Microsoft rahbari Rossiyani AQSh tarixidagi eng xavfli kiberhujumda aybladi

Jahon 14:38 / 24.02.2021 4966

Keng miqyosda surishtiruv olib borayotgan Microsoft kompaniyasi AQSh tarixidagi eng xavfli kiberhujum deyilayotgan Sunburst hakerlik hujumini Rossiyadan boshqa davlat amalga oshira olmaydi deb hisoblamoqda. Boshqa texnologiya kompaniyalari ham bu fikrga qo‘shilgan. Bu haqda Microsoft korporatsiyasi prezidenti Bred Smit AQSh senatining razvedka bo‘yicha qo‘mitasida o‘tkazilgan eshituvlarda ma'lum qildi.

"Biz Rossiya razvedkasiga olib boruvchi dalillarni aniqladik va boshqa joyga olib boradigan dalil topmadik", - dedi Smit.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujum boshlangan SolarWinds kompaniyasi tizimlariga kirishga imkon bergan kodni yaratish uchun mingdan ortiq yuqori malakali dasturchi ish olib borishi kerak. Bu esa mazkur hujumda davlat tuzilmalari ishtirok etganligini ko‘rsatadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hakerlar 2020 yil martda SolarWinds kompaniyasi tizimini buzib kirishgan. Kompaniya kompyuter tizimlarini boshqarish va xavfsizligini ta'minlashga mo‘ljallangan dasturiy ta'minot ishlab chiqaradi. Bunda SolarWinds hakerlar uchun nishon emas, balki AQSh hukumat muassasalari kompyuterlariga zararli dastur joylash uchun yo‘l bo‘lgan.

Hakerlar ushbu dastur orqali qariyb 8 oy davomida o‘nlab davlat muassalari kompyuterlarini kuzatib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: