AQSh Trampning Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash haqidagi iltimosini qaytarib oldi

Jahon 10:10 / 19.02.2021 5914

AQSh sobiq prezident Donald Tramp ma'muriyatining Eronga qarshi BMT sanksiyalarini tiklash haqidagi iltimosnomasini qaytarib olishi haqida BMTni xabardor qildi.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, bu haqidagi maktubni BMT Xavfsizlik kengashiga AQShning BMTdagi vakili vazifasini bajaruvchi Richard Mills topshirdi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Germaniya, Fransiya, Britaniya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda Jo Bayden ma'muriyati Eron bilan yadro kelishuvini bajarishga qaytish bo‘yicha muzokaralar boshlashga tayyorligini ma'lum qilgan.     

Ferval boshida Bloomberg axborot agentligi Bayden ma'muriyati Eronning moliyaviy holatini unga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilmagan holda yengillashtirish variantlarini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qilgandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Tehronga yordam sifatida koronavirusga qarshi kurash uchun Xalqaro valuta jamg‘armasi kreditlari berilishi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, AQSh Eronga koronavirusga qarshi kurashda xalqaro yordam ko‘rsatilishiga to‘siq bo‘layotgan ba'zi sanksiyalarni yumshatishi mumkin.  

AQSh Eronga qarshi birinchi sanksiyalarini 1970-yillarda kiritgan. O‘shandan beri Vashington Eron iqtisodiyotining turli tarmoqlariga bosimni kuchaytirib kelgan. 2015 yilda Vashington Eron bilan yadro kelishuvi tuzilgandan keyin sanksiyalarning bir qismini bekor qilgandi. Biroq keyinroq Donald Tramp ma'muriyati Eron yadro quroli ishlab chiqish rejasidan qaytmaganini aytib, sanksiyalarni tiklagandi.

Ko‘proq yangiliklar: