«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi yanada kengaytiriladi, SamDUning Urgut filiali ochiladi

Iqtisodiyot 12:40 / 16.04.2021 7378

«Urgut tumanida 500 mingdan ortiq aholi yashaydi. Bu Sirdaryo, Navoiy kabi yirik viloyatlarga yaqin ko‘rsatkich. Urgut tumanini rivojlantirishning alohida dasturi albatta amalga oshirilishi lozim. «Urgut» erkin iqtisodiy zonasini yanada  kengaytirish va rivojlantirish zarur.

Bir oy muddatda, Urgutni sanoatni rivojlantirishga ixtisoslashgan innovatsion va investitsion tumanga aylantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori kiritilsin. Bunda, Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallarini tashkil etish nazarda tutilsin.

Ushbu yangi hududlarda infratuzilmalarni qurish uchun Arab muvofiqlashtirish guruhi institutlaridan mablag‘ jalb etish lozim. Shuningdek, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi negizida «holding kompaniya» tashkil etiladi va uning rahbari bir vaqtning o‘zida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ladi.

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi va uning filiallarida polietilen mahsulotlarini chuqur qayta ishlash loyihalariga 500 million dollar, elektrotexnika sanoati loyihalarini amalga oshirish uchun 250 million dollar jalb etish choralari ko‘riladi.

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga berilgan imtiyozlarni barcha tuman va shaharlarga qo‘llash hamda har biriga kamida 50-100 million dollar investitsiyalarni jalb qilish hisobiga, 200 gektar maydonda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik qo‘shimcha sanoat loyihalarini amalga oshirish lozim. Ushbu loyihalarni sifatli ishlab chiqish va ijrosini tizimli ta'minlash uchun Loyihalar fabrikasining «Urgut ofisi» tashkil qilinadi.

Urgut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ikki oy muddatda Hukumat qarori loyihasi kiritilsin. Bunda, Samarqand davlat universitetining Urgut filialini tashkil qilish ham nazarda tutilsin. Vaqti kelib bu filialda tibbiyot fakultetini ham tashkil qilishimiz kerak. Chunki bizga malakali mutaxassislar zarur», deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: