Armaniston qurolli kuchlari yana bir bor Pashinyanning iste'fosini talab qildi

Jahon 17:10 / 25.02.2021 4651

Armaniston qurolli kuchlari bosh shtabi bosh vazir Nikol Pashinyaning iste'fosini talab qilib ikkinchi marta bayonot bilan chiqdi. Bu haqda «Sputnik Armaniston» Telegram-kanali xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, rahbariyatning avvalgi bayonoti kimningdir bosimi ostida tayyorlanmagan.

«Bu general va ofitserlarning aniq ishonchi va pozitsiyasi bo‘lib, maqsad yagona – bu og‘ir vaziyatda vatanni qutqarishga xizmat qilish. Aniq pozitsiyamizni yana bir bor tasdiqlaymiz», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq Armaniston qurolli kuchlari bosh shtabi qo‘mondoni o‘rinbosari Tiran Xachatryan ishdan bo‘shatilishi ortidan mamlakat qurolli kuchlari bosh vazir Nikol Pashinyanning iste'fosini talab qilib chiqqandi.

Xachatryan Nikol Pashinyanni rossiyaliklarning «Iskander» rusumli zenit-raketa majmuasi samarasizligi haqidagi gaplari uchun mazax qilganligi bois iste'foga chiqarilgandi.

News.am nashri 40 nafar yuqori martabali harbiy amaldor tomonidan imzolangan armiya bayonotidan iqtibos keltirgan. Unda harbiylar bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Tiran Xachatryanning ishdan olinishidan darg‘azab bo‘lishgani ma'lum qilinadi.

Bosh shtab bayonotida Xachatryanni ishdan olish qarori «uzoqni ko‘rabilmaslik va asossiz sabablar» bilan qabul qilingani, «Armaniston Respublikasining milliy va davlat manfaatlari hisobga olinmagani» aytiladi.

Pashinyanning o‘zi feysbuk orqali chiqishida armiya bayonotini harbiy davlat to‘ntarishiga urinish deb baholagan.

Ko‘proq yangiliklar: