COVAX – koronavirusga qarshi vaksinalarni rasamadi bilan taqsimlaydigan dastur

Jahon 16:32 / 15.02.2021 1378

COVAX epidemiyalarga tayyorgarlikni ta'minlash sohasidagi innovatsiyalar koalitsiyasi (CEPI), vaksinalar alyansi (GAVI) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘llovi bilan koronavirusga qarshi vaksinani olishni tezlashtirish tashabbusining bir qismidir. Yuqorida zikr qilingan tashkilotlar rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlardagi vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Bu nafaqat yuqori daromadli, balki past daromadli davlatlar aholisini ham koronavirusga qarshi vaksina bilan ta'minlash maqsadida hukumatlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikdagi yagona global tashabbusdir.

Sog‘liqni saqlash xodimlari va keksalar kabi riskka moyil aholi qatlami uchun yetarlicha dozada vaksina olish uchun navbatdagi qadam sifatida hamkorlar o‘tgan yilning 31 avgustiga qadar o‘zini o‘zi moliyalashtirish shartida ishlovchi qatnashchilardan maqsadlar tasdig‘ini olishi, 18 sentyabrgacha esa, ularning asosida koronavirusga qarshi vaksinani olish bo‘yicha global mexanizmga kirishishning rasmiy majburiyatlarini ishlab chiqish, so‘ngra 2020 yilning 9 oktyabridan kechiktirmasdan ilk avans to‘lovlarini olish kerak edi.

«Koronavirus vaksinasini olish hammaga teng bo‘linishi virus ustidan g‘alaba qozonish va pandemiyadan so‘ng tiklanishning muhim shartlaridan biridir. Shu musobaqa kamchilikning g‘alabasi bilan tugashi kerakmas va bunda COVAX mexanizmi muhim ahamiyatga ega. Bu dastur barcha davlatlar dunyoning eng yirik vaksinalar portfelidan foydalana olishlari, shuningdek, vaksina dozalarining adolatli va muvozanatli taqsimlanishi uchun muhim», deydi Shvetsiya bosh vaziri Stefan Lyoven.

GAVI alyansi muvofiqlashtirib turuvchi COVAX mexanizmi koronavirusga qarshi vaksinani birgalikda xarid qilish tizimidir. U JSSTning ta'minotni taqsimlash tamoyillariga muvofiq vaksinalar bilan ta'minlashni maqsad qilgan. COVAX mexanizmi bu vazifalarni qatnashchi-davlatlarning xarid quvvatini konsolidatsiya qilib, vaksina ishlab chiqaruvchilarga istiqboldagi xaridlar hajmini kafolatlaydi. Bu orqali esa ishlab chiqaruvchilarning yangi vaksinalarni ommaviy ishlab chiqara olish salohiyatiga tayanib o‘z vaqtida ishlab chiqarish quvvatlariga riskli sarmoya tikish va davlatlar va iqtisodiy sub'yektlarning sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan vaksinalarni tezkor olish imkoniyatlarini maksimal darajada oshirishi ko‘zda tutilgan.

COVAX’ning muvaffaqiyati nafaqat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, balki COVAX doirasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarning moliyalashtirilishidagi jiddiy muammolarni bartaraf etish imkoniyatlari, shuningdek, COVAX faoliyatida daromadi o‘rtachadan pastroq davlatlarga ko‘mak berish mexanizmi mavjudligiga ham bog‘liqdir.

«COVID-19 jahon sog‘liqni saqlash sohasidagi hukumatlar, tadqiqotchilar, ishlab chiqaruvchilar va ko‘p tomonli hamkorlarning birgalikda hal qila olishi mumkin bo‘lgan o‘xshashi yo‘q muammodir. Resurslarni birlashtirib va koronavirus bilan kurashda vositalarga yetishishni tezlashtirish tashabbusi va COVAX mexanizmi bilan hamnafas bo‘lgan holda biz barcha davlatlarni endi bizning ixtiyorimizda bo‘lishi kutilayotgan koronavirusga qarshi vaksina bilan adolatli ta'minlay olishimiz mumkin», deydi JSST bosh direktori Tedros Gebreyyesus.

COVAX faoliyatida vaksinalarni tadqiq qilish va ishlab chiqish bo‘yicha rahbarlik maqomida bo‘lgan CEPI koalitsiyasi COVAX mexanizmi ishtirokchilari uchun xavfsiz va samarali vaksinalar ishlab chiqarish yo‘nalishida ishlashga qaror qilgan. CEPI umumiy hisobda to‘qqiz vaksinani qo‘llab-quvvatlayapti. Vaksina ishlab chiqish uchun davlatlar, vaksina ishlab chiqaruvchilari, tashkilotlar va shaxslar tomonidan 1,4 milliard dollar ajratilgan.

COVAX’ning vazifasi 2021 yilning oxirigacha JSST tomonidan tasdiqlangan 2 milliard xavfsiz va samarali vaksinani taqsimlashdan iborat. Bunday vaksinalar barcha qatnashchi davlatlar o‘rtasida ularning aholi soniga mutanosib holda teng taqsimlanadi. Bunda avvalo sog‘liqni saqlash xodimlari, so‘ngra riskka moyil qatlam – qariyalar va boshqa kasalliklari bor aholi eng birinchi emlanadi. Keyinchalik vaksina dozalari ularning ehtiyojlari va koronavirus tahdidi darajasiga ko‘ra beriladi. COVAX mexanizmi favqulodda va gumanitar sharoitlarda, shu jumladan, instensiv kasallanish va kasallikning nazoratsiz tarqalib ketishini bartaraf etishda qo‘llash uchun zaxira dozalarini saqlab turishni ham nazarda tutadi.

Materialni tayyorlashda JSST va GAVI saytlaridan foydalanildi. 

Ko‘proq yangiliklar: