AQShda yuz bergan falokatdan keyin Boeing 777 samolyotlari tekshiriladi 

Jahon 08:48 / 22.02.2021 6836

AQShning Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) United Airlines aviakompaniyasining Pratt & Whitney PW4000 dvigateliga ega Boeing 777 samolyoti bilan yuz bergan falokatdan keyin bu turdagi samolyotlarni tekshirishni talab qildi. Samolyot 21 fevralda Kolorado ustidan uchayotganda dvigateli ishdan chiqib, qoplamasi bo‘laklari aholi yashaydigan hududga tushgan. Aviakompaniya shundan keyin bunday dvigatelli 24ta Boeing 777 samolyotini foydalanishdan olgan. 
        
Yaponiya hukumati ham xuddi shu turdagi dvigatelga ega Boeing’lar ekspluatatsiyasini to‘xtatishga qaror qildi va FAA bilan birga tegishli ma'lumotni to‘plamoqda. Rasmiy Tokio bunday samolyotlarga ega mahalliy aviakompaniyalar All Nippon Airways va Japan Airlines aviakompaniyalarini ushbu taqiqlovdan xabardor qildi.

21 fevralda bortida 231 yo‘lovchi va ekipajning 10 a'zosi bo‘lgan Boeing 777-200 samolyotining dvigatellaridan biri parvoz vaqtida ishlamay qolgandi. Dvigatelning qoplamasi bo‘laklari undan ajralib ketib, aholi yashaydigan hududga tushgan. Shundan keyin samolyot bir dvigatelda qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, dvigatel alangalangan.

Ko‘proq yangiliklar: