AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat aholisini emlanishdan cho‘chimaslikka chaqirdi.
Bayden Michigan shtatidagi vaksinalar ishlab chiqariluvchi Pfizer zavodiga tashrifi chog‘ida ana shunday murojaat bilan chiqdi.
"Butun mamlakatga murojaat qilmoqchiman: vaksinalar xavfsiz. Iltimos, o‘zingiz, oilangiz, mamlakat uchun, navbatingiz kelganida vaksinadan foydalaning. Pandemiyani faqat shu yo‘l bilan yengishimiz mumkin", dedi AQSh prezidenti.
Hozirda AQShda og‘ir ob-havo sharoiti bois emlash kampaniyasi qiyinlashdi. Deyarli butun mamlakat bo‘ylab bir haftadan buyon kuchli qor yog‘ishi davom etmoqda. Oq uyning ma'lumot berishicha, noqulay ob-havo va transport muammosi sababli uch million doza vaksina yetkazib berilishini ortga surgan.
Pfizer — AQShda foydalanishga ruxsat berilgan ikki vaksinadan biri. Dekabrdan buyon mamlakatda 30 million doza vaksina qo‘llangan.