Rossiyada H5N6 parranda grippi insonga yuqishi holati qayd etildi. Bu dunyodagi ilk holat

Jahon 09:36 / 21.02.2021 16761

«Rospotrebnadzor» (Rossiya Iste'molchilar huquqlari va inson farovonligi sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmat) tarkibiga kiruvchi, Novosibirskdagi «Vektor» markazi insonlarda H5N8 tipidagi parranda grippi bilan zararlanish holatini qayd etdi. Bu haqda muassasa rahbari Anna Popova «Rossiya 24» telekanali tomonidan translatsiya qilingan brifingda ma'lum qildi.

Popovaning so‘zlariga ko‘ra, virus Rossiya janubidagi parrandachilik fabrikasining 7 nafar xodimida aniqlangan, bu yerda 2020 yil dekabrida qushlar orasida gripp epidemiyasi tarqalgandi. Popova zararlanganlarning barchasi kasallikka chidamli bo‘lgani, kasallik kechishining klinik kartinasi juda yengil bo‘lganini, shu bilan birga, tadqiqotchilar kasallanganlarda infeksiyaga qarshi immunitet bo‘lganini qayd etishganini aytib o‘tgan.

Popova parranda grippi virusi qushdan insonga o‘tishi ilk bor ro‘y bergan bo‘lsa-da, hozircha insondan insonga yuqmaganini qayd etib o‘tgan.

«Keyingi mutatsiyalar unga bu to‘siqni (immunitetni) yengib o‘tishga qanchalik yordam berishini vaqt ko‘rsatadi. Bunday o‘zgarish virus hali insondan insonga yuqish qobiliyatiga ega bo‘lmagan davrda qayd etilgani bizga keyingi o‘zgarishlarga - uning ehtimoliy mutatsiyalariga tayyorlanish, odamdan odamga yuqishga qodir bo‘ladigan vaqtgacha test tizimlarini va vaksina platformalarini ishlab chiqish uchun vaqt beradi», degan u.

2020 yil davomida bir necha davlatda parrandalar orasida H5N8 grippining yuqori patogenli shtammi tarqalishi kuzatilgandi. Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (ECDC) 2020 yil 19 noyabrida infeksiya Yevropaning turli nuqtalarida — Daniya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Niderlandiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniyada kamida 302 marta qayd etilganini ma'lum qilgan.

Bunday holatlarning aksari yovvoyi qushlar populyatsiyasiga to‘g‘ri keladi: yovvoyi g‘ozlar, yovvoyi o‘rdak va boshqa turdagi o‘rdaksimonlarda. Ammo bir necha parrandachilik fermalarida ham kasallik tarqalgandi.

ECDC tomonidan 2020 yildagi epidemiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda bu kasallik odamga yuqishi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan.

Yuqori patogenli bu virus H5 va H7 tiplariga mansub hisoblanadi. Bu virus tarqalishi holati ilk bor 1996 yilda aniqlangan. 2016-2017 yillarda bu virus Fransiyada keng tarqalishi katta iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016 yilgi ma'lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha H5N8 virusi jonivorlar orasida tarqalgan vaqtda insonga yuqishi holati qayd etilmagan. Shu bilan birga, Xitoy parranda grippining boshqa bir turi — H5N6 insonga yuqishi holati haqida xabar bergan.

Ko‘proq yangiliklar: