Misr prezidenti mamlakatda tug‘ish sur'atlarini qisqartirishni talab qildi 

Jahon 08:38 / 17.02.2021 11248

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy mamlakatda tug‘ish sur'atlari yuqoriligini asosiy muammolardan biri deb atadi va bir oilaga ikki farzand bilan cheklanishga chaqirdi. U bu haqda Ismoiliya viloyatidagi tibbiy obektlar ochilishi marosimida aytib o‘tdi.

“Bir oilaga 2 nafardan ko‘proq farzand – bu katta muammo va har bir odamga aholi sonining tez o‘sishi xavfli ekanini yetkazish zarur”, deb aytgan as-Sisiy. Shu bilan birga, uning aytishicha, hukumat ushbu muammoni qat'iy qonun va cheklovlar bilan hal qilish niyatida emas. 

“Siz boqa olmaydigan va ishga joylay olmaydigan bolaning sizga nima keragi bor? Natijada ularning 50 foizi xarobalarda yashamoqda”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Misr rahbari.

Uning aytishicha, aholi soni o‘sishi mavjud zaxiralarga mos kelishi lozim, uning keskin o‘sishi esa iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Misr prezidentining ta'kidlashicha, aholining ko‘payib ketishi – bu milliy xavfsizlik masalasidir. Uning aytishicha, agar vaziyat o‘zgarmasa va yillik tug‘ilish darajasi 2,4 mln kishidan 400 ming kishigacha kamaymasa, fuqarolar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan loyihalarning ta'sirini sezmaydilar. 

“Aholi o‘sishi masalasi nazorat ostiga olinmaguncha, odamlar turmush tarzlari yaxshilanayotganini sezmaydilar”, deb qo‘shimcha qilgan as-Sisiy. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Misrda har yil 2 mlnga yaqin bola dunyoga keladi. Misr prezidentining ta'kidlashicha, 100 mlnlik aholini ta'minlash uchun Misrga har yil 1 trln dollar talab etiladi, mamlakat yalpi ichki mahsuloti esa 250 mlrd dollarni tashkil qiladi. 

Har doim Misrning asosiy boyligi uning aholisi ekanini ta'kidlab kelgan as-Sisiy ilk bor aholi ko‘pligi muammosini ovoza qildi. Ushbu muammoni Misrda ancha yillardan beri hal qilishga urinib kelinmoqda.  

Misr poytaxti Qohirada aholining o‘rta va yuqori sinfdagi qatlami orasida oilada 3 nafardan ko‘proq farzandga ega bo‘lish qabul qilinmagan. Biroq qishloq hududlarida oilalardagi farzandlar soni hech narsa bilan cheklanmagan.

Hozirda Misr aholi soni bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinni egallamoqda. Ayni vaqtda mamlakatda 103 mlndan ko‘proq odam yashaydi. Ulardan 20 mlnga yaqini savodsiz hisoblanadi. Misr hududining 96 foizi cho‘l va yashash uchun uncha yaroqli bo‘lmagan hududni tashkil qiladi, shu sababli aholining asosiy qismi qolgan 4 foiz hududda, asosan Nil deltasi atrofida yashaydi.   

Ko‘proq yangiliklar: