Senatorlar Trampga impichment e'lon qilishmadi 

Jahon 08:44 / 14.02.2021 11199

AQSh kongressi senati AQShning sobiq prezidenti Donald Trampni impichment jarayoni doirasida oqladi. 

Impichment e'lon qilish uchun ayblov hukmini chiqarishga 100 nafar senatordan kamida 67 nafari ovoz berishi kerak edi. Biroq impichmentni 57 senator qo‘llab-quvvatlagan, 43  senator unga qarshi chiqqan. Shu tariqa, demokratlarning Trampga impichment e'lon qilishga urinishi ham muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi.  

Trampga nisbatan impichment jarayoni uning 6 yanvarda Vashingtonda o‘z tarafdorlari oldidagi nutqi sababli boshlangandi. O‘sha kuni Trampning tarafdorlari uning so‘zlaridan keyin kongress binosiga bostirib kirib, tartibsizliklar uyushtirishgan. 

Vakillar palatasida Trampga isyonga chorlash ayblovi qo‘yilgan. Senatdagi jarayonda vakillar palatasi a'zolari ayblovchilar, senatorlar esa hukm chiqaruvchilar sifatida ishtirok etishdi.

AQSh tarixida birinchi bor bir prezidentga nisbatan ikki marta impichment e'lon qilindi. Demokratlar Trampni  hokimiyatdan chetlatishga birinchi urinishni 2019 yilda amalga oshirishgandi. O‘shanda quyi palata ayblovni qo‘llab-quvvatlagan, biroq respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qilgan Senat Trampni oqlagandi. 

  • Agar Senat Trampning impichmenti uchun ovoz berganida, u prezidentlik saylovlarida ishtirok etish huquqidan mahrum qilinardi.
  • Avvalroq amerikaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ularning ko‘pchilik qismi Tramp mamlakat siyosiy hayotiga qaytishi kerak emas deb hisoblashini bildirgandi. So‘rovnoma ishtirokchilarining 54 foizi mamlakatning 45-prezidenti siyosatdan butunlay ketishini istashini bildirgan.
     
Ko‘proq yangiliklar: