Floridadagi teraktda jabrlanganlar Saudiya Arabistoni hukumatini sudga berishdi

Jahon 09:07 / 23.02.2021 7096

2019 yil dekabrda Florida shtatidagi aviabaza hududida sodir etilgan otishma vaqtida halok bo‘lgan amerikaliklar oilalari Saudiya Arabistoni hukumati ustidan sudga arz qilishdi. Bundan Florida shimoliy okrugi sudiga kelib tushgan hujjatlar darak bermoqda.

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Pensakola aviabazasida 2019 yil 6 dekabr kuni saudiyalik harbiy Muhammad ash-Shamraniy otishma sodir etgandi. U AQShga uchuvchilik malakalarini oshirishga kelgan bo‘lgan. Ash-Shamraniy otishma vaqtida 3 kishini o‘ldirgan va 8 kishini yaralagan. U voqea joyida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

Sudga arznoma voqea vaqtida halok bo‘lgan amerikaliklar ota-onalari  va jabrlangan harbiylar tomonidan berilgan. Ularning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni hukumati ash-Shamraniyni “Al-Qoida” terrorchilik guruhiga aloqador ekanligidan xabardor bo‘lgan. Ash-Shamraniyning “Al-Qoida”ga aloqasi borligi aniqlangani haqida 2020 yil may oyida o‘shandagi adliya vaziri Uilyam Barr ma'lum qilgan edi. Barr ta'kidlaganidek, otishma terrorchilik harakati bo‘lgan.

Arznomada ta'kidlanishicha, ash-Shamraniy AQSh bazasidagi boshqa saudiyalik harbiylarga otishma sodir etmoqchiligi haqida so‘z ochgan, biroq shundan keyin ham tegishli choralar ko‘rilmagan. Barr ta'kidlaganidek, ash-Shamraniy noqonuniy tarzda qurol sotib olgan va saqlagan.

Jabrlanuvchilar podshohlikdan sud belgilaydigan tovon pulining to‘lanishini talab qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: