«5600 so‘m daromadi bor odam kambag‘al emas». Obid Hakimov nimani nazarda tutgandi?

O‘zbekiston 21:29 / 04.11.2020 92902

Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning Kun.uz'ga bergan intervyusi 3 noyabr kuni e'lon qilingandi. Suhbatda iqtisodchi kambag‘allik hamda uni aniqlash mezonlariga to‘xtalib o‘tgan. Xususan, u mamlakatdagi kambag‘allar sonini hisoblab ko‘rishda qo‘llanadigan mezonlar haqida ma'lumot bergan.

«Jahon banki hisoblab chiqqan insonning kunlik minimal xarajatlari bor. Masalan, bu xarajat 1,9 dollardan past bo‘lmasligi kerak. O‘rta past daromadli davlatlarda bir shaxsning kunlik xarajatlari 3,2 dollardan kam bo‘lsa, u kambag‘allikda yashayapti, deya hisoblanadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, 3,2 dollar – aholining to‘lov (xarid) qobiliyati bo‘yicha aniqlangan summadir. Masalan, shu pulga AQShda nima xarid qila olsangiz, shu narsani O‘zbekistonda qanchaga xarid qilish mumkin? Shuning uchun, aniqlangan summani nisbiy hisoblash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Jahon bankining ta'rifi bo‘yicha, oilangizda besh kishi bo‘lib, har bir jon boshiga 3,2 dollar, ya'ni 5600 so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, siz kambag‘al oilaga kirmaysiz», — degan u.

Obid Hakimov Jahon banki hisoblarini keltirarkan, unda aniqlangan 3,2 dollarni 5600 so‘m qiymatda talqin etishi quyidagicha izohlanadi.

Xarid qobiliyati paritetining konvertatsiya koeffitsiyenti (PPP conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan e'lon qilinadi. Masalan, 2018 yili O‘zbekiston uchun 1 AQSh dollarining PPP qiymati 1784 so‘mni tashkil etgan. Ya'ni AQShda 1 dollarga qancha mahsulot sotib olish mumkin bo‘lsa, o‘sha mahsulotni O‘zbekistonda 1 784 so‘mga xarid qilish imkoni bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 2 091 so‘mni tashkil etgan. 2020 yil uchun Jahon banki rasmiy ko‘rsatkichni hali e'lon qilmagan. 3,2 dollarning PPP qiymati shu yildagi iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni inobatga olib, 5500–6000 so‘m bo‘lishi mumkin.

Jahon banki kambag‘allikni aniqlashning ushbu mezoni shaxsning kunlik normadagi ovqatlanishi bilan o‘lchanadi. Masalan, normal odam bir kunda 2100 kkal ovqatlanishi me'yor sifatida qabul qilingan. Kambag‘allik chegarasida yashayotgan shaxs esa bir kunda 1800 kkal ratsionda ovqatlanadi. Demak, ushbu summa faqat bir kunlik (albatta, shohona emas, balki yetarli) ovqatlanishga yetishi nazarda tutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda suhbatning ushbu qismi umumiy mazmundan alohida tarqatilayotgani o‘quvchilarni yanglish xulosaga yetaklamoqda. Savol tug‘iladi: O‘zbekistonda besh kishidan iborat oila bir oyda 840 ming so‘m daromad qilsa, ular kambag‘al oilalar qatoriga qo‘shilmaydimi?

Obid Hakimovning aytishicha, Bo‘ka tumanida bir kishining kunlik normadagi ratsion ovqatlanishiga 9300 so‘m kerak bo‘lgan. U ushbu raqam shahar va tumanlarda farq qilishi, qimmatlab yo arzonlashishini inobatga olinishi kerakligini aytgan. Shuningdek, bu minimal iste'mol savatchasini anglatmasligi, ushbu masala ustida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ishlayotganini bildirgan.

Hakimovning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent viloyatida olib borilayotgan o‘rganish ishlaridan kutilayotgan natijasi aynan kambag‘allikni aniqlash mezonlarini ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasi orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: