AQSh va Germaniya koronavirusga qarshi global kurashga qo‘shimcha 3,8 mlrd dollar ajratadi

Jahon 23:21 / 19.02.2021 1689

Germaniya pandemiyaga qarshi xalqaro kurashga qo‘shimcha mablag‘ ajratadi, deb ma'lum qildi mamlakat moliya vaziri Olaf Shols "katta yettilik" davlatlari rahbarlarining videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan sammitida.

"Biz qashshoq mamlakatlarga birdamlik ko‘rsatamiz. Germaniya Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturiga yana 1,5 mlrd yevro (1,8 mlrd dollar) ajratadi", - dedi Shols.

Uning so‘zlariga ko‘ra, COVAX dasturi orqali koronavirusga qarshi 2 mlrd doza vaksina taqsimlash maqsad qilingan. 

"Biz butun dunyo vaksinatsiya bilan qamrab olinganidagina xavfsizlikda bo‘lamiz", - deya qo‘shimcha qildi germaniyalik vazir.

Shu bilan birga, AQSh COVAX dasturi uchun 2 mlrd dollar ajratishi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden ma'lum qildi.

"Bugun AQSh COVAX dasturi uchun 2 mlrd dollarajratishini e'lon qilaman", - dedi u.

COVAX – JSST tomonidan ilgari surilgan global mexanizm bo‘lib, barcha davlatlarni koronavirusga qarshi xavfsiz va samarali vaksinalar bilan teng ta'minlashga qaratilgan. COVAX dasturining vazifasi vaksinalarni sotib olish va a'zo davlatlarning aholisiga mos ravishda taqsimlashdir. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda sayyoraning 16 foiz aholisi istiqomat qiladigan boy mamlakatlar koronavirusga qarshi vaksinalarning uchdan ikki qismini sotib olgan. Qashshoq mamlakatlar aholisi butun dunyodagi emlangan odamlarning atigi 0,5 foizini tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: