NATO Armanistonni eskalatsiyaga olib keladigan harakatlardan tiyilishga chaqirdi

Jahon 00:13 / 26.02.2021 5171

NATO Armanistondagi inqiroz tomonlarini mamlakatda vaziyatning keskinlashishiga olib keladigan harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda 25 fevralda alyans vakili Oana Lungesku ma'lum qildi.

“Biz o‘z sherikimiz bo‘lgan Armanistonda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Keyinchalik keskinlashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan so‘zlar yoki harakatlardan qochish kerak. Har qanday siyosiy kelishmovchiliklar Armaniston konstitutsiyasiga muvofiq tinch va demokratik yo‘l bilan hal qilinishi kerak”, - deb yozgan Lungesku Twitter’da.

Armanistonda qurolli kuchlar bosh shtabining harbiylar bosh vazir va hukumatning iste'fosini talab qilmoqda degan bayonoti chiqarilgandan so‘ng, 25 fevral ertalabdan respublika bosh vaziri Nikol Pashinyanning muxoliflari va tarafdorlarining ommaviy harakatlari boshlandi. Bayonotga qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyan, uning o‘rinbosarlari, idora va korpus rahbarlari imzo chekdilar. Pashinyan buni harbiy to‘ntarishga urinish sifatida qabul qildi va bosh shtab boshlig‘ini lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qarorini ma'lum qilgan. Mamlakat prezidenti Armen Sarkisyan konstitutsiyaga binoan bosh vazirning taklifiga ko‘ra bosh shtab boshlig‘ini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi. Biroq prezident hali bosh shtab boshlig‘ini lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolamagan.

Ayni paytda, Armaniston Mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlarini siyosiy jarayonlarga jalb qilishga qaratilgan har qanday urinishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi degan bayonot bilan chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: