Koronavirusga qarshi emlash: bu bo‘yicha kim peshqadam (infografika)

Jahon 16:35 / 16.02.2021 15017

Koronavirusdan ommaviy emlanish dunyoning o‘nlab davlatlarida jadallik bilan ketyapti. Kasallikka qarshi emlanganlar soni kasallanganlar adadidan ortdi.

AQSh va Xitoy emlash bo‘yicha peshqadam. Isroil va BAA emlanganlar foizi bo‘yicha oldinda

Emlanganlar sonini turlicha hisoblash mumkin – umumiy raqamlarda yoki 100 kishiga nisbatan. Agar birinchi variantga to‘xtalsak, vaksinatsiya qamrovi bo‘yicha AQSh va Xitoy boshqalardan katta farq bilan o‘zib ketishgan. AQShda 45 milliondan ortiq kishi emlangan bo‘lsa, Xitoyda bu raqam 40 millionni tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Yevroittifoq davlatlari (Yevroittifoqda umumiy 18 million kishi), Buyuk Britaniya (13,5 million) va Hindiston (6,5 milliondan ortiq) joylashgan.

Pandemiya bilan kurash nuqtayi nazaridan qarasak, emlangan aholining foizi muhimroq. Binobarin, har 100 kishiga olingan vaksinani hisoblash maqsadga muvofiq. Bunda jamoaviy immunitetga erishishga yetarli darajadagi ko‘rsatkichga yetgan Isroil so‘zsiz peshqadam. Jamoaviy immunitet aholining 60-70 foizi emlanganda shakllanadi. Umumiy fonda ham Isroilning natijalari ancha yuqori – 5,8 million doza vaksina qilib bo‘lindi. Undan keyingi o‘rinda Birlashgan Arab Amirliklari turibdi – 4,5 million doza. Amirliklar hukumati har 100 kishining 50 nafarini emlab bo‘lgan.

Keyingi o‘rinlarda kichik orol-davlatlar kelyapti – Seyshel va Kayman orollari va Britaniyaga tegishli Gibraltar hududi. Keyin esa, umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha ham yetakchilar – Buyuk Britaniya va AQSh.

Yevroittifoq davlatlari bo‘yicha olinganda Daniya va Litva yetakchi. Yevroittifoqning yirik davlatlari orasida Ispaniya, Polsha va Italiya yuqori uchlikda.

Rossiya va Xitoydagi holat

Rossiya koronavirusdan emlanganlarning yagona ro‘yxatini e'lon qilmaydi. Hududiy hokimiyatlar vaqti-vaqti bilan vaksinatsiya raqamlarini oshkor qilib turishadi.

Xitoy esa umumiy miqdorda katta raqamlarni qayd etgan bo‘lsa-da, har 100 kishiga hisoblanganda hatto yuqori o‘ttizlikka ham kirmagan. Bu, tabiiyki, aholi soni bir yarim milliardligi bilan bog‘liq. Ayni vaziyat Hindistonda ham ko‘zga tashlanadi – har 100 kishiga hisob bu davlatda umuman past: 0,5.

Ko‘proq yangiliklar: