AQSh Senati Trampning impichmenti bo‘yicha jarayonga guvohlar chaqirilishiga ruxsat berdi

Jahon 21:24 / 13.02.2021 4075

AQSh Kongressi Senati sobiq prezident Donald Trampning impichmenti bo‘yicha jarayonga guvohlar chaqirilishiga ruxsat berish yuzasidan ovoz berdi.

Senatorlarning 55 nafari ushbu qarorni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 45 nafari qarshi chiqdi. Qaysi guvohlar chaqirilishi bo‘yicha esa alohida ovoz berish o‘tkaziladi.

Avvalroq ayblovchilar guruhi respublikachilar partiyasidan vakillar palatasi a'zosi Jyeymi Errera-Batlerni guvoh sifatida chaqirishni so‘ragandi.

Bunga qadar Amerika ommaviy axborot vositalari impichment bo‘yicha ovoz berish shanba kuni bo‘lib o‘tishini taxmin qilgandi. Agar guvohlar chaqiriladigan bo‘lsa jarayon cho‘zilishi mumkin.

Yanvar oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi Trampni tarafdorlarini Kapitoliyga hujum qilishga undashda ayblab impichment e'lon qilgandi. O‘shanda palataning 232 a'zosi, shu jumladan 10 nafar respublikachi ham impichment uchun ovoz bergan, 197 nafar kongressmen qarshi chiqqandi.

Shundan so‘ng ayblov moddasi Senatga yuborilgan. Senatorlar Trampni aybdor deb topishsa, u kelgusida davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilinadi.

Trampni aybdor deb topish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismining ovozi, ya'ni 100 nafar senatordan 67 nafarining ovozi kerak bo‘ladi. Hozirda Senatda respublikachilar va demokratlar soni teng - 50 nafardan, shu tariqa, ayblov Senatda tasdiqlanishi uchun kamida 17 nafar respublikachi senator demokratlarga qo‘shilishi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: