Arablar Marsda. BAA Qizil sayyoraga missiyasini qanday uddaladi?

Jahon 15:24 / 16.02.2021 17426

«Maqsadimiz barcha arablarga biz dunyoning qolgan qismi bilan raqobatlasha olish umidini berish», dedi arab olamida katta voqelik sifatida qarshi olingan muvaffaqiyat haqida BAA bosh vaziri, shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum.

Nega ko‘plab o‘ziga tinch arab davlatlari orasida faqatgina BAA Marsga qadar o‘z qurilmalarini chiqara olgani va hattoki zamonaviy ilm-fanda ham havas qilishga arziydigan bunday yutuqlarga qanday erishgani barchani qiziqtiradi. Axir Arabiston yarimorolida yanada boyroq Saudiya Arabistoni, BAA kabi neftga boy Qatar va Kuvayt ham bor.

XXI asr boshlarida amirlik rahbarlari neft eksportiga bo‘lgan qaramlikdan qutulish maqsadida mamlakat iqtisodiyotida yuqori texnologiyalarning salmog‘ini oshirish uchun katta miqdorda pul tikishni boshladi. Dastlab 2006 yil Dubayda Istiqbolli ilm va texnologiyalari instituti tashkil qilindi, keyinroq u Muhammad bin Roshid nomidagi fazoviy markaz sifatida qayta tashkil etildi.

Fazoviy markaz

Fazoviy dasturlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi markaz 2009 yilda Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi orqali BAAda ishlab chiqarilgan ilk sun'iy yo‘ldoshini fazoga uchirishga muvaffaq bo‘lgandi. 2019 yil esa ilk bor arab kosmonavti Xalqaro fazoviy stansiyaga borib qo‘shildi.

Mars missiyasi birinchi marta 2014 yil e'lon qilingan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida mamlakat o‘z oldiga milliy kosmik sohani rivojlantirish va jahon darajasiga olib chiqish maqsadini qo‘ydi. Yoshlarning bu sohada bilim olishlari rag‘batlantirildi, ular mamlakatda bu sohaning kelajagi borligiga ishontirildi.

BAAning Mars missiyasi – «The Emirates Mars Mission»ning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil qiladi. Hukumatning loyihadagi asosiy talabiga ko‘ra, qurilma boshqa davlatlardan sotib olinishi emas, balki aynan Muhammad bin Roshid nomidagi fazoviy markazda ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Loyihani ishlab chiqish uchun AQShning bir qancha yirik universitetlari, xususan, Kolorado universitetining Atmosfera va fazoviy fizika laboratoriyasi bilan shartnoma imzolandi. Natijada BAA olimlarida tezkorlik bilan Amerika tajribasi va infrastrukturasini o‘zlashtirish imkoni paydo bo‘ldi. Loyiha ustida BAAning 150 nafar olim va muhandislari, 200 nafar amerikalik mutaxassislar ish olib bordi.

BAA olimlari

Loyihada qatnashgan amirlik olimlarining o‘rtacha yoshi – 27. Ularning 90 foizi 35 yoshdan kichik. Eng qizig‘i, BAA olimlarining 80 foizini ayollar tashkil qiladi. Ularga BAA kosmik agentligining rahbari 33 yoshli ayol – Sora al Amiri boshchilik qiladi. Uning aytishicha, markazdagi xodimlarning barchasi mehnati evaziga tarixiy missiya uchun tanlab olingan.

Sora al Amiri

Bu olimlarning mehnati bilan ishlab chiqilgan «Al Amal» (Umid) kosmik zondi 2020 yil 20 iyul kuni Yaponiyaning H-IIA raketa tashuvchisi yordamida Tanegasima orolidagi kosmodromdan uchirildi.

Yaponiyada uchirilishi

Qurilma raketa tashuvchidan 430 km balandlikda ajralib chiqdi va belgilangan trayektoriya bo‘ylab 493,5 million kilometrlik parvozdan so‘ng Mars orbitasiga yetib bordi.

Marsga yaqinlashgan vaqtda gravitatsion hududga kirish uchun kosmik qurilma tezligi soatiga 121 ming kilometrdan 14 ming kilometrgacha pasaytirildi. Mutaxassislarning aytishicha, aynan shu holat missiyaning eng qiyin nuqtasi bo‘lgan va bunda qurilmaning yo‘qotilishi ehtimoli 50 foizga baholangan. Ya'ni muvaffaqiyat kafolati 50ga 50 edi va u arab olami uchun tarixiy voqea o‘laroq muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Olimlar Mars orbitasiga kirita olgan ushbu qurilmaning missiyasi ikki yil davom etadi. «Al Amal» sayyoraning elliptik orbitasida joylashadi va uning iqlimi, atmosferasi quyi qatlamlarini o‘rganadi.

Qurilmaning asosiy vazifasi Marsning zamonaviy va qadimiy iqlimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni qidirish, vodorod va kislorod me'yorini kuzatish orqali atmosferaning yo‘qolish mexanizmlarini aniqlash hamda sayyorada kun davomida iqlim qanday o‘zgarib turishi borasida to‘liq ma'lumot yig‘ishdan iborat.

Zond - qurilma

Avtomatik sayyoralararo stansiyasi kub shaklida bo‘lib, quyosh batareyalari o‘rnatilgan panellardan quvvat olib harakatlanadi. Og‘irligi 1,35 tonna bo‘lgan ushbu qurilmaga uchta ilmiy kuzatuv jihozi o‘rnatilgan:

  • Mars sayyorasining atmosferasini infraqizil nurlar yordamida o‘rganish uchun spektrometr – Emirates Mars Infrared Spectrometer (EMIRS);
  • Sayyoraning yuqori qatlamini rasmga olish va ozon qatlami miqdorini baholash uchun kamera – Emirates Exploration Imager (EXI);
  • Ultrabinafsha diapazonda izlanishlar olib boruvchi yana bir spektrometr – Emirates Mars Ultraviolet Spectrometer (EMUS).

BAA uchun koinot sirlarini o‘rganish missiyasi oldinroq boshlangan. Bunga qadar 2009 va 2013 yillarda Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan DubaiSat-1 va DubaiSat-2 sun'iy yo‘ldoshlarini uchirishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, Nayif-1 nanoyo‘ldoshi va yerning ustki qatlamlarini tasvirga olishga mo‘ljallangan KhalifaSat sun'iy yo‘ldoshlari mavjud. Biroq Marsga yuborilgan sayyoralararo stansiya chinakamiga BAA olimlarining muvaffaqiyati hisoblanadi, chunki uni bevosita mahalliy olimlar ishlab chiqishdi. Bu borada ildamlab ketgan amerikalik olimlar yordamida, albatta.

Stansiyaning orbitada bo‘lish vaqti eng kamida ikki yil deb aytilmoqda, biroq olimlar missiya 2025 yilgacha davom etishi mumkinligini istisno qilishmadi.

«Al Amal» allaqachon Marsning ilk tasvirlarini yuborishga ham ulgurdi. Muhammad bin Roshid Ol Maktum tvitterdagi sahifasida zondning olgan suratini e'lon qildi.

Mars

Suratda Quyosh tizimidagi eng baland vulqon ekani aytiladigan Olimp tog‘i ham ko‘ringan.

BAA bu bilan «Mars poygasi»da to‘xtab qolmoqchi emas. Mamlakat 2117 yilga borib qizil sayyorada butun boshli shahar qurmoqchi. Shuningdek, kosmik sohada erishilgan yutuqlar ortidan Dubay hukumati Yer orbitasidagi tijoriy nizolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi kosmik sud tashkil etilishini ma'lum qildi.

Farrux Absattarov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: