Yerni egasiga berish kerak, dehqonning ishiga hech kim aralashmasligi shart. Tahlil va taklif

Jamiyat 15:30 / 05.04.2021 76368

Nega 4 million gektarga yaqin ekin yerlarimiz bo‘la turib, 4 million qishloq odamlari Rossiyada qora ishchi bo‘lib yuribdi? Nega kimdir bir parcha yaroqsiz yerida xalqini to‘yg‘azib, yana meva-sabzavotni eksport ham qilyapti, biz esa shuncha yerimiz va unda ishlashni istaydigan shuncha odamimiz bo‘la turib, ularni o‘zgalarga xizmatkor qilib qo‘yibmiz?

Nega boshqalarda dehqonning boshi uzra hech kim turmaydi, bizda esa dehqonning ustida mingta mansabdor turadi.

Sababi bitta: bizda yerlar egasiga tom ma'noda topshirilmagan, yerning «ega»si ko‘p. Oqibatda cheki yo‘q muammolar va... haqsizlik, qonunbuzarlik, muttahamlik, dehqonlarni ekspluatatsiya qilish.

Keling, bular haqida biroz kengroq suhbatlashaylik.

Rivojlanishning omillari bor. Aynan shu omillar yuzaga chiqsa, jamiyat rivojlanadi, chiqmasa, ishlar ortga ketadi.

Shunday omillardan biri bu – tadbirkorlikka layoqatli kishilar uchun imkon qadar yaxshiroq sharoit yaratish. Bu bilan tadbirkorlar soni ko‘p bo‘lishini va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishini ta'minlash. Bu esa barcha uchun bir xil o‘yin qoidalarini joriy qilish bilan bo‘ladi, kimgadir hamma narsa mumkin bo‘lgan muhitda sog‘lom tadbirkorlik muhiti haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas.

Yana bir omil – mavjud imkoniyatlardan foydalanish. Ya'ni har bir mamlakat boshlang‘ich nuqtada o‘z sharoitidan kelib chiqib rivojlanishga urinadi. Yuqori texnologik iqtisodiyot bu – keyin, ma'lum darajaga yetgandan keyin erishiladigan natija. Avvalida esa har bir mamlakat o‘zida boridan foydalanadi va rivojlanishga urinadi.

Kimdir ishchi qo‘llari ko‘pligidan unumli foydalanib rivojlansa, kimdir geografik joylashuvidan va hokazo. Biz hozir o‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga urinayotganlar haqida gapiryapmiz. Zero, o‘z imkoniyatlarini sovurayotganlar ham topiladi.

O‘zbekiston.

O‘zbekiston ham shaksiz o‘ziga yarasha imkoniyatlarga ega mamlakat. Mintaqadagi eng serhosil ekin yerlar va bir necha million ishdan qochmaydigan ishchi qo‘llar. Darvoqe, ular hozir o‘zga iqtisodiyotlar uchun arzon ishchi kuchi vazifasini o‘tab berishyapti. Aytish mumkinki, o‘zga iqtisodiyotlarni ko‘tarishyapti.

To‘g‘risini tan olish vaqti keldi: mana shu ikki narsa – serhosil yerlar va mehnatkash, salohiyati ro‘yobga chiqmagan millionlab qishloq yoshlari – aynan shu ikkisi O‘zbekistonning shu tobda asosiy zaxirasi bo‘lib, bularni birlashtirish asnosida imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish mamlakatning birinchi bosqichdagi rivojini ta'minlab beradi.

Biz bu yerda O‘zbekistonning yagona zaxirasi shu demoqchi emasmiz, shu tobdagi asosiy zaxirasi demoqchimiz, rivojlanish uchun tramplin vazifasini o‘tab berishi mumkin bo‘lgan yagona soha demoqchimiz.

Nega? Chunki issiq quyoshda pishib yetilgan tabiiy toza mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj dunyoda tobora ortib boryapti, bizda esa iqlim ham qulay, ishchi qo‘llar ham yetarli. Vodiy kabi o‘lkalarda esa yerda ishlash madaniyati ming yillardan beri shakllangan – yer bilan ishlashga muhabbat bu yerda odamlarning qonida bor.

Imkoniyatdan foydalanish uchun nimalar qilish kerak?

Dastlabki filmimizda biz Niderlandiya qirolligini misol qilib ko‘rsatgan edik. Bu mamlakatda 1 million gektar yerda ekin ekib, 100 milliard dollardan oshiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinayotgani aytilgandi. O‘zbekiston esa 4 million gektar ishlov beriladigan yer maydonlari bo‘la turib, ularga asosan paxta ekishi va bundan yiliga 2 milliard dollar atrofida daromad qilishi tanqid qilingandi.

Buning asosiy sababi qilib esa Niderlandiya kabi mamlakatlarda dehqonning ishiga hech kim aralashmasligi, minglab kichik xo‘jaliklar mustaqil faoliyat yuritishi o‘laroq yuqori natijalarga erishayotganini, davlat esa faqat yordam berishini ko‘rsatgan edik.

Faqat mustaqil, haq-huquqlari ta'minlangan dehqon izlanadi, novatsiyalarga intiladi, kelajak uchun rejalar qiladi.

Bizda ahvol qanday?..

Bizda vaziyat boshqacha: dehqonning haq-huquqi go‘yo ilashib turgan qurigan barg kabi – har qanday lahzada uzilib tushishi va toptalishi mumkin. Mahalliy hokimiyatlarning qo‘shtirnoq ichidagi nazorati ostida faoliyat yuritadigan fermerlarning yerlari har qanday vaziyatda olib qo‘yilishi mumkin.

Bu nima degani? Bu degani dehqon yer bilan bog‘liq hech qanday uzoq muddatli reja tuza olmaydi, tuzishni istamaydi degani. Bunday dehqon uchun yer vaqtinchalik bir matoh, xolos. Zero, bunda u yerni o‘zining ertangi kuni, bolalarining istiqboli bilan bog‘lamaydi. Axir, har lahzada har qanday hokim yerini olib qo‘yishi mumkin-da...

Qolaversa, paxta va bug‘doy rejasi gardaniga tushgan fermer o‘zini hech qanaqasiga tom ma'noda fermer deb hisoblamaydi.

Nima qilish kerak?

Mazkur savol bir tomondan qiyin bo‘lsa, boshqa tomondan oson. Qiyinligi yuzaga keladigan bir necha ehtimoliy xavotirlar bilan bog‘liq.

Birinchi xavotir – fermerlar mustaqil bo‘lishsa, ya'ni yerlarda nima yetishtirishni o‘zlari hal qilishsa va mahsulotni o‘zlari sotishsa, unda ular paxta yetishtirmay qo‘yishadi va natijada paxta sanoati inqirozga yuz tutadi degan xavotir. Biroq bu xavotir bir tomondan mantiqsiz bo‘lsa, boshqa tomondan asossiz, chunki paxtachilik sanoati to‘liq bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tsa, yetishtirilgan paxta uni yetishtirgan fermer tomonidan birja savdolari vositasida sotilsa, to‘qimachilik fabrikalari paxtani o‘sha birjada sotib olsa, bu sog‘lom munosabatlar bo‘ladi, paxta sanoati hamma uchun, xususan, fermer uchun foyda keltiradigan mashg‘ulotga aylanadi.

Ya'ni paxta yetishtirish qulay va foydali bo‘lgan hududlarda aynan paxta yetishtiriladi, paxtadan ko‘ra boshqa narsa yetishtirish foydaliroq bo‘lsa – boshqa narsa. Buning yomon joyi yo‘q, axir, ko‘proq foyda olish emasmi hammamizning maqsadimiz? Majburan saqlab turilgan sohaning esa istiqboli yo‘q.

Ikkinchi xavotir. Ozod fermerlarni boshqarib bo‘lmaydi, degan ehtimoliy xavotir. Ha, ozod, ma'muriy buyruqbozlik tizimi tazyiqidan xalos bo‘lgan fermerlarni boshqarib bo‘lmaydi. Biroq, gap shundaki, mustaqil fermerni boshqarishning umuman keragi ham yo‘q. Mustaqil fermer o‘z manfaati yo‘lida harakat qilib, ishini o‘zi rivojlantiradi.

Uchinchi xavotir. «Fermerlarga mustaqillik berilsa, yaqin kelajakda qishloqlarda kuchli ijtimoiy tabaqalanish – boy-kambag‘alga bo‘linish yuzaga keladi, bu esa ijtimoiy adolatsizlik kelib chiqadi; zero, O‘zbekistonda aholi zich hududlarda mustaqil fermer bo‘lishni istaydigan qishloq oilalari ko‘pchilikni tashkil qiladi, adolat mezoni buzilsa, ishlarda baraka ham bo‘lmaydi...»

Bunga ham yechim bor – O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini tom ma'noda yangi relsga o‘tkazish, ya'ni mamlakatimizning aholi zich joylashgan hududlarda kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish. Bir qancha agrar sohasi rivojlangan mamlakatlardagi kabi.

Deylik, hozirda O‘zbekistonda o‘rtacha bir mahallada 400ta oila yashaydi. Mahalla atrofida esa 700 gektar yer bor. Mazkur 700 gektar yer hozirda mahalladagi 7ta oilaga, har biriga 100 gektardan fermerchilik faoliyatini yuritish uchun, ya'ni davlat rejasiga muvofiq paxta va bug‘doy yetishtirish uchun berilgan. Ya'ni mahalla atrofidagi 700 gektar yer mana bu 400ta oilaning atigi 7tasigagina naf keltiryapti. Holbuki, qolgan 393 oila ham yerda ishlashni istaydi, agarda gap mustaqil fermer bo‘lish haqida ketayotgan bo‘lsa.

Demak, mana bu yerlardan 7ta oilanigina ishli qilish uchun emas, balki ko‘plab oilalarga mustaqil fermer bo‘lish uchun imkoniyat yaratish maqsadida foydalanish kerak.

Ko‘plab oilalar yerda ishlab ijod qilishsin, izlanishsin, o‘sishsin, kelajakka rejalar qilishsin, golland fermerlari kabi chet el korxonalari bilan o‘zlari mustaqil aloqalar o‘rnatishsin, farzandlari kelajagini shu zamin bilan bog‘lashsin.

Bu nima degani? Bu degani qishloqlar yaqin kelajakda tadbirkorlik o‘choqlariga aylanadi, degani. Zero, hozirgi davrga kelib yer bu shunchaki meva-sabzavot yetishtiriladigan manba emas, balki bugun yerda qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ming xil innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish mumkin.

Nega biz aynan kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirishni yoqlayapmiz? Sabablar yetarli.

Kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish degani bu ko‘plab oilalarni mustaqil iqtisodiy faollikka jalb qilish degani. Ammo bu hammasi emas – minglab oilalarni ijodkorlikka, bunyodkorlikka, novatorlikka jalb qilish mumkin bo‘ladi degani.

Endi oddiy haqiqatlarni sanab o‘tamiz.

Katta agrar xo‘jaligi degani bu bitta katta tadbirkor va unga ishlaydigan ko‘plab ishchilar degani.

Buning yomon joyi yo‘qdir balki, biroq... agar mana bularning ichida oddiy ishchi bo‘lish emas, mustaqil tadbirkor bo‘lishga layoqati, iste'dodi va istagi bor kishilar bo‘lsa, ularni oddiy ishchiga aylantirish degani bu xalqning qimmatli zaxirasini isrof qilish degani. Zero bu toifa kishilar – tabiatida yollanma ishchi bo‘lish emas, balki mustaqil tadbirkor bo‘lish iqtidori bo‘lgan kishilar har bir xalqning tom ma'nodagi boyligidir. Qolaversa, xalqimiz shaksiz bunday toifadagi kishilarga boy. Bejiz biz o‘zbek – o‘z-o‘ziga bek deb nom olmaganmiz – aksarimizning tabiatimizda mustaqil faoliyat yuritish istagi ko‘proq. Birovga ishchi bo‘lishdan ko‘ra.

Buning ustiga, ish beruvchi-ishchi munosabatlari bizda ijobiy tusda shakllanmagan va qachon shakllanishini faqat Yaratganning o‘zi biladi – bizda ishchi ish beruvchi oldida haqsiz bir mavjudot maqomida. Ishchining huquqlari esa faqat qog‘ozdagina mustahkamlangan.

Shuning uchun O‘zbekistonning aholisi zich hududlarida ekin yerlarini va bo‘lajak tadbirkorlarni birlashtirish asnosida bu yerda iqtisodiy faol o‘rta sinfni yuzaga keltirish mumkin. Bundan yuksakroq maqsad bo‘lishi ham mumkin emas. Nega?

Zero, yuqorida aytganimizdek, gap minglab oilalarning yaratuvchanlik iqtidorini yuzaga chiqarish haqida ketyapti. Bundan muhimroq vazifa bo‘lishi mumkin emas. Aynan shunday tadbirkor sinf kelajakda qishloqlarni obod qiladi, chunki iqtisodiy faol qatlam o‘zi yashab turgan joyni obod qilishga moyil bo‘ladi. Hozirgi achinarli ahvoldan chiqib olishning yagona yo‘li shu o‘zi.

Yana bir bor ta'kidlaymiz – qishloqlarda mustaqil kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish ularni – qishloqlarni tadbirkorlik o‘choqlariga, iqtisodiy hayot qaynagan maskanga aylantiradi.

Bularning barchasi aholisi zich hududlarda kichik yer egalari sinfini yaratish qishloq hayotini yangicha sifat darajasiga ko‘taradi degan xulosani beradi.

Aholisi zich bo‘lgan hududlarimizda kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish g‘oyasi yana ba'zi e'tirozlar keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan, bir kartada bir necha dehqon faoliyat yuritsa-yu, har biri turli ekinlarni eksa, unda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, zararkunandalarga qarshi kurashish qiyin bo‘lib qoladi, degan e'tiroz.

Biroq, bu xavotirlarning zamirida ham asos yo‘q – bir joyda faoliyat yuritadigan dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, kelishib o‘zaro kooperatsiya qilishni o‘rganishadi. Bu tabiiy jarayon, xalaqit qilishmasa bo‘lgani.

Yana bir o‘rinsiz xavotir – yerlarda ekin ekmasdan odamlar uylar qurib oladi, degan xavotir...

Buni endi hatto sharhlashni istamaydi kishi, axir ekin ekiladigan joyga qurilish qilish mumkin emas va buni nazorat qilish katta qiyinchilik tug‘dirmaydi.

To‘g‘ri, hech bir islohot mukammal bo‘lmaydi – islohotlar yo‘lida nimalardir qurbon beriladi, qaysidir yo‘qotishlarga ko‘z yumiladi. Nega? Chunki yo‘qotishlardan ko‘ra ma'lum islohot natijasida erishiladigan yutuqlar barcha yo‘qotishlarning o‘rnini bosib ketishi kutiladi.

O‘z vatanida ne qilarini bilmay, o‘zga yurtlarda gastarbayter bo‘lib yurgan, aksar oilalarini, yosh farzandlarini yillab uyda qoldirib uzoqda yurgan bir armiya qishloq yoshlarini o‘z ona yurtlarida iqtisodiy faol qatlamga aylantirishdan ulkanroq maqsad bormi shu tobda?

Tan olish vaqti keldi – irsiy fondimizni o‘zida olib yurgan avlodni ko‘chada qoldirdik. Gastarbayter maqomini ko‘tarib yurishga, ruhiy majruhlikka majbur qildik. Bu bilan hatto hali tug‘ilmagan avlodning ruhini sindirdik. Zero, ota-onaning ruhiy holati hali tug‘ilmagan zurriyodning ruhiga ta'sir etadi.

Bundan tashqari... biz oz emas-ko‘p emas millionlab onalarni (ularning orasida yosh kelinchaklar) uylarida erlarisiz yolg‘iz qoldirdik. Oz emas-ko‘p emas – bir avlod rasman to‘liq, aslida to‘liqsiz oilalarda katta bo‘ldi, ota tarbiyasidan mosuvo bo‘lib yetishdi va yetishyapti. Millionlab iqtidorlarni esa yerga ko‘mdik.

Holbuki, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Millionlab mehnat migratsiyasining oldini olishimiz mumkin edi, qishloqlarda oyog‘ida mustahkam turuvchi tadbirkor sinfni yuzaga keltirishimiz mumkin edi, iqtidorlarni yuzaga chiqarish uchun barcha omillarimiz bor edi – shuncha yerlar, shuncha imkoniyat.

Paxta, bug‘doy yoki yer emas oliy qadriyat, Inson – oliy qadriyat. Dunyo – yer-u osmon Inson uchun yaralgani aytiladi muqaddas masdarlarda. Hadisda Allohning elchisi Ka'batullohga qarab: «Albatta, mo‘'minning hurmati Allohning nazdida bu baytning hurmatidan ulug‘» dedilar.

Balki shu uchun ishlarimiz o‘nglanmayotgandir – Insonni aziz qila olmayotganimizdan?

Buyuk Alloh aziz qilganni xor qilish – Koinot miqyosidagi jinoyat.

Ayniqsa, barcha sharoit bo‘la turib, millionlarni, bolalari va ota-onalarini tashlab, uzoqlarga ishlashga ketishga mahkum etganimiz... ulkan jinoyat bo‘ldi.

Fuqarolik jamiyatini, ya'ni faol, ongli kishilardan iborat jamiyatni qurmoqchi bo‘lyapmiz. Biroq bu uchun o‘sha faol, ongli, har tomonlama oyog‘ida mustahkam turadigan, ham ma'nan, ham moddiy jihatdan baquvvat kishilar sinfi yuzaga kelishi kerak. Xususan, qishloqlarimizda ham.

Bunaqa sinf esa osmondan tushmaydi. U yuzaga kelishi uchun hozirda iqtidorlarini ichida saqlab kelayotgan, ro‘yobga chiqara olmayotgan minglab kishilarning qo‘liga o‘sish, rivojlanish, faol bo‘lish omillarini berish kerak. Qishloqlarimizda bunday omillardan faqat... yer mavjud. Va shuning o‘zi betakror imkoniyat.

Hokimlar esa dehqonlarning ishiga aralashmasligi kerak, mutlaqo. Manfaat stimulining o‘zi dehqonning harakatlarini yo‘naltiradi. Davlat idoralarining bu yerda vazifasi esa faqat yordam berishdan iborat bo‘lishi kerak.

Darvoqe, yerlar dehqonlarga erkin foydalanish uchun topshirilsa, dehqonlar suv uchun talashib qolishadi degan xavotir ham bor.

Ammo... aslida biron narsaga talashish, tartibsizlikka moyillik – o‘zaro kooperatsiya qilish, kelishib ishlashga bo‘lgan ko‘nikma yo‘qolib ketganidan darak. Boshqacha qilib aytganda, bizdan bu ko‘nikmalar tortib olindi, biz ongsizlantirildik. Endi esa tuzalish kerak. Bu esa mustaqil faoliyat bilan bo‘ladi. Boshqa narsa bilan emas.

Xulosa shuki, biz o‘zimizga berilgan, shundoq oyog‘imiz ostiga tashlangan imkoniyatlardan foydalanmay kelyapmiz. Issiq quyosh, mintaqadagi eng serhosil yerlar, millionlab mustaqil dehqon bo‘lishni, mustaqil, hokimlar tazyiqi va aralashuvidan xoli faoliyat yuritishni orzu qilib kelayotgan qishloq yoshlari.

Yana bir jihat. Ko‘plab agrar rivojlangan davlatlar tabiiy gaz zaxiralari bo‘lmay turib ham issiqxonalar mamlakati deb nom olishgan. O‘zbekiston esa gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Buning ustiga bizda qish mavsumi qisqa – ko‘p gaz yoqishning keragi ham yo‘q – issiqxonachi sovuq kunlardan o‘tib olsa bo‘lgani.

Demak, biz yuqori rivojlangan qishloq xo‘jaligiga ega bo‘la olamiz. Bu uchun aholisi zich hududlarimizda erkin kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirishimiz kerak. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yo‘llarini ochib qo‘yishimiz, tadbirkor va dehqonlarning ishlariga hokimlarning aralashuviga chek qo‘yishimiz darkor.

Mavjud achinarli holatimiz tabiiy, bundan boshqasi mumkin emas edi, deganlar bekor aytibdi – imkoniyatlari bizdan ko‘ra ancha kam mamlakatlar bizdan ko‘ra ancha yaxshi yashashyapti. Biz faqat o‘zimizda bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Eng muhimi, insonni birinchi o‘ringa qo‘yishimiz kerak, paxta yoki boshqa narsani emas.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: