Angliyada «Chelsi» - «Man. Siti», Ispaniyada kubok finali, Italiyada esa YeChL yo‘llanmalari uchun kurash. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:34 / 17.04.2021 8850

Yevrokuboklar ikki haftalik tanaffusga chiqqach, Yevropa maydonlarida ichki chempionat uchun qizg‘in bahslar start oladi. Angliyada kubok finalchilari aniqlansa, Italiyada Chempionlar ligasi yo‘llanmalari uchun juda ahamiyatli bo‘lgan ikki uchrashuv bor. Ispaniyada esa nihoyat «Barselona» ikki yillik tanaffusdan so‘ng, ilk sovrinini qo‘lga kiritishi mumkin. 

17 aprel (shanba)
Angliya kubogi. Yarimfinal
CheLSI – MANCheSTeR SITI
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

Ushbu mavsumda Chempionlar Ligasi finalida to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan juftlik uchun o‘ziga yarasha mashg‘ulot. Shunchaki, mashg‘ulot emas, g‘olibga Angliya kubogi finali uchun «Uembli»da maydonga tushish imkoniyati beriladi. Bu jamoalar oxirgi uch yilda bir martadan ushbu sovrin egasiga aylanishgan, o‘tgan yili esa «Siti» yarimfinalda, «Chelsi» esa finalda «Arsenal»ga imkoniyatni boy bergandi. 
APL turnir jadvaliga qaralsa, jamoalar o‘rtasidagi farq juda kattadek, ammo o‘lchovni Tuxel Londonga kelgan davr bilan olganda, teng kuchdagi raqiblar ham deyish mumkin. Hatto Tuxel jamoasi ochko yig‘ishda «Siti»dan qolishmadi, faqat bir marotaba, bir o‘yinchi kam bo‘lib qolgan holatda mag‘lubiyatga uchradi xolos. 
Umuman Tuxel «Chelsi»sining o‘yiniga chuqurroq nazar tashlansa, vaziyat yaratish borasida ham, hujumlarning samaradorligi jihatdan ham, jamoa aynan top raqiblarga qarshi yaxshiroq ko‘ringan. Tuxel qachonki, raqibdan kelib chiqib taktika tanlaganida futbolchilar muvaffaqiyatliroq to‘p sura olishgan. «MYu», «Tottenhem», «Atletiko», «Liverpul», «Everton»ga qarshi bahslarda jamoa ko‘proq hujum qilgan, ko‘proq xavfli vaziyatlar yarata olgan. Aksincha, «Lids», «Vulvz», «Portu», «Sauthempton» bilan o‘yinlar Tuxelning eng yomon o‘yinlari sirasiga kiradi, demak bugungi o‘yinda «Chelsi»dan yanada faolroq o‘yin kutishimiz mumkin.
Tarkiblarda manchesterliklar safida Aguero yana bir necha kunga safdan chiqqan bo‘lsa, «Chelsi» safida Kovachichning maydonga tushishi so‘roq ostida. Har ikki jamoa Chempionlar Ligasida qiyin o‘yinlar o‘tkazishganini e'tiborga olsak, tabiiyki, murabbiylar rotatsiyaga qo‘l urishlari mumkin. Va albatta, uchrashuvning eng katta intrigasi – Timo Verner qachon gol uradi? O‘tgan mavsumda Bundesliga to‘purarlaridan biri 2021 yilda atigi 2 gol urdi va oxirgisi ikki oy oldin sodir bo‘lgandi. 

17 aprel (shanba)
Ispaniya kubogi. Final
ATLeTIK – BARSeLONA
O‘yin boshlanish vaqti: 00:30

Deyarli har mavsum biror turnirda g‘alaba qozonishga o‘rganib qolgan «Barselona»ning oxirgi sovriniga ham qariyb ikki yil bo‘ldi. Bunga asosiy aybdor esa qizig‘i, bugungi raqib «Atletik»dir. Bilbaoliklar o‘tgan yilning fevralida, Ispaniya kubogida «Barselona»ni kurashdan chiqarib yuborishgan. Shu yilning yanvarida esa endi Ispaniya superkubogi uchun shiddatli bahsda «Atletik»ning qo‘li baland kelgandi – 90-daqiqada hisobni tenglashtirgan basklar qo‘shimcha vaqtda uchinchi golni ham urib, superkubokni qo‘lga kiritishgandi. 
Umuman so‘nggi yillarda «Atletik» «Barselona» uchun eng noqulay raqiblardan biri bo‘lib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi 8 o‘zaro uchrashuvning 3 tasida bilbaoliklarning qo‘li baland kelgan. Shuncha o‘yinda «Barselona» ustun kelgan va ikki bahs durang bilan yakunlangan. G‘olib tomon bu o‘yinlarda faqat minimal hisobda ustun kelganiga ham e'tibor bersak, bugun bizni ancha murosasiz bahs kutib turganiga amin bo‘lamiz. 
«Barselona» muxlislari uchun quvonchli xabar, nihoyat Ansu Fati jarohatidan forig‘ bo‘ldi va ushbu o‘yin qaydnomasidan joy olishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, yosh iste'dod egasi mavsum boshida juda sermahsul harakat qilib, bir qator muhim gollar muallifiga aylangandi. Kubok va chempionlik uchun kurashning so‘nggi qadamlarida qo‘shimcha kuch Kumanga juda asqatsa kerak.

18 aprel (yakshanba)
Italiya A Seriyasi. 30-tur
ATALANTA – YuVeNTUS
O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

O‘tgan yilgi chempion «Yuventus», uchinchi o‘rin va Chempionlar Ligasi chorak finaligacha yetib borgan «Atalanta» ushbu mavsumda faqat chempionlik uchun kurashishi kutilgan, liganing asosiy favoritlari sifatida tilga olingandilar. Ammo qarangki, 30-turga kelib, raqiblar endi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradilar. 
«Yuventus» hisobida 62, «Atalanta»da esa 61 ochko bor. Mag‘lub bo‘lgan taraf shu turdayoq beshinchi o‘ringa tushib ketish ehtimoli mavjud. Bunday shartlar, shuningdek, raqiblar o‘rtasidagi so‘nggi ikki o‘zaro o‘yin durang bilan yakunlanganini ham e'tiborga olsak, juda shiddatli o‘yin kutishga haqlimiz. «Yuventus» so‘nggi ikki turda g‘alaba qozondi, «Atalanta»da esa chempionatda 4 o‘yindan iborat g‘alabali seriya mavjud. 
«Yuventus» tarkibida faqat Federiko Bernardeski koronavirus tufayli maydonga tusha olmaydi. O‘n kun oldin futbolchidan virus aniqlangandi, demak uning maydonga qaytishi biroz keyinroqqa surilishi mumkin. Mezbonlar tarkibida esa Xans Xatebur fevraldan beri jarohatda. Shuningdek, «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan ogohlantirilgan yetakchi himoyachi Kristian Romero diskfalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi. 

18 aprel (yakshanba)
Angliya kubogi. Yarimfinal
LeSTeR – SAUTHEMPTON
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

Bu juftlikda Angliya kubogining tarixiy eng yaxshi klublari «Arsenal» va «Manchester Yunayted» ham bo‘lishi mumkin edi. «Lester» chorakfinalda «Manchester»ni chiqarib yubordi, «Sauthempton» esa ilk bosqichlarning birida amaldagi kubok sohibi «Arsenal» ustidan g‘alaba qozondi. Natijada «Sauthempton» 18 yilda, «Lester» esa 52 yilda ilk marotaba Angliya kubogi finaliga chiqishlari mumkin. O‘shanda «Sauthempton» sovrinni qo‘lga kiritgan, «Lester» esa hech qachon ushbu kubok sohibi bo‘la olmagan.
Raqiblarning o‘zaro o‘yinlari haqida gap borganda, tabiiyki, 2019 yilning oktyabridagi o‘yin yodga tushadi. O‘shanda Rojyers shogirdlari 9:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. APL birinchi davradagi uchrashuvda ham «Lester»ning qo‘li baland kelgan – 2:0. Umuman, so‘nggi 16 uchrashuvning teng yarmida «tulkilar» g‘alaba qozongan bo‘lishsa, 4 uchrashuv durang bilan tugagan. «Lester»ning qarshi hujumlarga tayangan uslubi uchun «Sauthempton»ning yuqori pressingi tayyor o‘ljadek, ammo agar futbolchilar xatoga yo‘l qo‘yishmasa, «Lester» ancha qiyin ahvolda qolishi mumkin. Buning ustiga, Rojyers ixtiyoridagi bir qator muhim futbolchilar safdan chiqqanini ham e'tirof etish kerak. 
Ayoze Peres va Chodurining maydonga tushishi so‘roq ostida, shuningdek, o‘tgan safar ichki tartibni buzgani uchun Rojyers Meddisonga jazo qo‘llab, tarkibdan chetlatgandi. Bu muhim o‘yinda ham jazo davom etadimi yoki yetakchi futbolchining yarimfinalda maydonga tushishi muhimroqmi, kechroq bilib olamiz. Shuningdek, Jastin va Barns ham uzoq muddatga safdan chiqishgani ham ma'lum. «Sauthempton»ga Romeuning yo‘qligi ko‘proq bilinadi. Ispaniyalik futbolchi fevralda jarohat olganidan buyon jamoa faqat 2 o‘yinda g‘alaba qozonib, besh marotaba mag‘lub bo‘ldi.

18 aprel (yakshanba)
A Seriya. 31-tur
NAPOLI – INTeR

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45
O‘n yildan so‘ng ilk marotaba Italiyada «Yuventus»dan boshqa jamoa chempion bo‘lishiga oz qoldi. Qizig‘i, «Yuventus»ning mana shu o‘n yillik seriyasini boshlab bergan murabbiy Antonio Konte «Inter» bilan bu yurishga chek qo‘ymoqda. «Yuventus»da sodir bo‘lishi kutilgan pasayish va avlodlar almashinuvi paytida Konte raqobatbardosh, barqaror va tajribali jamoa qura oldi. Ayniqsa, «Milan» yoki «Atalanta»da yetishmagan mana shu chempionlik tajribasi «Inter»da hal qiluvchi rolni o‘ynadi. Tilga olingan jamoalar qanchalik jozibali o‘yin ko‘rsatishmasin, «Inter» safida turli ligalarda chempion bo‘lgan, shu sovrin uchun kurashgan futbolchilar ko‘proq. Handanovich, Kolarov, Yang, Vidal, Eriksen, Perishich, Hakimi, Sanches, Lukaku kabi futbolchilar turli ligalarda chempionlik mazasini totib ko‘rishgan. 
«Inter» A Seriya yakunlanishiga 8 tur qolganida, ta'qibchilardan 11 ochkoga o‘zib ketgan. Demak, 8 o‘yindan 5 g‘alaba Konte shogirdlarini mamlakat chempioniga aylantiradi. Bu so‘nggi yurish Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan «Napoli»dan boshlanadi. 
«Napoli» hozirda 2 ochkolik farq bilan Top-4 dan tashqarida bo‘lsa-da, yashirin favoritlardan biri bo‘lishi mumkin. Chunki raqiblardan farqli ravishda «Napoli» keyingi 8 turda to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisiga qarshi maydonga tushmaydi. «Milan», «Atalanta» va «Yuventus»ning o‘zaro o‘yinlari borligini inobatga olsak, «Napoli» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonish orqali, bemalol ulardan birini quvib o‘tish imkoniyatiga ega. Oxirgi 9 o‘yindan faqat bir marotaba «Yuventus» bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan «Napoli» uchun o‘rtamiyonalar bilan bahslar ayni muddao bo‘ladi. 

BOShQA O‘YINLAR

17 aprel. Volfsburg – BAVARIYa (18:30)

18 aprel. MILAN – Jyenoa (15:30), PSJ – Sent Eten (16:00), ARSeNAL – Fulhem (17:30),  BORUSSIYa D – Verder (18:30), ATLeTIKO – Eybar (19:15), MANCheSTeR YuNAYTeD – Byornli (20:00), Torino – ROMA (21:00), Xetafe – ReAL (23:55).

Ko‘proq yangiliklar: