Vaksina narxlari: Qaysi, kimga, qanchadan?

Jahon 13:39 / 23.02.2021 53903

Yanvar oyi oxirlarida Janubiy Afrika Respublikasi 1,5 million dozada AstraZeneca vaksinasiga buyurtma bergandi. Vaksinaning har bir dozasi afrikaliklarga 5,25 AQSh dollariga tushgani aytiladi. Bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga sotilayotgan narxdan ikki barobardan qimmatroq – AstraZeneca Qo‘hna qit'aga vaksinasining bir dozasini 2,15 dollardan sotyapti.

Yevropa Ittifoqiga sotilayotgan vaksina narxlarini Belgiyaning budjet va iste'molchilar bilan ishlash bo‘yicha federal davlat kotibi Eva de Bleyeker o‘z tvitter sahifasi orqali beixtiyor e'lon qilib yuborgan va vaksina ishlab chiqaruvchilarning bunday ma'lumot konfidensial xarakterga ega ekani haqidagi e'tirozlaridan keyin tvit darhol o‘chirilgan. Lekin chaqqon foydalanuvchilar skrin olishga ulgurishgan.

Janubiy Afrika Respublikasi rasmiysi Anban Pillayning aytishicha, hukumatga 5,25 dollar Jahon banki tasnifi bo‘yicha o‘rtachadan yuqoriroq kirimga ega mamlakatlar uchun ulgurji narx deb aytilgan. «Boshqa davlatlarga vaksinalar arzonroq berilishi sababini preparat ishlab chiqishga sarmoya kiritilgani bois chegirma berilishi bilan izohlashdi», deydi Pillay.

Bu prinsip «katta o‘yinchilar»ga nisbatan ham qo‘llangan. Yevropa Ittifoqi BioNTech va Pfizer kompaniyasini moliyaviy tomondan dastaklagani uchun vaksinani AQShdan arzonroq olyapti – Yevropaga 14,7 dollar, AQShga 19,5 dollar. Moderna vaksinasi esa AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilgani bois amerikaliklarga 15 dollardan, Yevropaga 18 dollardan shartnoma tuzilyapti.

AstraZeneca vaksinasi esa ancha arzonroq. Dozasi 2,15 dollar deyilganiga qaramay, Yevroittifoq 3, AQSh 4 dollardan to‘lashi kutilmoqda.

3-faza natijalari e'lon qilinish arafasida turgan Johnson & Johnson vaksinasi ham birmuncha arzon – 8,5 dollar atrofida turadi. Boshqa vaksinalardan farqli o‘laroq, bu preparat bir dozada olinadi.

AstraZeneca va Johnson & Johnson pandemiya davrida foyda qilmasliklarini e'lon qilishgan. Moderna va Pfizer esa bunday bayonot berishmadi. AstraZeneca pandemiya nihoyasiga yetgach, preparatdan foyda qilish huquqini saqlab qoladi.

«Vaksina narxlari emlash kampaniyasining bir omili, xolos. Buyuk Britaniya vaksinatsiya dasturiga ajratgan 11,7 millard funt sterlingning 2,9 milliardi besh xil turdagi 267 million vaksina sotib olish uchun ajratilgan», deyiladi Milliy Audit idorasi bayonotida.

O‘zining barcha fuqarolarini emlagan jahonda birinchi davlat bo‘lishga da'vogar Isroil Falastin muxtoriyati fuqarolarini bepul emlashdan bosh tortmoqda hamda Pfizer va Moderna vaksinalarining har bir dozasi uchun 23,5 AQSh dollaridan haq to‘lashni talab qilmoqda. Shunday katta chiqimda ham Isroil aholisining yalpi emlash, iqtisodiy tarafdan davlatni ikki kunga lokdaunga tushirishdan avloroq bo‘lib chiqmoqda. Isroil bitimning shartlaridan biri sifatida Pfizer’ga aholisining salomatlik to‘g‘risidagi ma'lumotlarini anonim tarzda berishga rozi bo‘ldi.

Afrikaning vaksinalari

Janubiy Afrika vaksina narxlari qimmatligi bois, preparatni olish rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. JAR hukumati 58,5 million aholisining 40 millionini emlashni ko‘zlagandi, lekin amalda bor-yo‘g‘i 10 million aholiga yetarli miqdorda vaksina olindi, xolos.

JSSTning vaksinani taqsimlash COVAX dasturi Afrikaga 600 million dozada vaksina ajratilishini rejalagan. Bu qora qit'aning 1 milliard 200 millionlik aholisining choragini emlashga yetadi. Biroq Janubiy Afrika Respublikasi daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar sirasiga kiradi va COVAX dasturi shartlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Jahon iqtisodiy forumining 26 yanvarda bo‘lib o‘tgan virtual majlisida JAR prezidenti Siril Ramafosa boy davlatlarni ortiqcha dozalarni baham ko‘rishga chaqirdi.

28 yanvarda 55 davlatni birlashtiruvchi Afrika Ittifoqi qo‘shimcha 400 million dozada vaksinaga buyurtma berilgani va umumiy hisobda 670 million dozaga shartnoma tuzilganini e'lon qildi. Janubiy Afrika Respublikasi asosiy benefitsiar bo‘lishi kutilmoqda. Hozirda Afrika aholisining yarmini emlashga yetarli darajada vaksinaga buyurtma berib qo‘yildi. Buyuk Britaniya esa aholisidan uch barobar ko‘proq vaksinaga bitim tuzib qo‘ygan.

«Boy davlatlar COVAX dasturida nazarda tutilgan vaksinalar uchun 27 milliard dollar to‘lab qo‘yishganda edi, juda ulkan iqtisodiy foyda ko‘rgan bo‘lishardi», deyiladi Tijoratni tadqiq qilish xalqaro kengashning bayonotida. Bayonotda kambag‘al davlatlarda vaksinatsiya qilishning kechiktirilishi global iqtisodiyotga 9,2 trillion dollarga tushishi qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: