AQSh Suriyadagi guruhlarga aviazarba berdi. Bu – Baydenning prezidentlikdagi ilk harbiy amaliyoti

Jahon 12:55 / 26.02.2021 22781

Amerika harbiy-havo kuchlari prezident Jo Baydenning ko‘rsatmasi bilan 26 fevralga o‘tar kechasi Suriya hududida davomli aviazarbalar amalga oshirdi. Hujumlar nishoni «Kataib Hizbulloh», «Kataib Said al-Shuhada» va Eron ta'siridagi boshqa guruhlarning o‘q-dori omborlari bo‘lgan. Hujum AQShning aksilterror koalitsiyadagi hamkorlari bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan, ammo parvozlarda ittifoqchilarning samolyotlari ishtirok etmagan.

Zarbalar Suriyaning Iroq bilan chegara hududidagi obektlarga berilgan. Pentagondagilar jami bo‘lib yetti obekt nishonga olingani, shu jumladan, jangarilar Iroq hududida qurol-yarog‘ o‘tkazish uchun foydalanadigan chegara nazorat punkti yo‘q qilingani haqida ma'lum qilgan. Syrian Observatory for Human Righs tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida 17 jangari o‘ldirilgan, shuningdek, o‘q-dori yuklangan uchta yuk mashinasi yo‘q qilingan.

Bu zarbalar yaqinda jangarilarning Iroqda AQSh harbiy xizmatchilari foydalanadigan obektlarga qilingan qilingan hujumlariga javoban amalga oshirildi. 15 fevral kuni kurdlar nazoratidagi hududda - Arbildagi aeroportda Amerika bazasiga raketa orqali zarba berilgan, natijada bir kurd xizmatchi halok bo‘lib, amerikalik harbiylar, jumladan, AQShdan kelgan bir necha mutaxassis jabrlangandi. Bir necha kun o‘tib Bag‘dod shimoliga artilleriyadan zarba berilishi oqibatida bir amerikalik jarohat oldi. 22 fevral kuni esa  Iroq poytaxtidagi Amerika elchixonasi hududi o‘qqa tutilgan — bu holatda jabrlanuvchilar bo‘lmagan. «Kataib Hizbulloh» bu hujumlarga aloqadorligini rad etib chiqqan. 

Ameriklik amaldorlardan biri Reuters bilan suhbatda Bayden jangarilarning harakatlariga javoban eng yumshoq variantni qo‘llaganini aytib o‘tgan. U bunday zarbalar AQSh tomonidan har qanday dushmanona harakatlarga javob bo‘lishi haqidagi signal vazifasini o‘tashi, AQShning maqsadi ziddiyatni keskinlashtirish emasligini qayd etib o‘tgan. «Bunday reaksiya tiyib turuvchi omil bo‘lib, Eron, ushbu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan proksi-guruhlar va butun dunyodagi dushmanlarimizga AQShga qarshi har qanday hujum javobsiz qolmasligini eslatib turadi», degan Vakillar palatasidagi xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mita a'zosi Maykl Makkol. 

Hozircha so‘nggi voqealar AQShning Eron bilan «yadroviy kelishuv» bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarligiga nechog‘lik ta'sir ko‘rsatishi aniq emas. Jo Bayden bir necha marta prezidentlikka kirishgach AQShning Donald Tramp ma'muriyati davrida Eron bilan kelishuvdan chiqishi masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi. Rasmiy Tehron yanvar oyi boshida yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarishni tiklagan, shu bilan birga, AQSh tomonidan muzokaralar tomon qadam tashlansa, bu borada yon berishga tayyorligini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: