Dilshod Eshnayev nega prezidentning diniy sohadagi islohotlari e'tirof etilgan maqolalarni oldirib tashlamoqchi bo‘ldi?

O‘zbekiston 20:27 / 04.02.2021 108797

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak sayt faoliyatiga bo‘layotgan bosimlar ortidan ishdan ketishini e'lon qildi. Saytga bosim qilayotgan tashkilot nomini eshitib hayron qolmasa ham bo‘ladi, lekin tashkilot mas'ul xodimi saytdan oldirib tashlashni talab qilayotgan maqolalar odamni hayron qoldiradi.

Maqolalarning birida Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi mahallalardan birini qorilar mahallasi sifatida ixtisoslashtirish haqida gapirgan bo‘lsa, yana birida 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev hukumatga kelgach diniy sohada tiklangan huquq va erkinliklar yoritilgan.

Qiziq emasmi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari prezident Shavkat Mirziyoyevning xayrli takliflari yoritilishini va qilgan ishlari e'tirof qilinishini xohlamayotgan bo‘ladimi, shunda? Nahotki, Dilshod Eshnayev bugungi bo‘layotgan o‘zgarishlarga, prezidentning ochiqlik va erkinlik siyosatiga qarshi bo‘lsa?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bergan rasmiy bayonotda, qo‘mita Azon.uz saytida e'lon qilingan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha topshiriq bermagani aytilgan.

Azon.uz muassisi, diniy olim Mubashshir Ahmad qo‘mitaning ushbu bayonotidan so‘ng Facebook'dagi sahifasida jonli efirga chiqib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev 3 fevral kuni unga qo‘ng‘iroq qilib, chindan ham haqoratlaganini ta'kidladi.

Azon.uz sayti muassisi Mubashshir Ahmad (o‘ngda) va sayt bosh muharriri Abdulaziz Muborak (chapda)

Azon.uz sayti tahririyati ham masala yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan Dilshod Eshnayev o‘zini tanishtirib, saytda chiqqan maqolalarni darhol o‘chirishni talab qilgan va domlani kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qila boshlagan. Unga suhbatdoshning munosabatlarda xushmuomala bo‘laylik, maqolaning xatosi bo‘lsa, o‘rganib chiqib o‘chiramiz, degan gaplari ham ta'sir qilmagan.

Azon.uz ushbu suhbatning yozib olingan audiosi mavjudligini bildirdi. Tahririyat qo‘mita rahbariyatidan Dilshod Eshnayevning harakatlariga baho berib, bu haqda jamoatchilikni xabardor qilishni, ya'ni Mubashshir Ahmad domlani haqoratlagani hamda amaldagi qonunlarga zid o‘laroq OAV ishiga aralashganini tan olishni so‘ragan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan, vaziyatdan xabardor, ammo ismi oshkor etilishini istamagan shaxslarga ko‘ra, Dilshod Eshnayev bunga qadar ham Azon.uz sayti va Azon TV onlayn televideniyesidagi e'lon qilingan ko‘plab ko‘rsatuvlar va maqolalarni o‘chirishning asosiy tashabbuskori bo‘lib kelmoqda.

Bundan tashqari, Kun.uz «Mening yurtim» telekanali vakilidan olgan ma'lumotga ko‘ra, Dilshod Eshnayev «Hukmdor Usmon» serialining namoyishi to‘xtatilishining ham tashabbuskori bo‘lgani ehtimol.

Buni qarangki, Eshnayevning shaxsan o‘zi 2020 yilning avgust oyida o‘tkazilgan brifingda aynan diniy tashkilotlarning erkin faoliyati, ularning ishiga asossiz aralashish qonunan taqiqlanishi haqida gapirib o‘tgan edi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan sobiq DXX xodimi Dilshod Eshnayev 2019 yil sentabr oyida Nuriymon Abulhasanning o‘rniga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari – Diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori lavozimini egallagan edi.

Shuningdek, Jasur Akromovning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Din ishlari bo‘yicha raisligiga ham DXX tizimida mehnat qilgan Abdug‘ofur Ahmedov tayinlangan edi.

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida OAV erkindir. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

AOKA ham o‘z bayonotida shu jihatga e'tibor qaratgan va davlat idoralaridan jurnalistlarga bosim o‘tkazmaslikni so‘ragandi.

Garchi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tahririyatlar ishiga aralashganini tan olmayotgan esa-da, Azon.uz tahririyati ma'lum qilganidek, qo‘mita mansabdori Mubashshir Ahmadga telefon orqali o‘ta qo‘pol tarzda maqolani o‘chirtirishni talab qilgani, bu holat avval ham bir necha marta kuzatilgani – OAV faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish, to‘sqinlik qilish hisoblanadi.

Qolaversa, qo‘mita bayonotida maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha topshiriq bermagani aytilgan bo‘lib, telefon orqali suhbatda Eshnayevning Mubashshir Ahmadni haqoratlagani haqida lom-mim deyilmagan.

Bayonot orqali qo‘mita yolg‘on axborot tarqatgan va Azon.uz bosh muharriri Abdulaziz Muborakni yolg‘onchiga chiqarib, unga tuhmat qilgan hisoblanadi. Amaldagi qonunchiligimizda esa shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shuningdek, tuhmat qilganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: