«Haydovchiga 40 million so‘mgacha sug‘urta puli to‘lab beriladi». Majburiy sug‘urta tizimi va undagi yangilik haqida

Iqtisodiyot 22:45 / 26.02.2021 40394

Hukumat qarori bilan 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistonda elektron sug‘urta polisi – «E-polis» ishga tushadi.  Kun.uz yangi sug‘urta polisi haqida ma'lumotlarni o‘rganib, asosiy o‘zgarishlarni taqdim etadi.

Dastlab yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tizim haqida

«E-polis» – majburiy sug‘urta polisining internetdan sotib olingan va elektron shaklda muomalaga chiqarilgan ko‘rinishidir. Yuridik jihatdan elektron va qog‘oz shaklidagi polislar bir xil kuchga ega bo‘ladi.

Hujjatni rasmiylashtirish To‘lovlarning kafolatlash jamg‘armasi sayti orqali amalga oshiriladi. Internetda buyurtma berish uchun so‘ralgan ma'lumotlar tizimga kiritiladi. To‘lov puli o‘tkazilgach, elektron sug‘urta polisi avtomatik ravishda ko‘rsatilgan manzilga kelib tushadi. Uni oddiy qog‘ozda chop etib olish ham, smartfonda olib yurish ham mumkin bo‘ladi.

«E-polis» olinsa-yu, smartfon qayerdadir unutib qoldirilsa nima bo‘ladi?

Elektron sug‘urta tizimi ishga tushsa-da, qog‘ozli polis ham amalda bo‘ladi. Bunda ikkala shakl teng kuchga ega.

Amaldagi tartibda agarda haydovchi yonida sug‘urta polisi bo‘lmasa, uning mashinasi jarima maydoniga olib borilmaydi. Ammo jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar elektron sug‘urta polisini olgan haydovchilarga har ehtimolga qarshi oddiy qog‘ozga ham nusxa olib yurishni tavsiya qilishmoqda. Chunki uni rasmiylashtirish oson, lekin smartfon zaryadi, uning yo‘qolish ehtimoli deganday...

Elektron sug‘urta polisining qanday qulayliklari bor?

Avvalo, u vaqtni tejaydi. Sug‘urta kompaniyalari yoki agentlarni qidirib yurish ham yo‘q. Ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini oladi.

Haydovchi uni o‘z smartfoni yoki istalgan kompyuter qurilmasidan internet orqali olishi mumkin. Bunda sug‘urta agentlari tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarga ham yo‘l yo‘q. Chunki har bir mijoz elektron polisni bevosita sug‘urta kompaniyasining o‘zidan avtomatik ravishda sotib oladi.

Qolaversa, bu tizim inson omilisiz ishlagani tufayli korrupsiyaning oldini olishda ham qo‘l kelishi mumkin.

Ayni paytda O‘zbekistonda 17ta sug‘urta kompaniyasi elektron sug‘urta polislarini rasmiylashtirish vakolatiga (litsenziyaga) ega.

Transport vositalari egalarini majburiy sug‘urta qilish turi bo‘yicha To‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi mavjud bo‘lib, bu jamg‘arma 2008 yildan beri faoliyat yuritadi. Tashkilot saytida (tkj.uz) barcha sug‘urta kompaniyalarining ro‘yxati bor.

Elektron polis narxi haqida

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi bo‘yicha majburiy sug‘urta masalasida Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Botir Usmonaliyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur sug‘urta miqdori Vazirlar Mahkamasining 222-sonli qarori asosida belgilangan. Bunda Toshkent shahri va viloyati uchun alohida, respublikaning boshqa hududlari uchun alohida narx amal qiladi.

«Yengil avtomobillar uchun sug‘urta rasmiylashtirish narxi Toshkent shahri va viloyatida 56 ming so‘m, boshqa hududlarda 40 ming so‘mni tashkil etadi. Javobgarlik miqdori esa respublika bo‘yicha teng – 40 million so‘mgacha .

Hozirda sug‘urta kompaniyasi har bir transport vositasi uchun 40 million so‘mgacha to‘lab berish majburiyatini oladi. Uning 35 foizi mulk uchun yetkazilgan zararga to‘lanadi. Ya'ni javobgarligi sug‘urta qilingan haydovchi YTH natijasida kimgadir zarar yetkazgan bo‘lsa, o‘sha zarar ko‘rgan haydovchining mulkiga 35 foiz to‘lab beriladi. Agar u haydovchi, yo‘lovchi yoki passajir sog‘ligiga ham zarar yetkazgan bo‘lsa, 40 million so‘mning 65 foizigacha to‘lab beriladi», – dedi agentlik rasmiysi.

Avtomobillarga majburiy sug‘urta deganda nimani tushunish kerak?

«Majburiy sug‘urtani ko‘pchilik to‘g‘ri tushunmaydi», – deydi Botir Usmonaliyev.

Mutaxassisga ko‘ra, ayrim haydovchilar mashinasi «avariya» bo‘lgan paytda «sug‘urta kompaniyasi menga sug‘urta puli to‘lab bermadi», degan e'tirozlar bildirishadi.

«Majburiy sug‘urta, deganda transport vositasi sug‘urta qilinmaydi. Bunda uni boshqarayotgan egasining fuqarolik javobgarligi sug‘urtalanadi. Ya'ni boshqarayotgan paytda boshqa transport vositasi bilan «avariya» sodir qilib uchinchi shaxsning mashinasiga zarar yetkazsa, albatta bu odam javobgar bo‘ladi. Ana o‘sha javobgarligi sug‘urta kompaniyasi tomonidan sug‘urta qilinadi. Bu yerda o‘zining mulki sug‘urta qilinmaydi, aksincha boshqa fuqarolar oldidagi javobgarligi sug‘urtalanadi.

YTHda bir vaqtning o‘zida o‘zining ham mulkiga zarar yetadi. Lekin uning mulki mazkur sug‘urta turiga kirmaydi», – dedi agentlik mutaxassisi.

Ta'kidlanishicha, zarar ko‘rgan fuqaro oldida xato qilgan haydovchining javobgarligi yuzaga keladi, ya'ni u odamning mulkiga zarar yetkazib qo‘ydi. Shuning uchun u insonning mulkiga yetkazilgan zarar qonun bo‘yicha to‘lanishi kerak. Sug‘urta qilingan bo‘lsa, o‘sha sug‘urta orqali yetkazilgan zarar qisman qoplab beriladi.

Agar sug‘urta qilinmagan bo‘lsa, To‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasiga murojaat qilish mumkin. Jamg‘arma jabr ko‘rgan haydovchi mulkiga yetkazilgan zararni to‘lab beradi. Undan keyin pullar javobgardan tegishli  tartibda undiriladi. Chunki aybdor odamning o‘sha paytda zararni qoplab berishga moddiy imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Yordam tariqasida jamg‘arma to‘lab beradi. Agar sug‘urtasi bor odam zarar yetkazgan bo‘lsa, qaysi sug‘urta kompaniyasidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha tashkilot to‘lab beradi.

Sug‘urta tizimiga davlat aralashuvi qanchalik to‘g‘ri?

Aynan majburiy sug‘urta tizimiga davlat aralashishi natijasida haydovchilar uchun ijobiy o‘zgarish bo‘lgani ta'kidlanadi. Xususan, avvallari 100 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan polis, hukumat qarori bilan 56 ming so‘m va 40 ming so‘mga tushirildi. Agar ixtiyoriy bo‘lsa, narx bir necha marta oshib ketishi mumkin. Qarordan oldin javobgarlik summasi 12 million so‘m edi. Bu qarordan keyin javobgarlik 40 million so‘mgacha oshirildi.

«Javobgarlik summasining oshirilgani sug‘urta kompaniyalari daromadini kamaytirdi va riksni 4 martaga oshirdi. Ammo xalq uchun juda yaxshi o‘zgarish qilingan», – dedi suhbatdosh.

Botir Usmonaliyevning ma'lum qilishicha, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha davlat aralashuvi yo‘q. Har bir sug‘urta kompaniyasi oldindan sug‘urta risklarini hisob-kitob qiladi, tarif belgilaydi va shu asosda sug‘urta qilib beradi.

2020 yildagi majburiy sug‘urta bo‘yicha pul aylanmasi

2020 yil davomida Transport vositalari egalarining majburiy sug‘urtasi bo‘yicha 3 million 326 ming 727 ta shartnoma tuzilgan. Kompaniyalarga kelib tushgan mablag‘lar 173 milliard 324 million 800 ming so‘m bo‘lgan.

Shundan haydovchilar uchragan avtohalokatlar sug‘urtasi uchun to‘lab berilgan jami summa 67 milliard 900 million so‘mni tashkil etgan.

Islombek Umaraliyev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: