Braziliyada bo‘sh shpritslar bilan emlash holatlari qayd etilmoqda 

Jahon 21:52 / 18.02.2021 4093

Mahalliy OAVda bunday emlash “havo bilan emlash” deb nomlanmoqda. 

Ta'kidlanishicha, politsiya hamshiralar emlashga qarshi fitna nazariyasi tarafdorlari bo‘lishi mumkinligi yoki vaksinalarni “qora bozor”da sotish maqsadida o‘g‘irlayotganlari haqidagi gaplardan keyin tergov boshlanishini e'lon qilgan. 

“Dastlab bu yagona holatdek ko‘rindi, biroq bunday holatlar bir nechta joyda kuzatilayotgani xavotirlidir”, deb aytgan epidemiolog Karla Domingus. 

“Bu tibbiy xodimlar yoki yomon o‘qitilgan, yoki buni g‘araz niyatda sodir etgan. Ikkala holatda ham bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.

Epidemiolog, shuningdek, vaksinalarning taqsimlanishi dasturini tanqid qilib, uni “mutlaq betartib” deb atagan.

Rio-de-Janeyro shtati politsiyasi agar vaksinalar noqonuniy o‘zlashtirilgan bo‘lsa, bunga aloqador odamlar 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligini ma'lum qilgan.

Avvalroq Braziliyaning Globo axborot portalida hamshira emlash uchun ixtisoslashtirilgan obektda 94 yoshli ayolga bo‘sh shprits bilan emlashni amalga oshirayotgani videosi e'lon qilingan. Video tarqalib ketgach, hamshira ishdan bo‘shatilgan va ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tergov boshlangan.     

Braziliyada koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi 18 yanvardan boshlangan. Ayni vaqtda emlashda Xitoyning Sinovac Biotech va AstraZeneca britan-shved kompaniyalarining vaksinalari qo‘llanmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinaning birinchi dozasini 5,5 mln braziliyalik (umumiy aholining 2,6 foizi) olib bo‘lgan. 300 mingdan ko‘proq kishiga esa vaksinaning ikki dozasi ham kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: