Shakar zavodlarida xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish boshlandi

O‘zbekiston 12:08 / 27.10.2020 51274

«Xorazm shakar» mas'uliyati cheklangan jamiyati shu kunlarda ommaviy ravishda xodimlarini ishdan bo‘shatishni boshladi. Kun.uz manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, zavod xomashyo yo‘qligi sababli, iyul oyidan beri to‘xtab yotibdi.

Qayd etilishicha, shunday bo‘lsa-da, hozirgi vaqtgacha xodimlarga maosh to‘lanib kelgan. Ularning ishdan bo‘shatilishiga esa aynan mablag‘ tugab qolgani sabab bo‘lmoqda.

Yil oxiriga qadar «Xorazm shakar» MChJ 1200 nafar xodimni ishdan bo‘shatmoqchi.

O‘z navbatida, O‘zA xabariga ko‘ra, «Angren shakar» mas'uliyati cheklangan jamiyati ham shu kunlarda ommaviy ravishda xodimlarini ishdan bo‘shatishni boshlagan.

Ma'lum qilinishicha, hozirda ikkita zavodda jami 2000 nafardan ziyod ishchi xodimning daromadsiz qolish xavfi tug‘ilmoqda.

Qayd qilish joizki, yaqinda o‘tkazilgan va oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan Xorazm viloyati xalq deputatlari kengashi sessiyasida «Xorazm shakar» zavodiga Braziliyadan 30 ming tonna xomashyo keltirilayotgani, natijada shakar tanqis bo‘lmasligi haqida aytilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: