Dunyodagi vaziyat: Britaniya lokdaundan chiqishga tayyorlanmoqda, Isroil cheklovlarni bekor qilmoqda, Rossiyada - uchinchi vaksina

Jahon 23:01 / 21.02.2021 13926

Dunyoda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 111 millionlik nuqtadan o‘tdi, pandemiya qurbonlari soni 2,5 million kishini tashkil etmoqda, 62 million kishi kasallikdan tuzalib ketgan.

Isroil normal hayot tarziga qaytmoqda: aholining qariyb yarmi emlangan

21 fevral, yakshanba kunidan Isroil koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan bir qator cheklovlarni bekor qilmoqda. Mamlakat aholisining qariyb yarmi koronavirusga qarshi vaksinaning kamida birinchi komponentini qabul qilgan.

Mamlakatda sport zallar, mehmonxonalar va diniy muassasalar faoliyati tiklanmoqda. Bunday joylarga keluvchilar emlanganlik haqida hujjatga yoki antitanalar mavjudligi to‘g‘risida ma'lumotnomaga ega bo‘lishi kerak. Emlanganlik yoki antitana hosil qilingani haqidagi ma'lumotlar mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus mobil ilovada aks etadi.

Shuningdek, Isroilda barcha do‘konlar faoliyatiga ruxsat berildi, do‘konlarga kelish uchun koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet mavjudligi to‘g‘risida ma'lumot talab etilmaydi.

Isroil aholisi hamon ijtimoiy masofa saqlash rejimiga rioya etishi kerak bo‘ladi, restoranlar va banket zallarida raqs tushish taqiqlanadi, masjid, sinagog yoki cherkovlarga keluvchilar soni odatdagi miqdorning yarmidan oshmasligi kerak.

Isroil aholini yoppasiga emlashni birinchilardan bo‘lib boshlagan va juda tez sur'atlarda amalga oshirgan davlat bo‘ldi. Pfizer vaksinasining birinchi komponentini 9 millionlik aholining 45 foizidan ortig‘i qabul qilgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu vaksinaning ikki dozasi qabul qilganida samaradorlik 95,8 foizni tashkil qiladi.

Isroilda pandemiya boshidan buyon Covid-19’ga chalinish bilan bog‘liq 740 ming holat qayd etilgan, 5,5 mingdan ortiq kishi ushbu kasallikdan halok bo‘lgan. O‘tgan yil davomida mamlakat hukumati uchu marta qat'iy lokdaun joriy etdi. Isroil hukumati to‘rtinchi karantin bo‘lmasligini va'da qilgan.

Britaniya lokdaunni bosqichma-bosqich bekor qilishga hozirlanmoqda

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson dushanba kuni koronavirus tarqalishiga qarshi yo‘naltirilgan cheklov choralari bekor qilinishi haqida e'lon qilishi kutilmoqda.

Bosh vazir dam olish kunlarida ushbu cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilish rejasi ustidagi ishlarni yakunladi. Britaniyadagi nashrlar ma'lumotiga ko‘ra, hukumat maktablarni  8 martdan ochishni rejalashtirgan, shu kundan turli uylarda yashovchilarning ko‘rishishiga (ikki kishi) ham ruxsat beriladi.

29 mart kunidan turli uy xo‘jaliklariga mansub bo‘lgan 6 kishi ham ko‘rishishi mumkin bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar esa aprel oyi oxirida ochilishi kutilmoqda. Gazetalar ma'lumotiga ko‘ra, pablar va restoranlar faqat mayga borib ochiladi, ammo bu muassasalarning yozgi ayvonlari (veranda) undan oldinroq mehmonlarni qabul qilishni boshlashi mumkin.

Britaniyada risk guruhiga mansub bo‘lgan 15 millionga yaqin kishi emlandi. Mamlakat hukumati bu kasallanish holatlari sonini keskin kamaytirishiga umid qilmoqda. Ammo avvalroq olimlar hukumatni cheklovlarni bekor qilishga shoshilmaslikka chaqirgandi.

Afrika vaksinasiz qoldi
Dunyoda hozirgacha koronavirusga qarshi emlash uchun turli vaksinalardan 200 mln doza ishlatildi. Shundan 45 foizi «Katta yettilik» (Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Kanada, Italiya, Fransiya, Yaponiya) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Jami vaksinalarning 92 foizini YaIM yuqori bo‘lgan yoki aholi daromadlari yuqoriligi bo‘yicha o‘rta darajadagi davlatlar olgan.

Bu vaqtda Afrikada emlash jarayoni tempi juda sekin bormoqda, qit'adagi aksar davlatlar emlash jarayonini hali boshlamagan.

«Bu adolatsizlik, Afrikada zaif qatlamlar vaksina kutayotgan vaqtda boshqa davlatlarda risk guruhida bo‘lmaganlar ham emlanmoqda», degan JSSTning Afrika davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Matshidiso Moeti.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh va Yevropaning boy davlatlariga vaksinalarni Afrikaning qashshoq davlatlari bilan bo‘lishishni taklif etgandi.

Afrika davlatlari xalqaro va mintaqaviy sxemalar orqali ma'lum miqdorda vaksina olishga umid qilmoqda.

Shunday sxemalardan biri - Covax tashabbusi bo‘lib - bu global tizim orqali dunyoning 170dan ortiq mamlakatiga koronavirusga qarshi vaksinalar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

JSST prognozlariga ko‘ra, Afrikadagi davlatlar Covax orqali fevral oyi oxirida vaksinatsiyani boshlashi kerak. Dastlabki 90 mln doza qit'a aholisining 3 foizinigina emlashga yetadi, xolos.

Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va keksa yoshlilar emlanadi. 2021 yil oxirigacha Covax orqali Afrikaga yana 600 mln doza vaksina yetkazib berish rejalashtirilgan, bu qit'a aholisining 20 foizini emlashga yetadi.

Afrika davlatlari orasida pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan JAR 17 fevral kuni emlash kampaniyasini boshlagandi, ammo barcha harakatlar darhol to‘xtatildi - Yevropadan xarid qilingan AstraZeneca vaksinasi samaradorligiga shubha yuzaga keldi.

Rossiyada uchinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi
20 fevral kuni Rossiya hukumati mamlakatda koronavirusga qarshi uchinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilganini e'lon qildi.

«KoviVak» deb nomlangan uchinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi, u Chumakov nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan. Mart oyi o‘rtasida dastlabki 120 ming doza fuqarolarni emlashga yo‘naltiriladi», degan Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin vaksinalar masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda.

U Rossiyaning koronavirusga qarshi profilaktika uchun uchta vaksinaga ega dunyodagi yagona davlatga aylanganini ta'kidlab o‘tgan. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko jurnalistlar bilan muloqotda preparatning xavfsiz va samaradorligi ko‘ngillilar ishtirokidagi tadqiqotlarda aniqlanganini ma'lum qilgan. Vaksina ustida o‘tkazilgan keng miqyosdagi tadqiqotlar u ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin ham davom etadi.

Avval vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin klinik sinovlarning uchinchi bosqichi 3 ming nafar ko‘ngillida amalga oshirilishi va parallel ravishda fuqarolarni emlashga yo‘naltirilishi xabar qilingan. Shuningdek, markaz direktorining o‘rinbosari Konstantin Chernov martda «KoviVak»ning 100 mingta dozasi bilan odamlarni emlash ishlari boshlanishi haqida gapirgan edi.

Chumakov nomidagi markazda ishlab chiqilgan nomzod vaksinaning dunyodagi boshqa sheriklaridan farqi uning selnoverionli vaksina ekanligida, ya'ni mazkur dori tarkibida o‘lgan SARS-CoV-2 virusi mavjud. Shunga o‘xshash boshqa bir vaksina Xitoyda ishlab chiqilgan.

Bu vaksinani kuchli allergiyasi borlarga, boshqa emlashlardan keyin nojo‘ya ta'sirlar kuzatilganlarga, homiladorlarga va voyaga yetmaganlarga berish mumkin emas

Shu vaqtgacha Rossiyada ikki vaksina ro‘yxatga olingandi: Gamalai markazining «Sputnik V» vaksinasi va «Vektor» markazining «EpiVakKorona» vaksinasi.

Nitssada kasallik avj olishi tufayli yangi cheklovlar joriy etildi

Fransiyaning Nitssa shahri koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi ortidan yangi cheklov choralari joriy etishga tayyorlanmoqda. Hozirda shaharning har 100 ming aholisiga 700 bemor to‘g‘ri kelmoqda. Bu Fransiyaning boshqa istalgan aholi yashash punktlaridagidan ko‘p.

Qo‘shimcha cheklov choralari bo‘yicha ikki asosiy variant ko‘rib chiqilmoqda: komendantlik soati rejimini qat'iylashtirish yoki dam olish kunlarida qat'iy lokdaun e'lon qilish. Bu haqda Nitssadagi koronavirus bemorlari gospitaliga tashrifdan keyin mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran ma'lum qilgan. Yaqin vaqtlar ichida yakuniy qaror e'lon qilinadi.

Yangi cheklov choralari ma'muriy markazi Nitssa bo‘lgan departament bo‘ylab amal qiladi.

Fransiya boshqa qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq butun mamlakat bo‘ylab lokdaun e'lon qilmadi, ammo yanvar oyi o‘rtalarida Fransiya bo‘ylab komendantlik soati rejimi amal qila boshladi - soat 18:00dan 6:00gacha.

Komendantlik soati Fransiyaga koronavirus infeksiyasini ma'lum darajada jilovlash uchun qo‘l keldi, ammo, yakshanba kuni Fransiya televideniyesi efirida hukumat rasmiysi Gabriel Attal kasallanish dinamikasi xursand qilgulik darajada emasligini aytib o‘tdi.

Fransiyada vaksinatsiya kampaniyasi nisbatan sekin kechmoqda: hozircha 2,5 mln kishi emlangan, shundan 1,1 mln kishi vaksinaning ikkinchi komponentini ham qabul qilgan.

Avstraliyada bosh vazir birinchilardan bo‘lib emlandi

Avstraliyada aholini emlash kampaniyasiga start berildi. Odamlarda vaksina ishonchliligi haqida taassurot uyg‘otish uchun mamlakat bosh vaziri Skott Morrison birinchilardan bo‘lib vaksina qabul qilishga bordi. Uni emlash jarayoni televideniye orqali namoyish etildi. Vaksinalarning ilk dozasini birinchi bo‘lib qabul qilgan avstraliyalik esa 85 yoshli Jyeyn Malisyak bo‘ldi.

Emlash kampaniyasining birinchi kunida kichik guruh emlandi: asosan tibbiyot xodimlari va keksalar uyida yashovchilar.

Hafta davomida 60 ming kishi emlanishi kutilmoqda. Avstraliya ayni vaqtda ikki vaksinani qo‘llash uchun ma'qullagan - Pfizer va AstraZeneca.

Avstraliyada pandemiya boshidan buyon koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 29 ming holat qayd etilgan va 909 kishi infeksiyadan vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: