«Qrim - bu Ukraina». Jo Bayden AQSh Qrim Rossiyaga qo‘shilganini hech qachon tan olmasligini aytdi

Jahon 20:23 / 26.02.2021 32659

«Qo‘shma Shtatlar bugungi kunda ham bu ziddiyat boshidan buyon bo‘lgani kabi Ukraina va uning ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu noxush sanada biz yana bir bor oddiy haqiqatni ta'kidlamoqchimiz: Qrim — bu Ukraina. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yarim orolni egallab olganini hech qachon tan olmaydi, biz Ukraina bilan birga Rossiyaning tajovuzkor harakatlariga qarshi turamiz», degan u.

Jo Bayden 26 fevral kuni Rossiya xalqaro huquq va zamonaviy davlatlarning o‘zaro munosabatlari normalarini, shuningdek, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzgan holda «Qrimga bostirib kirgani»ga yetti yil to‘lganini eslatib o‘tgan.

Rossiya hukumati avvalroq Qrim va Sevastopol xalqaro huquq doirasida RF tarkibiga kirganini iddao qilgandi.

  • Qrim 2014 yil 16 martida o‘tkazilgan referendum asosida Rossiya tarkibiga kiritilgandi. O‘shanda Qrimda RF qurolli kuchlarining harbiy bo‘linmalari joylashtirilgandi, prezident Vladimir Putin bu harbiylar «Qrim xalq mudofaa kuchlariga ko‘mak sifatida yuborilgani» haqida aytgandi. 17 mart kuni Qrim parlamenti mustaqillik haqida farmon qabul qilib, Qrimni Rossiya tarkibiga sub'yekt sifatida qo‘shib olish uchun murojaat qiladi. 18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim Respublikasini mustaqil davlat sifatida tan olish haqida qaror imzolaydi. Shu kunning o‘zida Rossiya va Qrim respubikani va Sevastopol shahrini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritish bo‘yicha kelishuv imzolashadi.
  • 2014 yil 27 mart kuni BMT Bosh assambleyasi Ukraining hududiy yaxlitligini tan oladigan rezolyutsiyani qabul qilgan. Unda referendum qonuniy kuchga ega bo‘lmaganligi aytilgan.
  • Qrim Rossiyaga qo‘shib olinishi fonida AQSh hukumati Ukrainadagi voqealar tufayli rossiyalik amaldorlarga qarshi sanksiyalar joriy etadi. Bundan tashqari, Amerika hukumati Qrim bilan har qanday iqtisodiy aloqalarni taqiqlaydi. Jumladan, Amerika mahsulotlari, texnologiyalar va xizmatlar Qrimga eksport qilinishi taqiqlanadi.
  • 2017 yilning dekabrida BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Qrim va Sevastopolni «vaqtincha okkupatsiya qilgani»ni qoralaydigan va «anneksiyaning tan olinmasligi» ta'kidlangan rezolyutsiyani qabul qilgan.
  • 2020 yilda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim avtonom respublikasi va Sevastopol shahri ishg‘ol qilinishiga qarshi qarshilik kunini ta'sis etadi va bu kun har yili 26 fevralda nishonlanadigan bo‘ladi.
Ko‘proq yangiliklar: