Vaksina pasportlari. Yangi davrda yangi hujjat paydo bo‘ladimi?

Jahon 19:45 / 17.02.2021 7567

IT-kompaniyalar, aviakompaniyalar va hatto alohida davlatlar ham vaksina pasportlarini joriy qilish tarafdori. Unga qarshilar inson huquqlarining ehtimoliy buzilishi, bundayin pasportlarning samaradorligi pastligini aytib, shoshmaslikka chorlamoqda. Bu bahsda kim g‘olib bo‘ladi?

Gretsiya safning boshida

Ko‘pchilik vaksina pasportlari tufayli pandemiyada eng ko‘p aziyat chekkan sohalardan biri - turizm qayta jonlanadi, deb hisoblamoqda.

Qiyin ahvolda qolgan davlatlardan biri Gretsiyadir – turizm bu davlat uchun shunchalar muhimki, YaIMning 20 foizini tashkil qiladi. Ushbu mamlakat nihoyatda og‘ir moliyaviy bo‘hrondan qutulib chiqayotgan paytda pandemiya yopirildi.

Har 5 kishining biri bu yerda turizm sohasida band. Sohadagi qulash Gretsiyada 80 foizni tashkil qildi.

«Bu yil ochilmaslikning iloji yo‘q. Agar shu mavsumni ham boy bersak, bizni chinakamiga og‘ir davr kutadi», deydi Santorini orolida biznes qiluvchi taniqli oteler Aleksis Komninos.

Gretsiyadagi sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Nafplion shaharchasi ikkinchi lokdaun vaqti bo‘shab qoldi
MILOS BICANSKI/GETTY IMAGES

Vaziyatdan chiqib ketish uchun Gretsiya bosh vaziri Kariakos Mitsotakis Yevroittifoqqa vanihoyat vaksina pasportlari haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rishni taklif qildi.

«Emlangan odamlar sayohat qila olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Bu, shuningdek, odatiy hayotga qaytish uchun yagona chora hisoblangan vaksinatsiyaga fuqarolarni tashviq qilish uchun rag‘batlantirish hisoblanadi», deydi bosh vazir Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenga bitgan maktubida.

Yanvar oyi oxirlaridan Gretsiyada koronavirusdan emlanganlarga raqamli sertifikatlar berilishi boshlandi. Yevroittifoqning tasdig‘ini kutib o‘tirmasdan Gretsiya vaksina pasportlari faqat naf keltirishini amalda ko‘rsatishga bel bog‘ladi va Isroil bilan shartnoma imzoladi.

9 million aholiga ega Isroilning 3,5 million aholisi emlab bo‘lindi, lekin isroilliklar Gretsiyaga boradigan sayyohlarning juda kam qismini tashkil etadi.

2019 yilda Gretsiyaga 34,2 million sayyoh kelgan va ularning salkam million nafari Isroildan.

Sayyohlik oqimi tiklanishi uchun Gretsiya o‘zining doimiy mehmonlarini qaytarishi zarur – avvalo, Germaniya va Buyuk Britaniya fuqarolarini. Bu davlatlar esa vaksina pasportini joriy qilishga shoshilayotgani yo‘q.

Qarshi argumentlar

«Gap emlanishni sayohat qilish uchun majburiy shart qilib qo‘yish haqida ketmayapti», deydi Gretsiya bosh vaziri Yevroittifoqqa yozgan xatida.

Biroq turli sabablarga ko‘ra, koronavirus vaksinasini olishni istamagan yoki qodir bo‘lmagan insonlar aynan shu voqea yuz berishidan xavfsiraydi: ular boshqa davlatga borish uchun emlanish shart deb o‘ylaydilar.

Ammo vaksina pasportlaridan dunyoda allaqachonlar foydalanilyapti, faqat nomlanishi biroz boshqacharoq – xalqaro vaksinatsiya sertifikati yoki «sariq kartochka». Qizilcha, sariq bezgak, vabo, bo‘g‘ma kasalligi yoxud bezgakka qarshi emlanib, sayyohlar shunday kartochka olishlari mumkin.

«Sariq bezgakka qarshi vaksina olsangizgina sayohat qila olishingiz mumkin bo‘lgan davlatlarning mavjudligi vaksina pasportlarining kelajagi uchun yaxshi pretsedent. Menda, masalan, sariq bezgakka qarshi emlanganim haqida maxsus kartochka bor. Lekin bu kabi kartochkalarni ko‘rsatadiganlarning qanchasida kartochkalar haqiqiy, yana qanchasida yasamaligi haqida tasavvurim yo‘q», deydi London Imperiya kolleji katta ilmiy xodimi, professor Richard Tedder BBC’ga bergan intervyusida.

Bu vaksina pasporti bilan bog‘liq yagona muammo emas. Shaxsiy ma'lumotlar sizib chiqish xavfi ham bor. Ayni damda mutaxassislar vaksinatsiyadan o‘tganlik tasdig‘ini smartfon uchun maxsus ilovada saqlashni taklif etishmoqda. Demak, juda ko‘p shaxsiy ma'lumotlar serverlarda turadi va istalgan payt ularga ega bo‘lish mumkin.

Ustiga-ustak jahon aholisining atigi yarmi internetga ulanib, ilova yuklab olish mumkin bo‘lgan smartfonlardan foydalanadi.

Britaniya immunologiya hamjamiyati raisi Debora Dann-Uolters BBC bilan bo‘lgan suhbatda bunday ilovaga yo‘q demasligini tan oldi: «Men telefonimda shunday ilova bo‘lishini istardim. Unda men qachondir olgan vaksinalar va ularning muddatlari ko‘rsatib turilsa...»

Lekin professor Dann-Uolters bu kabi ilovalar pab yoki restoranga kirish uchun ruxsatnomaga aylanishini chatoq deb hisoblaydi: «Odamlarga har kuni qilib yurgan ishlarini ularda bu kabi tasdiq bo‘lmasa, qilolmay qolishini aytish – murakkab axloqiy muammo».

Ekseter universiteti doktori Anna Bedushi uning fikriga qo‘shiladi. U shunday hujjatlar qanday ishlashini o‘rgangan.

«Bunday ilovalarga shaxsiy ma'lumotlarni muhofazalaydigan texnologiya avvaldan o‘rnatilishi shart», deydi Bedushi.

«Biroq umummilliy lokdaun – emlanganlik tasdig‘ini ko‘rsatishdan ko‘ra insonlarning erkinligini cheklovchi ancha jiddiyroq narsa», deya ta'kidlaydi Bedushi.

Basharti odamlar vaksina olishni istashsa-yu, qandaydir sababga ko‘ra olisholmasa, bunday tashabbuslar ularning erkinligini chegaralovchi jiddiy masalaga aylanishi mumkin.

Richard Tedder esa masalaga boshqa tomondan qarab ko‘rdi: «Menimcha, vaksina olishni istamaganlar uchun qandaydir cheklovlar bo‘lishi shart. Men uchun bu prinsipial masala: vaksinatsiyadan o‘tmadingizmi, sayohat qilmaganingiz ma'qul. Masala buni xalqaro miqyosda qanday amalga oshirishda. Bu yalpi emlashga qodir bo‘lmagan mamlakatlar uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin».

Xavotirga sabab bo‘ladigan jiddiy omillardan biri – aholining aksar qismini vaksinatsiya qilish koronavirus tarqalishiga qay darajada ta'sir ko‘rsatishi haqida ma'lumotlar kamligi.

«Oxirgi oylardagi cheklovlar bizga shunchalar ta'sir ko‘rsatdiki, vaksina pasportlari konsepsiyasi jozibador ko‘rinishi mumkin», deb hisoblaydi Debora Dann-Uolters.

Uning fikricha, hozirda mavjud va kelajakda chiqishi mumkin bo‘lgan vaksinalar bizga berishi mumkin bo‘lgan himoya haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘lish shart.

«Vaksinatsiya aholini kasallanishdan qancha muddat asray oladi? Emlash virus yuqishidan himoyalay oladimi? Bu vaksina pasportlarini joriy qilishdan oldin javob topilishi kerak bo‘lgan ikkitagina savol, xolos», deydi u.

«Men Gretsiyaning bunday pasport joriy qilish istagini tushunaman. Lekin kimdir vaksina ta'sir qilmaydigan shtammni olib kelsachi? Ana unda Gretsiyada muammolar chiqishi mumkin. Undan keyin, vaksinatsiya haqidagi sertifikatlar haqqoniyligiga qanday ishonch hosil qilish mumkin? Antitanalar mavjudligiga qo‘shimcha testlar o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin», deydi Richard Tedder.

Yevropa bir qarorga kelmadi

Turizmga bog‘lanib qolgan Yevropaning ko‘plab davlatlari Gretsiyani qo‘llab-quvvatlashmoqda. Italiya, Portugaliya, Kipr, Chexiya, Estoniya, Ispaniya, Slovakiya va Vengriya kabi davlatlar ham ozmi-ko‘pmi vaksina pasporti joriy qilinishi tarafdori.

Umuman olganda, Yevropa hali yakdil fikrga kelganicha yo‘q.

Hozircha JSST vaksinatsiyani virus tarqalishining oldini olishga kafolat sifatida ko‘rayotgani yo‘q. Undan tashqari, JSSTda sayohat qilish uchun immunitet borligi tasdig‘ining qandaydir tizimi mavjud bo‘lishi kerak deb hisoblashmoqda.

JSSTning Yevropadagi maxsus vakili David Nabarro «Odatiy hayot tarziga qaytish uchun favqulodda tezkor koronavirus testlari ko‘mak beradi», deya ta'kidlagan va «emlanmaganlar cheklovlarga duchor bo‘lishi» haqida ogohlantirgan.

JSSTning yetakchi mutaxassislaridan biri bo‘lgan Nabarro vaksinalarning yetishmovchiligiga barham berilmaguncha odamlar qisqa muddatga bundayin achchiq reallikka ko‘nikishlari lozim, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksina ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgani bois, yaqin oylar ichida muammo hal bo‘ladi.

Sayyohlarga vaksina pasporti yoki sertifikatlarini joriy qilish, uning fikricha, davlatlararo darajada hal qilinishi shart va bu oson kechmaydi.

«Ha, men vaqt o‘tishi bilan inson koronavirusga qarshi immuniteti borligini ko‘rsata olishiga imkon beruvchi tizim paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. Buning uchun biroz mehnat kerak», deydi Nabarro Britaniyaning ITV telekanaliga bergan intervyusida.

O‘tgan yilning oktyabrida JSST xalqaro vaksinatsiya sertifikatini ishlab chiqish bo‘yicha Estoniya bilan kelishuvga erishgandi.

Tashabbusga Germaniya va Fransiyada shubha bilan qarashmoqda. U yerda vaksina pasportlari odamlarning bir qismi alohida imtiyozlarga ega bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi.

Amaldagi vaksinatsiya sxemasiga ko‘ra eng oxirgi bo‘lib emlanadigan yoshlar bu masalada yutqazadi.

Germaniya hukumatining maslahatchisi va mustaqil organ bo‘lgan Axloq kengashi emlanganlarga maxsus sharoit qilib bermaslikni tavsiya qildi.

Buyuk Britaniya amaldorlari esa yalpi vaksinatsiya va ekspress testlar uyg‘unligi vaziyatni o‘rniga tushiradi, deb hisoblashmoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 15 fevral kuni bergan bayonotida Britaniya mamlakat ichida vaksina pasportini joriy qilmoqchi emasligini ma'lum qilgan bo‘lsa-da, bu kabi hujjatlar xorijga chiqishda zarur bo‘lishini tan oldi.

«Fikrimcha, sayohat qilish uchun ba'zan sariq bezgak va boshqa kasalliklarga qarshi emlanganingiz isbotini ko‘rsatishingizga to‘g‘ri kelgani kabi, koronavirusga qarshi emlanganingizni ko‘rsata olish g‘oyasi ko‘pchilikni qiziqtiradi va bundan qochishning iloji yo‘q. Bu kelajakda ro‘y beradi deb o‘ylayman. Bizning mamlakatda esa pab yoki shunga o‘xshash joylarga kirish uchun pasportlar bo‘lmaydi, deb o‘ylayman», degan Boris Jonson.

Yevropadagi ko‘plab mamlakatlarga kirishda koronavirus testining manfiy natijasini ko‘rsatish kerak
THOMAS LOHNES/GETTY IMAGES

Ilgariroq Britaniyaning vaksinatsiya bo‘yicha mulozimi Nozim Zahoviy vaksina pasportlari bo‘lmasligiga va'da berib, xorijga otlanganlar zarur hollarda o‘z vrachlaridan ma'lumotnoma olib ketaverishlari mumkinligini aytgandi.

Britaniyaning pozitsiyasi o‘zgarishi mumkinmi?

Britaniyadagi Telegraph nashri yanvar oyidayoq mamlakat rahbarlari vaksina pasportlari sinovlarini moliyalashtirayotgani haqida yozgandi. Foydalanuvchilar ular emlangani haqidagi ma'lumot kiritilgan ilovani yuklab olishi reja qilingandi.

Ayrim britaniyaliklar bunday pasport baribir joriy qilinadi, degan qo‘rquvda. 150 mingdan ziyodroq kishi bu g‘oyadan butunlay voz kechishni talab qiluvchi petitsiyaga imzo chekishdi.

«Bunday pasportdan koronavirus vaksinasini olishni rad qilgan insonlarning huquqlarini cheklash uchun foydalanilishi mumkin va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deydi petitsiya mualliflari.

Biznes – pasport tarafdori

Masala shundaki, davlatlar qanday pozitsiyada bo‘lmasin xususiy korxonalar, jumladan, restoranlar, kinoteatrlar va aviakompaniyalarga o‘z qoidalarini belgilashiga qarshilik qilishning iloji yo‘q.

Ko‘plab IT-kompaniyalar vaksinatsiya haqidagi ma'lumotlar saqlash mumkin bo‘lgan ilovalar ishlab chiqishmoqda
ISTOCK/GETTY IMAGES

Germaniyaning konsert va boshqa tadbirlarga chipta sotish bilan shug‘ullanuvchi Eventim kompaniyasi o‘zining onlayn bronlash tizimiga o‘zgartish kiritishga ulgurdi: mijozlar emlanganlik haqidagi ma'lumotni joylashlari mumkin.

Kompaniya bosh direktori Klas-Peter Shulenberg vaksinalar yetarli bo‘lib, istagan odam emlana olish imkoni bo‘lgach, tadbirlar tashkilotchilari chipta sotib olayotganda vaksinatsiya haqidagi guvohnomani majburiy qilib qo‘yishlari mumkin.

Amerikaning madaniy tadbirlarga chipta sotuvchi Ticketmaster kompaniyasi ham konsert faoliyatini tiklash rejasini ishlab chiqmoqda.

Reja quyidagicha ishlaydi: konsertga chipta sotib olgan tomoshabinlar konsert boshlangunga qadar emlangani haqidagi sertifikat yoki koronavirus testiga manfiy javobni taqdim etishi kerak bo‘ladi. Sertifikatsiz chipta haqiqiy hisoblanmaydi.

Aviakompaniyalar ham o‘z talablarini ilgari surishlari ehtimoldan xoli emas. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi noyabrdayoq maxsus raqamli chipta yaratish taklifini bergandi. IATA’ning rejasiga ko‘ra, unday chipta davom etib turgan pandemiya sharoitida ham chegaralarni bemalol ochish imkonini beradi.

Assotsiatsiya tashabbusiga qo‘shiladiganlar ko‘p kuttirishmadi – Emirates aviakompaniyasi Assotsiatsiya bilan hamkorlik qilishni boshlab yubordi.

Ular hamkorlikda foydalanuvchilarga turli davlatlarga kirish shartlari bilan tanishish imkonini beruvchi va unga koronavirus testi natijalari yoxud vaksinatsiya sertifikatini kiritish mumkin bo‘lgan ilovani sinab ko‘rishadi.

Bir necha haftadan so‘ng Etihad Airways kompaniyasi ham ilovani sinovdan o‘tkazishni boshlaydi.

Butunjahon iqtisodiy forumi Shveytsariyaning Commons Project Foundation notijorat guruhi bilan salomatlikka oid raqamli pasport ustida ishlamoqda.

IBM kompaniyasi ham o‘z ilovasi ustida ishlamoqda. Pandemiya mobaynida kompaniya o‘z g‘oyalari bilan chiqish qilib, kontaktlarni kuzatuvchi ilova taqdim qilishdi. Lekin loyihani muvaffaqiyatli bo‘ldi deyish qiyin.

Vaksina pasportlari bilan vaziyat yanada murakkablashishi mumkin, gap, har holda, barcha davlatlarga mos keladigan tizim haqida ketmoqda.

Turli davlatlarda turli vaksinalar sertifikatlashtirilishi, sayyoh esa o‘zi emlangan vaksina bilan u muayyan davlatga kiritiladimi yo‘qmi, bila olishini ham hisobga olish shart.

«Chegarachilarga sayyoh, aytaylik, Pfizer, Rossiya yo Xitoy vaksinasini olgan-olmaganini bilish qiziq bo‘lsa kerak. Bu bir qarorga kelishga yordam beradi», deydi Commons Project Foundation’ning jamoatchilik bilan ishlash direktori Tomas Krempton CNN’ga bergan intervyusida.

Ko‘proq yangiliklar: