Koronavirus vaksinalari: qaysi biri qanaqa?

Jahon 13:41 / 24.02.2021 12750

Shu kungacha besh vaksina – Moderna, Pfizer, Novavax, Johnson & Johnson va AstraZeneca kompaniyalarining preparatlari bu sohada pionerlar hisoblanadi. Yaqin oylar ichida bu vaksinalar nafaqat millionlab jonlarni saqlab qoladi, balki sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan aql bovar qilmas bosimni yengillashtiradi va frontning old qatorida tinimsiz va fidokorona xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlariga biroz tin olish imkonini beradi.

Quyida yetakchi vaksinalar solishtirilgan va siz ularning samaradorligi 66 foizdan 95 foizgacha ekanini ko‘rishingiz mumkin. Bu juda katta farqdek ko‘rinsa-da, Yyel universiteti infeksionisti, Pfizer vaksinasining tadqiqot qilish bo‘yicha rahbari Onyyema Ogbuaguning ta'biri bilan aytganda, «olma va apelsinni solishtirish» kabi samaradorlik darajasini chog‘ishtirish oldida hech narsa emas.

Bu vaksinalarning ayrimlari (masalan, Johnson & Johnson’s) Janubiy Afrika respublikasi kabi koronavirusning xavfliroq va nisbatan yangi shtammlari tarqalgan hududlarda ham sinalgan bo‘lsa, Moderna va Pfizer kabi vaksinalar Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika shtammlari chiqishidan avvalroq sinovdan o‘tkazib bo‘lingan edi.

Eng muhim jihat – vaksinalar kasallikdan asrashda qanchalar farq qilmasin, shu paytgacha bu vaksinalarni olgan biror inson koronavirus tufayli vafot etmadi yoxud kasalxonaga yotqizilmadi. Og‘ir kasallikdan muhofazalash barcha ukollar qila oladigan yaxshi natijadir. Binobarin, hatto qoyilmaqom bo‘lmagan vaksina ham pandemiyaga barham berishda benazir ko‘makchi bo‘la oladi.

Quyida koronavirusga qarshi yetakchi vaksinalar haqida asosiy ma'lumotlar keltirilgan:

Pfizer/BioNTech

PHOTONEWS VIA GETTY IMAGES

Qay yo‘sinda ta'sir qiladi: Pfizer (mRNA) tipidagi vaksina bo‘lib, odam hujayralariga koronavirusga qarshi immun tizimini ishga tushirish va qanday ishga tushirish bo‘yicha yo‘riqnoma jo‘natadi.

Samaradorligi: simptomatik kasallikka qarshi 95 foiz.

Dozasi: 21 kun oralig‘ida ikkita inʼeksiya.

COVID-19 mutatsiyalariga qarshi ta'siri: ta'sir qiladi. Emlangan odamlarning qoni laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda, yangi variantlarga (masalan, Janubiy Afrikada topilgan) nisbatan vaksinaning samaradorligi biroz pasayishi mumkin, lekin emlanganlarni yaxshi muhofaza qila oladi. Albatta, laboratoriyadagi tahlillarni mustahkamlash uchun ko‘proq argument kerak bo‘ladi.

Yangi variantlarga qarshi moslashtirish qanchalar oson: juda ham oson. Vaksina ikki kundayoq o‘zgartirilishi mumkin. Ogbuaguning so‘zlariga ko‘ra, Pfizer mutatsiyalarga qarshi tezroq ta'sir qiladigan inʼeksiya ustida ishlashni boshlab yubordi. Sog‘liqni saqlash sohasi mulozimlari sinovlar va tasdiq qay tarzda bo‘lishini talab qilishi eng katta masala. Shuning uchun bu masalada kechikish bo‘lishi mumkin.

Nojo‘ya ta'sirlari: aksar odamlar qo‘lning inʼeksiya qilingan joyida og‘riq his qilishgan. Vaksina olgan odamlarning yarmi ikkinchi dozadan keyin et uvishishi, holsizlik va boshog‘rig‘i kabi grippga o‘xshash simptomlarni his qilishlari mumkin. Lekin immun tizimi o‘z ishini qilayotganidan dalolat.

Saqlanishi: mRNA vaksinalar judayam nozik bo‘lib, muzlatkichlarda noldan past darajada (Tselsiy shkalasi bo‘yicha -67) saqlanishi shart.

Tasdiqdan o‘tganmi: uchinchi faza sinovlari 2020 yilning qishida nihoyasiga yetkazilgan va favqulodda holatda foydalanishga ruxsat berilib tarqatilmoqda.

Yetkazilishi: Bu AQShda tasdiqdan o‘tgan va iste'molga kiritilgan ilk vaksina bo‘lib, Bayden ma'muriyati 100 million doza sotib olishga ulgurdi. «AQSh aholisining kamida uchdan biri Pfizer vaksinasi bilan emlanadi. Pfizer bu yerda pandemiyaga barham berishda eng katta hissa qo‘shganlardan biri bo‘ladi», deydi Ogbuagu.

Moderna

ALLEN J. SCHABEN VIA GETTY IMAGES

Qay yo‘sinda ta'sir qiladi: Pfizer kabi Moderna ham mRNA texnologiyasidan foydalangan.Samaradorligi: simptomatik kasallikka qarshi 94,5 foiz.

Dozasi: 28 kun oralig‘ida ikki inʼeksiya.

COVID-19 mutatsiyalariga qarshi ta'siri: bu vaksina Janubiy Afrika respublikasida chiqqan yangi shtammga qarshi samaradorligi biroz past deb hisoblanmoqda. Ammo laboratoriya sinovlari virusni bartaraf qilishi va himoya qila olishi mumkin. Shunga qaramay, buni yaxshiroq tushunish uchun ko‘proq ma'lumot kerak.

Yangi variantlarga qarshi moslashtirish qanchalar oson: xuddi Pfizer kabi. Moderna yangilash borasida ishga kirishgan va Janubiy Afrikadagi yangi shtammga qarshi tezroq ta'sir etuvchi preparatni sinovdan o‘tkazmoqda.

Nojo‘ya ta'sirlari: Pfizer’niki kabi: aksar mijozlar inʼeksiya qilingan joyda og‘riq sezishgan. Mijozlarning qariyb yarmi ikkinchi dozadan keyin et uvishishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi ta'sirlarni boshdan kechirishgan.

Saqlanishi: vaksina noldan past haroratda Tselsiy shkalasi bo‘yicha -20 darajada saqlanishi shart.

Tasdiqdan o‘tganmi: uchinchi faza sinovlari 2020 yilning qishida nihoyasiga yetkazilgan va favqulodda holatda foydalanishga ruxsat berilib tarqatilmoqda.

Yetkazilishi: Bayden ma'muriyati qo‘shimcha 100 million dozada Moderna vaksinasiga buyurtma berib qo‘ydi. Binobarin, AQSh aholisining yana uchdan bir qismi bu vaksina bilan emlanadi.

Novavax

SOPA IMAGES VIA GETTY IMAGES

Qay yo‘sinda ta'sir qiladi: Novavax’ning preparati sub-birlik oqsil vaksinasi (protein subunit vaccine) bo‘lib, uning tarkibida kichik, zararsiz va sintetik yo‘l bilan yaratilgan koronavirus parchasi bo‘ladi. Ana o‘sha parcha immun tizimini virusni tanib olish va unga qarshi turishga o‘rgatadi. Vaksina tarkibida haqiqiy tirik virus bo‘lmaydi.   

Samaradorligi: simptomatik kasallikka qarshi 89,3 foiz.

Dozasi: 21 kun oralig‘ida ikki inʼeksiya.

COVID-19 mutatsiyalariga qarshi ta'siri: juda ham yaxshi. Uning Buyuk Britaniya shtammiga qarshi samaradorligi 85,6 foiz, Janubiy Afrika shtammiga qarshi esa 60 foiz atrofida.

Yangi variantlarga qarshi moslashtirish qanchalar oson: mutaxassislar fikriga ko‘ra judayam oson. Novavax jamoasi tezkor doza ustida ishlashni boshlab yuborgan. Bu doza Janubiy Afrikada aniqlangan variantga qarshi bo‘lib, bir necha oy ichida sinovdan o‘tishiga umid qilinmoqda.

Nojo‘ya ta'sirlari: inʼeksiya qilinganda yengil og‘riq his qilinadi. Ayrim mijozlar holsizlik, boshog‘rig‘i va mushaklarda og‘riq his qilishi mumkin.

Saqlanishi: plyus haroratda bazaviy talablar asosida saqlanadi. Bu tashish va yetkazishni ancha osonlashtiradi.

Tasdiqdan o‘tganmi: 3-faza xulosalari bir necha hafta ichida e'lon qilinadi. Lekin ma'lumotlar tahlil qilinib, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi (FDA)ga tasdiqdan o‘tishga ariza topshiriladi. Novavax bilan may yoki iyun oyidan emlash boshlanishiga umid qilinmoqda.

Yetkazilishi: «Vaksinalar arsenali xush kelibdi», deydi Ogbuagu. Bu mRNA texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan vaksinalarga nisbatan samarasi pastroq, lekin sinovlar yangi shtammlarga qarshi o‘tkazilganini ham hisobga olish kerak. Boshqa vaksinalar yangi shtammlar aniqlanmasidan avvalroq sinab ko‘rilgan edi.

Johnson & Johnson

SOPA IMAGES VIA GETTY IMAGES

Qay yo‘sinda ta'sir qiladi: bunday preparatlar vektorli tirik vaksina deb atalib, adenovirus (oddiy shamollashga sabab bo‘luvchi virus) tanamizga virusni tanib olish va unga qarshi kurashish o‘rgatadi. Bu koronavirus bilan kasallanishga sabab bo‘lmaydi.

Samaradorligi: simptomatik kasallikda 66 foiz, o‘tkir kasallanishda 85 foiz, kasalxonaga tushish va o‘lim xavfidan 100 foiz himoyalaydi.

Dozasi: bir inʼeksiya.

COVID-19 mutatsiyalariga qarshi ta'siri: yaxshi, lekin umumiy samaradorligi biroz past. Vaksina AQShdagi sinovlarda 72 foiz, Braziliya varianti keng tarqalgan Lotin Amerikasida 66 foiz, B.1.351 varianti tarqalgan Janubiy Afrikada esa 57 foiz samaradorlik ko‘rsatgan. Shunga qaramay, bu vaksina kasalxonaga tushish va o‘limdan asraydi.

Yangi variantlarga qarshi moslashtirish qanchalar oson: tirik vektorli vaksinalarni o‘zgartirish mRNA vaksinalaridan farqli o‘laroq oson ish emas. Lekin mutaxassislar fikriga ko‘ra, o‘zgartirishga uncha ko‘p vaqt ketmaydi.

Nojo‘ya ta'sirlar: juda ham kam mijoz (9 foiz) isitmadan shikoyat qilgan. Boshqalarda odatiy simptomlar kuzatilgan: holsizlik, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va inʼeksiya qilingan joyda og‘riq.

Saqlanishi: odatiy sovitkichda.

Tasdiqdan o‘tganmi: J&J o‘zining xavfsizlik va samaradorlik haqidagi ma'lumotlarini oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi (FDA)ga fevral oyi boshida topshirgan. FDA ma'lumotlarni o‘rganib chiqqach, favqulodda foydalanishga ruxsat bergach, odamlar emlana boshlanadi.

Yetkazilishi: bir dozalik emlash vaksina olish va uni tarqatishda yangi davrni boshlab berishi mumkin. «Bu vaksinaning eng zo‘r jihatlaridan biri – uzoq va qishloq hududlariga ham yetib boradi. Shuningdek, bu saqlash sharoitlaridan bexavotir shifokorlarga bemalol berishimiz mumkinligini anglatadi», deydi Obama ma'muriyatida biomuhofaza mutaxassisi bo‘lib ishlagan, hozirda tez yordam shifokori bo‘lgan Deniyel Fagbuyi.

Oxford/AstraZeneca

NURPHOTO VIA GETTY IMAGES

Qay yo‘sinda ta'sir qiladi: adenovirus asosida.

Samaradorligi: simptomatik kasallikka qarshi 70 foiz.

Dozasi: ikki doza. Tadqiqotlarda dozalar orasidagi tanaffus 4 haftadan 12 haftagacha deb ko‘rsatilgan.

COVID-19 mutatsiyalariga qarshi ta'siri: Britaniya shtammiga qarshi yaxshi ta'sirga ega, hozirda Janubiy Afrika variantiga qarshi samaradorligi haqida ma'lumotlar to‘planmoqda.

Yangi variantlarga qarshi moslashtirish qanchalar oson: Johnson & Johnson vaksinasi kabi mRNA vaksinalaridan sekinroq, lekin amalda iloji bor.

Nojo‘ya ta'sirlari: inʼeksiya qilingan joyda og‘riq, holsizlik, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq, et uvishish va isitma kabi ta'sirlar kuzatilgan.

Saqlanishi: odatiy sovutgichda.

Tasdiqdan o‘tganmi: 3-faza sinovlari 2020 yilning kuzida tugagan va vaksina hozirda Yevropa Ittifoqi bo‘ylab favqulodda foydalanish ruxsati bilan tarqatilmoqda. AQShda esa, hanuz sinalmoqda va bahorgacha oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi (FDA) tasdig‘idan o‘tmasligi mumkin.

Yetkazilishi: vaksinaning uncha qimmat bo‘lmagan narxi va saqlash sharoitlariga talab ko‘p emasligi AstraZeneca’ning eng katta ustunliklaridir. «Sog‘liqni saqlash idoralariga vaksinani saqlash, tashish va aholiga yetkazish ancha oson bo‘ladi», deydi Fagbuyi.

Qaysi vaksinani olish kerak?

Bu fuqarolarning o‘zigagina bog‘liq bo‘lmagan masala. Hozircha vaksinalar taqsimoti farmkompaniyalar hamda jahon miqyosidagi tashkilotlar (BMTning COVAX dasturi) va davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar bo‘lyapti. Pandemiya nihoyasiga yetib, hayot odatiy maromga tushgachgina vaksinalar xususiy va individual tarzda sotuvga chiqish ehtimoli katta. Ungacha fuqarolarda o‘z hukumatlari kelishuvga erishgan kompaniyalar vaksinasini olishdan boshqa tanlov bo‘lmaydi. Yana bir variant ham bor – umuman vaksina olmaslik. Bu har kimning o‘ziga havola bo‘lgan ish.

Ko‘proq yangiliklar: