Jasliqda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan yuzga yaqin mahkum saqlanayotgani aytilmoqda

O‘zbekiston 11:35 / 17.04.2021 51308

– Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, Jasliqdagi koloniya allaqachon yopilishi, uning o‘rnida qamoqxona bo‘lmasligi aytilgan edi. Lekin keyingi xabarlarga ko‘ra, ushbu muassasa to‘liq yopilmagan va bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinyapti. Balki bu yerda umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanayotgan ekan. Ammo IIV bu borada sukut saqlamoqda, rasman bayonot bergani yo‘q.

– Bu masala bir necha yillar davomida muammolarni yashirishga o‘rganib qolganimiz bilan bog‘liq. Muammoni ko‘mib qo‘yganingiz bilan u tuproq tagida yanada nish otib ketadi. Shubhasiz, prezidentimiz tashabbusi bilan Jasliq yopilishi juda katta hodisa bo‘lgandi. Lekin masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor berish kerak.

Prezident tez orada yopamiz, dedi, lekin mavjud sharoit bunga tayyor emasdi. Chunki Jasliqda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahkumlar bor edi. Ularni to‘g‘ri kelgan qamoqxonaga ko‘chirib bo‘lmasdi, chunki bunday mahkumlar uchun sharoitlar sal boshqacharoq bo‘lishi kerak. Bu borada dunyo standartlari boshqacha. Umrbod ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar alohida zonada saqlanishi kerak. Prezident Jasliq yopilishini e’lon qilgan vaqtda bu zonalar hali tayyor emasdi.

Prezidentga hammasi hal bo‘ldi, muammo bo‘lmaydi, deb hisobot berilgan bo‘lishi mumkin. Lekin u yerda saqlanayotgan mahbuslarning qarindoshlari bor, ular doim uchrashuvlarda bo‘ladi. Bir necha mahbuslarning yaqinlari bizga murojaat qildi. Jasliq hali to‘liq yopilmaganini, u yerda yuzga yaqin umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahkumlar saqlanayotgani haqidagi xabarni chiqarishga shoshilganimiz yo‘q, surishtirdik, so‘radik.

Jazoni ijro etish tizimiga yaqin manbalarimiz orqali Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni saqlash bo‘yicha dunyo standartlariga mos keluvchi zamonaviy qamoqxona qurilayotgani haqida ma’lumotlar oldik. Shu qamoqxona bitsa, hozir Jasliqda olib qolingan mahkumlar u yerga ko‘chirilarkan. Bu – normal holat. Lekin buni yashirib o‘tirish yoki bundan qandaydir uyat his qilish, “o‘sha paytda yopildi deb qo‘ygandik, to‘liq yopilmagani oshkor bo‘lsa, yolg‘onchiga chiqib qolamiz”, deb hadiksirash noto‘g‘ri.

– Ya’ni Jasliqda haqiqatan ham ayni paytda mahkumlar saqlanib turgani, buning sabablari, yangi qamoqxona qurilayotgani aytilsa va u bitishi bilan umrbod ozodlikdan mahrum etilgan barcha mahkumlar o‘sha yerga ko‘chiriladi, deb bayonot berilsa, olam guliston, shunday emasmi?

– Xuddi shunday. Bu ortiqcha qayg‘urishga arziydigan narsamas aslida. Faqat biz uzoq yillar avtoritar darajada o‘rganib qolganimiz, aytaylik, axborot mamlakatning birinchi shaxsida qanday taassurot uyg‘otadi, degan xavotir borligi ortidan ma’lumotlarni shu tarzda sir tutishlar paydo bo‘ladi.

Lekin aslida O‘zbekiston qamoqxona bo‘yicha yaxshi islohotlarda turibdi. Kun.uz muxlislariga aytishim mumkinki, yaqin orada manzil-koloniyalarni tugatish asta-sekin boshlanadi va ularni joylardagi probatsiya xizmatlariga berish, mahkumlarni jahon tajribasida bo‘lgani kabi maxsus bilakuzuk, ya’ni brasletlar orqali nazorat qilish rejalashtirilmoqda. Bu ishlar may oyining ikkinchi yarmida boshlanadi degan axborotlar bor. Lekin mana shunday axborotlarni – o‘zlariga foyda keltiradigan axborotlarni nima uchun rasmiylarning o‘zi ushlab turishidan, mas’ullarning ehtiyotkorligidan hayron bo‘laman xolos.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: