Chexiya aviakompaniyasi barcha xodimlarini ishdan bo‘shatishini ma'lum qildi

Jahon 20:38 / 24.02.2021 5626

Chex havo yo‘llari (CSA) aviakompaniyasi koronavirus pandemiyasi sababli yirik moliyaviy zarar ko‘rganligi uchun barcha 430 nafar xodimini ishdan bo‘shatishini e'lon qildi. Bu haqda Chexiya aviatsiya ekipajlari a'zolari kasaba uyushmasi raisi Tereza Leffelman ma'lum qildi, deb yozmoqda Novinky nashri.

"CSA xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bundan biz ham xabardor qilinganmiz. Aviakompaniya pandemiya sababli juda katta zarar ko‘rdi. Reyslar bekor qilingani uchun samolyotlar va ekipajlar to‘xtagan", - dedi Leffelman.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyadagi vaziyat qaltis va aksiyadorlik jamiyati hisoblanuvchi CSA davlatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashiga umid qila olmaydi. 

Chexiya havo yo‘llari rahbariyati kompaniyani qo‘llab-quvvatlashini so‘rab mamlakat hukumatiga murojaat qilgan. CSA davlatdan 1,1 mlrd kron (42,5 mln dollar) so‘ragan. Ammo mamlakat savdo-sanoat vaziri Karel Gavlichek kompaniyaga moliyaviy yordam berilmasligini aytdi.

CSA o‘tgan yil yozida 2021 yil fevraligacha 300dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatishini ma'lum qilgandi. O‘shanda kompaniyada 700 nafarga yaqin kishi ishlardi.

Aviakompaniya o‘z faoliyatini 1923 yilda boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: