Ispaniyada reperning hibsga olinishi tartibsizliklarga sabab bo‘ldi

Jahon 15:00 / 18.02.2021 3031

Ispaniyada rep-musiqachi Pablo Xaselning hibsga olinishiga qarshi mamlakatning yirik shaharlarida boshlangan namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi, deb xabar berdi Bi-Bi-Si.

32 yoshli reper o‘z tvit va qo‘shiqlarida Ispaniya monarxiyasini tez-tez tanqid qilib keladi. U qo‘shiqlaridan birida qirol va rahbariyatni "jinoyatchilar to‘dasi" deb atagan.

Pablo Xasel

Musiqachi to‘qqiz oyga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. 12 fevral kuni u politsiyaga taslim bo‘lishi kerak bo‘lgan muhlat yakunlagan. Xasel buning o‘rniga o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Lerida shahridagi universitetda yashirinib olgan. Politsiyachilar uni o‘sha yerda hibsga olishdi.

Reper qo‘lga olinganidan so‘ng mamlakatning ko‘plab shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi. 

Madrid va Barselonada minglab kishilar ko‘chalarga chiqdi. O‘nlab namoyishchilar hibsga olindi.

Ispaniya poytaxtida namoyishchilar kuch ishlatish tuzilmalari xodimlariga shisha va toshlar uloqtirganidan so‘ng ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llandi. 

Barselonada esa namoyishchilar barrikadalar qurib, ko‘chalarda mebellarni yoqishdi. 

Namoyishlar Lerida, Jirona va Tarragona shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi politsiya.

Ko‘proq yangiliklar: