror qildik, chunki u yerning tabiati haqida uzoq gapirish mumkin.

Safarimiz Shahrisabzdan boshlandi. G‘yelonlik haydovchi hamrohimiz bizni aynan Shahrisabzda kutib oldi. Manzilimiz shahardan 3 soatlik yo‘lda joylashgandi. Hisorak suv omboriga ko‘tarilib, tog‘lar orasiga kira boshlar ekanmiz, tashqi dunyodan uzilib, tabiat bilan yolg‘iz qoldik: aloqa yo‘qoldi, telefonlar faqat kamera vazifasini bajara boshladi. Albatta, bunday go‘zallikni hech narsaga chalg‘imay tomosha qilish yoqimli, lekin ko‘rganlarimizni sizga ham ilinmasak, to‘g‘ri bo‘lmasdi.

Darvoqe, suv omborida suv hali ancha kam va uni to‘ldiradigan daryo o‘zani yozdagidan ancha pasaygandi. Chunki hozir suv omboriga faqat yomg‘ir va sellarning suvi borib quyilmoqda. Yozda qorlar eriy boshlagach, suv ko‘payib, zilollashadi va Hisorak ko‘m-ko‘k tusga kiradi. Daryo hali to‘lmagani bahonasida uning ichiga kirib, o‘zanning salobatini his qildik. Undagi toshlar shunchalik chiroyliki, shaharda qurilish qiluvchilar ularni olib keta olmasligidan xursand bo‘ldik. Axir buncha masofadan tosh olib ketish ularga ham qimmatga tushadi.

Suv omboridan tog‘lar orasiga kirib borar ekanmiz, qishloqlar asta-sekin ko‘zdan uzoqlasha boshladi. Uylar tugagan joyda hayot ham tugadi, qolganiga odamlar yashamaydi, tog‘lar faqat jonivorlarga qolgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi bilmaganlar. Lekin Qashqadaryoning azim tog‘lari bag‘rida biz ko‘zlab borayotlan ajoyib qishloqlar bor. Borgan kunimiz rosa yomg‘ir yog‘di, yo‘lda yurish ham shunga yarasha qiyin bo‘ldi. Tog‘ga chiqqan sari tuman ko‘payib, kamera ham atrofni yaxshi suratga tushira olmadi.

Shu o‘rinda tog‘ orasida kim bunaqa yo‘l qurgan ekan, deb o‘ylayotgandirsiz. Manzilga bizni olib borgan haydovchining aytishicha, 1978 yilda tog‘lar ichidan shu yo‘l ochilgan. Ungacha odamlar eshakda tog‘ oshib, Urgutga yegulik uchun tushib yurgan. Yo‘l ochilgani Shahrisabzni G‘yelon va Ko‘l qishlog‘i uchun ham shahar, ham markazga aylantirgan. Darvoqe, har ikki qishloq Shahrisabz tumani tarkibiga kiradi.

Tog‘ orasida barpo etilgan yo‘l har yili ta'mirlab turiladi va odamlarning aytishicha, hashar vaqtida butun qishloq yeng shimarib ishlaydi. Axir, ularni taraqqiyot va XXI asr bilan mana shu yo‘l bog‘laydi-da. Yo‘llar har zamon tosh ko‘chishi oqibatida yopilib ham qoladi.

Bunday vaqtda Ko‘l va G‘yelon qishlog‘ida bittadan mavjud bo‘lgan buldozerlar ishga kirishadi. Odamlarning aytishicha, G‘yelondagi buldozerni sotib olish uchun mahalla ahli biroz pul yig‘gan va davlatning yordami bilan muhim texnika sotib olingan. Ko‘l qishlog‘iga ham hududda harbiy qism bo‘lgani uchun davlat buldozer olib bergan. Chunki harbiylar ham shu yo‘ldan qatnaydi. Borishimizda ham katta toshlar yo‘lni yopib qo‘ygan va odamlar toshni surib bitta mashina sig‘adigan yo‘l ochgandi.

Bu yo‘llarda faqat 4 ta g‘ildiragi ham tortadigan mashinalar yura oladi, oddiy «olifta mashinalar» esa tog‘ yo‘lida kor qilmaydi. Odamlar asosan eski «Niva» hamda «UAZ» mashinalarida yuradi. Albatta, «Captiva» yoki «Prado» ham tog‘ yo‘lida zo‘r yuradi, lekin bu mashinalarning narxi tog‘ odamlariga qimmatlik qiladi. G‘yelon qishlog‘ida 30 chog‘lik taksi yurarkan. O‘ziga xos taksilar otryadi ham «Niva» hamda «UAZ» mashinalaridan iborat. «Niva»ga 7 kishigacha minishadi, shunday qatnash odamlarga arzonroqqa tushadi.

Tog‘ ichiga 50 kmcha kirgandan keyin bitta ko‘prik va ikkiga bo‘lingan yo‘l ko‘rinadi. Yo‘lning biri G‘yelonga, ikkinchisi Ko‘l qishlog‘iga olib boradi. Birinchi manzilimiz G‘yelon bo‘ldi, Ko‘l qishlog‘i haqida lavhalarni alohida e'lon qilamiz.

G‘yelonda 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qishloq odamlari tojik millatiga mansub, shu sabab u yerdagi jamoat joylaridagi yozuvlar tojik tilida. Pandemiya tog‘ orasidagi bu qishloqqa ham ta'sir qilgan. Qishloqda bir nechta mehmon uylari bor va koronavirusdan avval qishloqqa ko‘klamda ko‘p sayyohlar tashrif buyurgan. Pandemiya esa turizmga bog‘langan oilalarga, taksichilarga salbiy ta'sir qilgan. Odamlarning aytishicha, koronavirus O‘zbekistonga kirib kelishi bilan qishloqqa kirib keladigan shlagbaum tushirib qo‘yilgan va g‘yelonliklar navbati bilan postda turib, begonalarni qishloqqa kiritmagan. Natijada qishloqda biror kishi koronavirus yuqtirmaganini aytishdi.

Mehmon uyga joylashgandan keyin tezda qishloq aylanishga tushdik. Ilk manzilimiz qishloqning hamma yeri ko‘rinadigan tepalik bo‘ldi. U yerdan butun qishloqni ko‘ramiz deb o‘ylagandik, lekin tepada gupillab qor yog‘ayotgandi.

20 mart bo‘lishiga qaramay, «kalendarga e'tibor qilmay yog‘ayotgan» qordan zavqlangach, qishloqning maktabini ham borib ko‘rdik. Buni qarangki, Shahrisabz tumanidagi 1-maktab aynan G‘yelon qishlog‘ida joylashgan ekan. Qishloqda 3 ta maktab bor va undan ikkitasini davlat qurib bergan bo‘lsa, bitta filialni odamlarning o‘zi hashar yo‘li bilan bunyod qilgan. Qishloq odamlarining mehmondo‘stligini qarangki, maktab qorovuli ketayotganimizda bizni maktab bog‘ida pishgan olma bilan siyladi.

Keyingi manzilimiz G‘yelonning eng innovatsion joyi bo‘ldi. Qishloq tog‘ orasida joylashgan bo‘lsa-da, u yergacha «davlatning sveti» yetib borgan, biroq chiroq ko‘p o‘chadi. Bunga qishloqda innovatsion yechim topilgan: odamlar pul yig‘ib, qishloq pastidan oqib o‘tuvchi va Hisorak suv omboriga borib quyiluvchi tog‘ daryosida 50 tadan ortiq mini GES qurgan. Hammasi oddiy arifmetika: suv ariq yoki truba yordamida tepaga chiqarib, katta bosim bilan yana pastga qarab yo‘naltiriladi.

Shiddat bilan otilgan suv maxsus yasalgan generatorni aylantiradi. Uning aylanishi esa elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Odamlar yuqorida aytganimiz «davlatning sveti» o‘chgan vaqtda GESdan foydalanadi. Ta'bir joiz bo‘lsa, G‘yelon bu borada shaharlardan ko‘ra ancha innovatsionroq.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan g‘yelonliklar qishloqning ta'rif-u tasnifini keltirish bilan birga, ba'zi muammolarni ham sanab qolishdi. Ularning muammosi boshqa yerdagi kabi yo‘l, svet, gazdan iborat emas. Yo‘lni odamlarning o‘zi hashar bilan eplab olgan, svetni ham eplashgan, gaz esa tabiiyki yetib bormagan. Odamlarning aytishicha, qishloqdagi asosiy muammo ayollarning ishsizligi. Bizda ham ayollar ishlaydigan joylar bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi, deb qolishdi g‘yelonliklar. Albatta, bunday olis qishloqqa fabrika qurish to‘g‘ri variant emas va bizningcha, rivojlantirish mumkin bo‘lgan yagona soha – turizm. Chunki bunaqa tabiatni ko‘rish uchun odamlar pul to‘lashga tayyor. Agar turizm tizimli tashkil qilinsa, qishloqliklar ham yaxshiroq yashab ketsa kerak.

G‘yelon haqida internetda chet ellik blogerlar kulgiga olib, nojiddiy videolar e'lon qilishgan, shu sabab bugun sizga Qashqadaryoning bu go‘zal go‘shasi haqida hikoya qilgimiz keldi. Imkonimiz boricha va kameramizning sifati javob bergan darajada qishloq tabiatini ko‘rsatishga harakat qildik. Maslahatimiz — ko‘klamda 2—3 kun vaqtingizni ajratib, tog‘ orasidagi bu qishloqni bir tomosha qiling. O‘zbekistonning tabiati cheksiz go‘zal ekanini shu yerlarda his qilasiz...

G‘ayrat Yo‘ldosh, O‘tkir Jalolxonov
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: