«Perseverans» roboti Marsga qo‘ndi. Maqsad – «o‘zga sayyoraliklar izi»ni topish

Jahon 15:41 / 19.02.2021 23117

Marsyurardan uzatilgan uning muvaffaqiyatli qo‘ngani haqidagi ma'lumotlar boshqaruv markazida yengil tin olish va gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Marsyurarning qizil sayyoradagi asosiy vazifasi tirik hayot izini qidirishdan iborat. Olimlar bu sayyorada suv mavjud bo‘lgan davrlar – 3-4 milliard yillar avvalgi vaqtga to‘g‘ri keladi, deb ishonishmoqda.

NASA

«Perseverans» so‘nggi bir oy ichida Marsga qo‘ngan uchinchi kosmik apparat bo‘ldi. Avvalroq uning orbitasiga BAA va Xitoyning robotlari ham kirishgandi. Barcha uch missiya Yerni 2020 yilning iyulida tark etishgandi.

«Bu g‘aroyib. Apparatni jo‘natish pandemiya sharoiti tufayli juda qiyin sharoitlarda va ehtiyot choralari ko‘rilayotgan bir paytda bo‘ldi. Bu quvonchimizni oshiradi. «Perseverans» kelajakdagi marsyurarlar uchun skaut vazifasini bajaradi. Muvaffaqiyatli qo‘nish navbatdagi missiyalar vazifasini yengillashtiradi», deydi NASA rahbari vazifasini bajaruvchi Stiv Yurchik.

«Salom dunyo. Bir umrlik uyimga birinchi bor nazar solyapman» deb yozildi «Perseverans» uchun tvitterda ochilgan akkauntda.

Robot, shuningdek, Yezero kraterining kadrini ham joylashtirdi.

Har ikki surat ham robotning qizil sayyoraga qo‘nganidan keyin jo‘natgan ilk fotolaridir.

Marsga qo‘nish oson ish kechmadi. Oydan farqli o‘laroq, uning atmosferasi qo‘nishni ancha murakkablashtiradi: bu kabi missiyalarning 40 foizigina muvaffaqiyatli yakunlanadi.

Atlas-5 raketa tashuvchisi AQShning «Perseverans» marsyurar roveri bilan Kanaveral burnidagi kosmodromdan 2020 yilning 30 iyulida fazoga ko‘tarilgandi. Yarim yil ichida fazoviy kema Yerdan Marsgacha qariyb 500 million kilometr masofani bosib o‘tdi.

Qo‘nishdan oldin «Perseverans» «yetti daqiqalik dahshat»ni boshidan o‘tkazdi – atmosferaning yuqori qatlamlaridan qizil sayyoraning sathiga qo‘nguniga qadar. Buning uchun u ikkinchi fazoviy tezlikdan (Marsda bu soatiga 20000 kilometrni tashkil qiladi) piyoda tezligiga tushishiga to‘g‘ri keldi.

Butun dunyodan tomoshabinlar NASA muhandislari bilan birgalikda aerokosmik agentlikning sayti orqali uzatilgan jonli efirda «yetti daqiqalik dahshat» guvohi bo‘lishdi.

Marsyurar bizdan millionlab kilometr uzoqlikda, demakki, Yerga kelayotgan signallar 10 daqiqalik kechikish bilan yetib keladi. O‘sha payt nimadir rejadan boshqacharoq ketganda, qo‘nish trayektoriyasini to‘g‘rilashning fizik jihatdan imkoniyati bo‘lmas edi.

«Perseverans» Yezero krateriga yaqin joyga qo‘ndi. NASAdagilarning fikricha, kengligi 50 kilometrga yetadigan ushbu krater qoyalarida tirik hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin – albatta qachonlardir bu yerda mavjud bo‘lgan bo‘lsa.

«Qo‘nish yeriga qaralsa, Yezero krateri tadqiqot uchun potensial joy. Masalan, u yerda kraterga quyilgan va u yerdan oqib chiqqan qadimiy daryo izlari saqlanib qolgan. Olimlarning fikricha, aynan shu yerdan qidirish kerak. Ammo men Yezeroga qaraganimda, u yerda faqat xavfni ko‘raman», deydi NASA muhandisi Allen Chan.

Xayriyatki, «Perseverans» sinovdan o‘tgan konstruktorlik ishlanmalari bilan jihozlangan. O‘sha ishlanmalar marsyurarga qizil sayyoraning xavfsiz yeriga qo‘nib olish imkonini berdi.

Marsdagi ilk vertolyot

Marsyurarning dizayni qizil sayyoraga qo‘nish algoritmi kabi 2012 yilda NASAning Geyl krateriga qo‘ngan «Kyuriositi» apparati kabi «kurashlar sinovi»dan muvaffaqiyatli o‘tgan. Yangi robot Skycrane («osmon krani») parashyut texnologiyasidan foydalandi, faqat kichik o‘zgarishlar bilan.

Muhandislar yanada aniqroq qo‘nishni ta'minlovchi Terrain-Relative deb nomlangan yangi navigatsion tizim ishlab chiqishdi.

Marsyurarning kameralari, avtomat qo‘li, burg‘isi va lazeri bor. Yangi modelga, shuningdek, sensorlar va tahlil uchun uskunalar ham o‘rnatilgan.

Undan tashqari, marsyurarning ichiga NASAning Ingenuity nomli vazni ikki kilogrammdan kamroq bo‘lgan kichik vertolyoti ham joylashtirilgan. Missiyaning ilk kunlarida vertolyot Mars sathida bir necha sinov parvozlarini amalga oshiradi.

Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, Ingenuity Yerdan tashqarida uchgan ilk vertolyot bo‘ladi. Yezero krateridagi favqulodda past harorat bu vazifani qiyinlashtirishi mumkin – tunlari termometr ko‘rsatkichi Tselsiy shkalasida 90 darajasidan pastni ko‘rsatadi.

Marsyurar nima bilan shug‘ullanadi?

Apparat qo‘ngan Yezero kraterining yo‘ldoshdan jo‘natilgan tasvirlari u yerga qachonlardir qurib qolgan daryo quyilganini ko‘rsatmoqda.

Bu Marsda eng yaxshi saqlanib qolgan deltalardan biri bo‘lib, u yerda daryoda oqib kelgan kelib chiqishi organik uglevodorod bo‘lgan toshlar qum qatlamlarni shakllantirgan.

Krater tubida tog‘ jinslarining turli xili, shu jumladan, karbonatlar va tuproq ham organik molekulalarni saqlab qolgan bo‘lish ehtimoli bor. Aynan o‘sha molekulalar qachonlardir uzoq o‘tmishda u yerda hayot mavjud bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.

«Perseverans» qurigan ko‘l tubini tadqiq qiladi, qoyatosh jinslarni burg‘ilaydi va u yerdan maktab bo‘ri kattaligidagi namunalarni oladi. Shundan keyin marsyurar ularni daqiqlik bilan konteynerlarga joylaydi. Konteynerlarni sayyora sathida qoldiradi. Konteynerlarni keyinroq uchirilishi ko‘zda tutilgan boshqa apparat oladi. U to‘plangan namunalarni Mars orbitasiga olib chiqib (bu qizil sayyoradan uchilgan ilk fazoviy parvoz bo‘ladi), Yerga yetkazadi.

Bularning bari «Mars namunalarini jo‘natish» dasturi doirasida ko‘zda tutilgan. Dastur NASA va Yevropa fazo agentligi hamkorligida amalga oshirilyapti.

Yana bir urinish

Katta farq tufayli Marsga faqat qizil sayyora bizga yaqin kelgandagina missiya jo‘natish mumkin. Mars esa, bir yilda ikki marta Yerga yaqin keladi.

Qizil sayyoraga uchish harakatlari 1960-yillardan beri bor, lekin ularning yarmidan ko‘pi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Marsga faqat AQSh, SSSR (keyinroq Rossiya), Hindiston va Yevropa Ittifoqigina muvaffaqiyatli missiya jo‘nata olgan. O‘tgan haftada yana ikki mamlakat bu ro‘yxatni to‘ldirishdi.

9 fevralda Birlashgan Arab Amirliklari Mars orbitasiga «Amal» («Umid») nomli fazoviy stansiyasini jo‘natdi. Ikki kun o‘tib, Xitoy sayyoralararo «Tyanven-1» stansiyasini qizil sayyoraga qo‘ndirdi.

2020 yilning iyulida Rossiya va Yevropaning «EkzoMars» ikkinchi qo‘shma loyihasi ham Marsga otlanishi kerak edi. Bu missiya 2018 yilga rejalangandi, lekin ikki bor qoldirildi. Endi u 2022 yildan oldinroq jo‘natilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: