Gruziyada yangi hukumat tasdiqlandi, Saakashvilining partiyasi yetakchisi qo‘lga olindi

Jahon 22:19 / 23.02.2021 14582

22 fevral kuni Gruziya parlamenti Irakliy Garibashvili boshchiligidagi yangi hukumat tarkibini tasdiqlagandi. Meliyaning tarafdorlari yangi bosh vazirning birinchi qiladigan ishi muxolifatchilar yetakchisini qo‘lga olish bo‘lishiga shubha qilishmayotgandi.

23 fevral kuni ertalab maxsus kuchlar Meliya va uning tarafdorlari yashiringan partiya idorasi eshigini buzib kirgan. Amaliyotda yuzlab politsiyachilar ishtirok etgan. Partiya rahbarini hibsga olish mobaynida politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalangan. Qo‘lga olingan muxolifotchi zirhli mashinada olib ketilgan. U 2019 yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

«Vazirlikning ko‘p marta ogohlantirish berishiga qaramay, partiya ofisiga yig‘ilganlar politsiyaning qonuniy talabiga bo‘ysunmadi va huquq-tartibot organlariga qarshilik ko‘rsatishdi. O‘z navbatida, politsiya o‘z majburiyatlarini bajarish uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan kuch va maxsus vositalarni ishga soldi», deyiladi IIV bayonotida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa amaliyotdan so‘ng 17 kishi tibbiy yordamga muhtojligi haqida ma'lum qilgan.

Bu vaqtda muxolifatchilarning vakillari, partiya tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, norozilik aksiyalari boshlashga chaqirishgan. «Garibashvili o‘ziga ham, Bidzina Ivanishviliga ham siyosiy qabr qazidi. Bu ishlar tez orada yakun topajak. Nika Meliya ozod qilinadi, biz esa g‘olib bo‘lamiz», degan jurnalistlarga «Yagona milliy harakat» vakili Zaal Udumashvili.

«Mamlakatda Ivanishvili-Garibashvilining komik diktaturasi o‘rnatilishi katta sharmandalik bo‘ladi», degan parlamentning sobiq spikeri Nino Burdjanadze.

Gruziya xalq himoyachisi (inson huquqlari bilan bog‘liq holatni nazorat qiluvchi) Nino Lomjariya Meliyaning qo‘lga olinishini sharmandalik deb atagan.

«Muxolifat partiya ofisiga reyd va muxolifatchilar yetakchisining hibsga olinishidan ortiq sharmandalik yo‘q. Bu Gruziyani G‘arb dunyosidan uzoqlashtirishi muqarrar», deyiladi Lomjariyaning bayonotida.

Shu bilan birga, Gruziyadagi hukmron partiya Meliyaning qo‘lga olinishini «namunali amaliyot» deb atagan. «IIV rahbari Vaxtang Gomelauridan har bir politsiyachi amaliyotni o‘z mansab vakolatini suiiste'mol qilmasdan o‘tkazgani uchun minnatdorman», degan partiya rahbari Irakliy Kobaxidze.

«Bugun biz shunga guvoh bo‘ldikki, biz - huquqiy va kuchli davlatmiz. Bizda kuchli politsiya va juda samarali harakatlanuvchi ichki ishlar vaziri bor», degan Garibavshili. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaning harakatlari Yevropa va Amerikadagi demokratiya standartlariga mos keladi.

Yangi hukumat
Dushanba kuni Gruziya parlamenti navbatdan tashqari yig‘ilishda Irakliy Garibashvili boshchiligidagi yangi hukumatga ishonch bildirdi.

Shu kunga qadar mudofaa vaziri lavozimida bo‘lgan Garibashvili hozirgi hukumat davrida Vazirlar Mahkamasiga ikkinchi marta rahbar bo‘lmoqda - u muqaddam ikki yil davomida - 2013 yil noyabridan 2015 yil dekabrigacha bosh vazir bo‘lgan.

Faqat ikki vazir o‘zgargan hukumat tarkibi va bosh vazirlikka nomzodning hukumat dasturini 89 nafar deputat yoqlagan, ikki kishi qarshiligini bildirgan.

Ovoz berish jarayonida yangi saylangan muxolif deputatlarning katta qismi ishtirok etmadi. Ular o‘tgan yilning 31 oktyabrida o‘tkazilgan saylov natijalari soxtalashtirilgan deb hisoblashmoqda va yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan holda joriy parlamentda ishlashdan bosh tortishmoqda.

Garibashvili bosh vazirlik lavozimida Georgiy Gaxariyaning o‘rnini egalladi, Gaxariya o‘tgan haftada sud Nikanor Meliyani hibsga olish bo‘yicha qaror qabul qilganidan keyin iste'fo bergandi.

Yangi hukumat tasdiqlanishi uchun deputatlarning ko‘pchilik qismi ovoz berishi (kamida 76 ovoz) talab etilardi.

«Eng yomon qaror»
Garibashvili 2012 yilgi saylovlarda «Yagona milliy harakat» partiyasi rahbari Mixail Saakashvilini mag‘lub etgan va 2012-2013 yillarda bosh vazir bo‘lgan, hukmron partiya - «Gruziya orzusi - Demokratik Gruziya» blokining sobiq rahbari Bidzina Ivanishvilining eng ishonchli kadrlaridan biri hisoblanadi. Muxolifatchilar u mamlakatning norasmiy va mutlaq hukmdori deb atashadi.

Muxolifatchilar Garibashvilining nomzodi bosh vazirlikka ilgari surilishini mamlakatda siyosiy vaziyat keskinlashgan mahalda qabul qilingan eng yomon qaror deb atashdi.

Muxolifatdagilar Garibashvili hamisha o‘z muxoliflariga tajovuzkor ritorikasi bilan ajralib turgani, qonunchilik organidagi chiqishlari vaqtida o‘z siyosatining asosiy yo‘nalishi muxoliflarni ta'qib qilish bo‘lishini yashirmaganiga e'tibor qaratishgan.

Deputatlar qarshisidagi chiqishi vaqtida Garibashvili muxolifatchilarni ayovsiz tanqid qilib, «Yagona milliy harakat» partiyasini buzg‘unchi kuch sifatida ta'riflagandi.

Garibashvilining so‘zlariga ko‘ra, hukumat sobiq prezident Mixail Saakashvili va «u tayinlagan jinoyatchilar»dan uzoqlashgan muxolifat bilan «konstruktiv muloqot»ga kirishga tayyorligini ta'kidlagan.

U Meliyani «jinoyatchi» deb atashini «Kartu» banki bo‘yicha ishda chiqarilgan sud qarori bilan izohlagan. 2019 yilda Tbilisi shahar sudi Meliyani mansab vakolatlarini suiiste'mol qilishda aybdor deb topgandi.

Avvalroq muxolifatchilar g‘arblik diplomatlar vositachiligida muzokaralar o‘tkazish uchun 25 fevralga rejalashtirilgan namoyishlarni ortga surishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishgandi.

Ammo Garibashvili o‘z hukumati yangi saylovlar o‘tkazish bo‘yicha har qanday muzokaralarni rad qilishini ma'lum qilgan - muxolifatchilarning asosiy talabi esa shu.

«Bu savol yopiq va ko‘rib chiqilmaydi», degan Garibashvili.

Ko‘proq yangiliklar: