Qoraqalpog‘istonda dehqonlarning erkinligi qay darajada ta'minlangan yoxud ularga yaratilayotgan imkoniyatlarga bir nazar

Jamiyat 18:07 / 17.04.2021 4573

Hozirda dunyoda aholi sonining jadal sur'atlarda o‘sib borishi, ekin yerlari va suv resurslarining cheklangani, ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar natijasida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash barcha mamlakatlarda eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish hamda bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlashda tomorqalar va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish naqadar muhim ahamiyatga ega ekani barchamizga ma'lum.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 340 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari 46866 gektar ekin yerlaridan foydalanib kelmoqda va shu bilan bir qatorda 5116 fermer xo‘jaligi 301813 gektar yer maydonlarida mehnat qilmoqda. 

Yangi tizim asosida, uyma-uy kirib, tomorqaga ekin ekishni targ‘ib qilish ishlariga keng jamoatchilik jalb qilingan bo‘lib, bunda OAV orqali tomorqa maydonlarida sermahsul faoliyat yuritayotgan mirishkorlar mehnatlari yoritilishining ham o‘rni katta bo‘lmoqda.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2018 yil 26 aprelda 3680-sonli Prezident qarori bilan O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huzurida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari  qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Joylarda tomorqa va dehqon xo‘jaliklari uchun xizmat qiladigan “Tomorqa xizmati” korxonalari tashkil etilayotgan bo‘lib, jamg‘arma va o‘z mablag‘lari hisobidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Qoraqalpog‘istonda bu borada Amudaryo tumani uchun 5 mlrd 27 million so‘m va Bo‘zatov tumaniga 800 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan, Nukus tumanida 2 mlrd 500 million so‘mlik va Bo‘zatov tumanida qurilish ishlarining ikkinchi bosqichini boshlash uchun kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda dehqonlar va fermerlarning erkinligini ta'minlash bo‘yicha qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Lekin bu bilan dehqonlar erkinligi to‘liq ta'minlanyaptimi? Bu borada mahalliy hokimiyat organlari tomonidan hamon xavotirli xavflar mavjud bo‘lib qolmoqda. Birgina o‘tgan 2020 yilning o‘zida 4 fermer xo‘jaligi yerlari mahalliy hokimliklarning qarorlari bilan olib qo‘yildi. Bu bo‘yicha sudlarga arizalar kiritilib, tuman hokimliklarining noqonuniy qarorlari bekor qilindi va fermerlarning yer maydonlari qaytarib berildi. Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ko‘ra bunday mojarolar hali ham davom etib kelmoqda.

Hozirda dala maydonlarida mehnat qilayotgan zahmatkashlarning yana bir muammosi kun tartibiga ko‘tarilmoqda. U ham bo‘lsa yig‘ib olgan paxtalarini sotish. Amalda paxta xomashyosini erkin bozor munosabatlari tamoyili asosida birja savdolari orqali sotish mavjud emas. Unda fermerlar o‘z paxtalarini hozir qanday sotishmoqda? Bugungi kunda paxta sanoatida yirik tadbirkorlik obektlariga aylanib ulgurgan klasterlar bilan fermerlar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilib, o‘z hosilini sotishmoqda. Respublikamizdagi fermer xo‘jaliklari paxta klasterlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu borada birgalikda ish olib bormoqda. O‘tgan yili Respublikadagi 5 ta klaster bilan qilingan shartnoma asosida fermerlar o‘z hosillarini topshirdi. Shundan 4 ta klaster mirishkorlarning pullarini to‘lab bergan. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, Amudaryo tumanida joylashgan “Amudaryo tex” MChJ tomonidan jami 362 ta fermer xo‘jaliklariga 24 mlrd 60 mln 395 ming so‘mlik to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik yuzaga kelgan. Bu borada sudlarga da'vo arizalari kiritilib, sud tomonidan qanoatlantirilgan. Fermer xo‘jaliklarining manfaatlarini himoya qilish uchun Qoraqalpog‘istonda ushbu yildan boshlab yangicha tashabbus ilgari surilmoqda, bu uch tomonlama shartnoma. Bunda fermer bir taraf, klaster ikkinchi taraf va fermerlarning manfaatlarini himoya qiluvchi va shartnoma to‘liq o‘z vazifasini bajarishini ta'minlash uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi uchinchi taraf sifatida shartnomaga imzo chekadi. Birgina imzo chekish bilan muammo o‘z yechimini topib qolmasligi aniq. Bu borada ishlar adolat asosida olib borilsagina natijaga erishish mumkin.

Kichik yer egalari sinfini shakllantirish bo‘yicha ham amaliy ishlar davom ettirilmoqda, lekin bu borada ham oqsashlar bor ekanini aytib o‘tish kerak. Hozirda Qoraqalpog‘istonda 2085 dehqon xo‘jaliklari va 340250 tomorqa yer egalari mavjud bo‘lib, ular 46866 gektar ekin maydonlarida mehnat qilishmoqda. Lekin 2 millionga yaqin aholisi bor mintaqa uchun bu oz ko‘rsatkich. Yaqin vaqt ichida “Dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risida” va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida” qonunlar qabul qilingan edi. Ushbu qonunlarning tatbiq etilishi o‘laroq, kichik yer egalari sinfi shakllanishi jadallashishi kutilmoqda. Dehqon xo‘jaliklarining hamjihatlikda faoliyat yuritishi uchun kooperatsiyalarning tashkil etilishi, ular o‘z ekin maydonlarida birgalikda mahsulot yetishtirishi mumkin. Bu borada tomorqachilarda ancha olg‘a siljish mavjud bo‘lib, “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida Beruniy, Ellikqala, Amudaryo tumanlari misolida tomorqachilar faoliyatini keltirsak bo‘ladi.

Hozirda o‘rta sinfga kirish va daromad orttirish uchun 100 gektarlab ekin maydonlarini egallab fermer xo‘jaliklarini tuzish shart emas. Bu borada ozroq ekin maydonlari bilan dehqon xo‘jaligi, paxtachilikdan boshqa yo‘nalishlarda fermer xo‘jaligi tuzishning ham afzalliklari mavjud. Qoraqalpog‘istonda bugungi kunda “Sabzavotchilik va polizchilik” yo‘nalishi bo‘yicha 520, “G‘allachilik va sabzavotchilik” yo‘nalishi bo‘yicha 504, “Bog‘dorchilik va uzumchilik” yo‘nalishi bo‘yicha 281, Chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha 869, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 498 fermer xo‘jaligi jami 52 719 gektar ekin maydonlaridan foydalanib kelmoqda. Birgina “Sabzavotchilik va polizchilik” yo‘nalishi bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining o‘rtacha yer maydoni 9 gektarni tashkil etmoqda. Bu degani 9 gektar yer bilan fermer xo‘jaligini tuzish mumkin. Bundan tashqari, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga asosan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalarini olish, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismini 0,06 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) olish imkoniyati mavjud.

Mamlakatimizning asosiy zaxirasi ham dehqonchilik qilish uchun yaroqli ekin yerlari hisoblanadi. Hozirda eng asosiy muammolardan biri ishsizlik ekanini anglagan holda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarga yer ajratish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bunda asosiy ekin maydonlaridan bo‘shagan yerlar ikkilamchi shartnoma asosida 1 yil muddatga berilmoqda. Qoraqalpog‘istonda jami 72 ming 520 yoshga 25 ming 200 gektar yer maydonlari ajratilishi rejalashtirilgan. Bu ham o‘z navbatida dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar uchun bir imkoniyat bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.

Shuningdek, 2018 yil 24 dekabrda qabul qilingan (O‘RQ-508) qonun bilan Soliq kodeksining 311-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, dehqon xo‘jaliklari a'zolari hamda 4 sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga sug‘urta badallarini eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida to‘lash orqali bir yil mehnat stajiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgani ham aholiga yana bir qulaylik bo‘ldi.

Umuman olganda, mirishkor dehqonlar-u, fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, asosiysi, ularning erkin faoliyat yuritishini ta'minlash bo‘yicha so‘nggi yillari sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlar izchillik va adolat asosida davom ettirilsa, kichik yer egalari sinfi ham, o‘z faoliyatini kengaytiruvchi o‘rta sinf qatlami hisoblangan fermer xo‘jaliklari toifasining ham davlatimiz rivojidagi hissasi katta bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: