Uzundagi mantiqsiz «snos»lar: g‘aznada mablag‘ bo‘lmay turib, yuzdan ortiq obekt buzilgan

Jamiyat 10:00 / 24.10.2020 16289

Kun.uz xodimlari Surxondaryo viloyati Uzun tumanidan tushgan murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu tumanda bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yil 5 fevralda tumanning sobiq hokimi A.Normatov qarori bilan tuman markazidagi O‘zbekiston, Bahoriston va Erkinlik ko‘chalari bosh rejaga asosan qayta rekonstruksiyaga tushadi. Natijada, ko‘cha yoqasidagi turar va noturar binolar buziladi.

Qarorning 4-bandida: «Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari (U.Alimov), tuman moliya bo‘limi boshlig‘i (B.Baratov) bilan birgalikda tuman markaziy ko‘chalarining buziladigan turar va noturar binolarini baholatish, to‘lanadigan tovon pullarining miqdorini aniq hisob-kitobini yuritish hamda ushbu tovon pulini to‘lash masalalarini amaldagi qonun talablari asosida hal etish yuklatilsin», deyilgan.

Ammo tuman markazidagi O‘zbekiston ko‘chasida do‘koni bo‘lgan bir guruh tadbirkorlar buzilgan mulkining tovonini ololmay kelyapti.

Masalan, Ostonaqul Turdiyevning do‘koni ham O‘zbekiston ko‘chasida bo‘lgan. Aytishicha, ikki o‘g‘li va nabiralari ushbu do‘konda savdo qilib kelgan. Hozirgi vaqtda bu oila ishini ham, mulkini ham yo‘qotgan.

Tadbirkor do‘koni buzilgach, boshqa hududda ijara to‘lab, qisman faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Otaxon bir necha marta sud va hokimiyatga murojaat qilgani, ammo talabi qondirilmayotgani haqida gapirdi.

Ostonaqul otaning o‘g‘li Abdufattoh Turdiyev mazkur do‘konda jiyani bilan savdo qilib kelganini aytdi. Mulki buzilgach, jiyani vaqtincha ishlash uchun xorijga chiqib ketgan.

«22 yashar jiyanimning Rossiyadan o‘ligi keldi. U meni yonimda ishlayotgandi. Uning o‘limiga mulkimni buzganlar va tadbirkorligimga to‘sqinlik qilganlarni aybdor, deb bilaman. Prezident tadbirkor davlatning tayanchi, imkoniyat yaratib beringlar, deyotgan bir paytda, nega bizning rahbarlar bunga amal qilmayapti?» – deya chorasiz qolishganini bildirmoqda Abdufattoh Turdiyev.

Boshqa bir murojaatchi Abdujabbor Haydarov mulki buzilguncha ota kasbi – poyabzal ta'mirlash va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganini ma'lum qildi. Otaxon poyabzal ishlab chiqarish va ta'mirlash sexida o‘ndan ortiq odamni ish bilan ta'minlab kelgan. Shuningdek, savdo do‘koni ham bo‘lgan.

«Mulkimiz buzilishiga avvaliga qarshilik ko‘rsatdik. Tuman hokimi, prokuror, IIB va soliqning boshlig‘i (to‘rtala sektor rahbarlari) kelib, o‘rtaga olishdi. O‘sha vaqtda «xo‘p» deyishga to‘g‘ri keldi. Qo‘rqdim. Ochig‘i, Afg‘onistonga borib xizmat qilganman, qo‘rqmaganman. Lekin shu yerda qo‘rqdim, «olib borib tiqib qo‘yaman» desa, qo‘rqarkansan-da…» – deydi A.Haydarov.

Shu bilan hozirga qadar otaxonga bir so‘m ham kompensatsiya to‘lab berilmagan.

«Menga taklif qilinayotgan yer tupkaning tubida. Hokimning aytishicha, o‘n yillarda u joylar ham gavjum bo‘larmish. Ungacha biz nima qilamiz? Oilamizni qanday boqamiz?» – demoqda Abdujabbor bobo.

To‘lqin Turdiyev ham do‘koni buzilgach, daromadini yo‘qotganini aytmoqda. Aytishicha, u bir necha marta xalq qabulxonasiga, Senatga ham xat yozgan, ammo natija bo‘lmagan. U eski joyi qaytarib berilishi yoki vaqtincha yengil konstruksiyalardan foydalangan holda do‘kon qurib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirmoqda.

«Daromadsiz qoldik, farzandlarim kontraktda o‘qiyapti... Imkon berishsin, ishchi kuchi yarataylik, kambag‘allikni yo‘qotaylik. Bunaqada rivojlanish bo‘lmaydi Uzunda», – deydi u.

Turdiyev hokimlik unga kompensatsiya o‘rnida taklif qilayotgan yer tuman markazidan ancha chetda va u yerda mutlaqo savdo faoliyatini davom ettirish imkoni yo‘qligini bildirmoqda.

Murojaatni o‘rganar ekanmiz, ushbu buzilishdan aziyat chekkan boshqa fuqarolar ham yig‘ilib kela boshladi.

Ma'lum bo‘lishicha, Sharofiddin Yoqubov, Jo‘raqul Rabiyev, Sherdil Xolmirzayev, Akbarjon Mo‘minov, Ismat Rajabov, Abduraim Nazarov va yana ko‘plab fuqarolarning ham O‘zbekiston ko‘chasidagi mulki buzilgan.

Kimdir savdo, kimdir ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Ularga o‘tgan ikki yil davomida na tovon to‘lab berilgan va na faoliyatini davom ettirishi uchun sharoit yaratilgan.

Vaziyatga izoh olish maqsadida dastlab tuman moliya bo‘limi boshlig‘i B.Baratov bilan suhbatlashdik.

U kishi o‘sha vaqtda ko‘chadagi obektlar tumanning bosh rejasiga asosan buzilgani va budjetda kompensatsiyani to‘lab berishning imkoni bo‘lmagani haqida gapirdi. (Hokimlik buzishdan avval o‘z g‘aznasiga bir qarab olmagani g‘alati).

«Fuqarolarga kompensatsiya to‘lab berishning imkoniyati bo‘lmagani sababli, hokimiyat va mulk egalari o‘rtasida bitim imzolandi. Shunga asosan do‘kon egalariga yer berish to‘g‘risida to‘xtamga kelindi», – dedi moliya bo‘limi boshlig‘i.

Savol tug‘iladi: hokimning o‘sha g‘alati qarorida binolarni baholatish, to‘lanadigan tovon pullari miqdorining aniq hisob-kitobini yuritish birinchi o‘rinbosar va moliya bo‘limi boshlig‘iga yuklatilgan. Bilishimizcha, o‘sha qaror kuchini yo‘qotgani yo‘q. Nahotki, avval qaror qabul qilinib, mulk buzilgach, allaqanday bitim paydo bo‘lsa?!

Bu mulkdorning huquqini poymol qilish, obekti buzilib, chorasiz qolgach, bitimga ko‘ndirish emasmi?

Xullas, moliya bo‘limi mulkdorlarning birortasi vaqtida mulkini baholatmaganini aytmoqda. Sodda qilib aytganda, o‘sha bitim sababli moliya bo‘limi boshlig‘i bu savdoni o‘z zimmasidan soqit qildi.

Tuman hokimining ayni vaqtdagi birinchi o‘rinbosari Malik Chorshanbiyev buzilish davrida bo‘lmaganini aytmoqda. Joriy yildan faoliyat boshlabdi. U ham masaladan to‘liq xabardor emasligini va mulkdorlarning mulki evaziga yer berishga kelishilganini bildirdi.

«Ishga tayinlanganimdan so‘ng yonimga kelib, kompensatsiya pulini talab qilgan 11 nafar fuqaroning jami 455 589 942 so‘m mablag‘i to‘lab berilishiga bosh bo‘ldim. Agar sizlarga (Kun.uz saytiga) murojaat qilgan mulkdorlar ichida ham kimdir yer emas, kompensatsiya pulini talab qilsa, albatta, to‘lab beramiz», – dedi M.Chorshanbiyev.

O‘z navbatida, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari ushbu voqealarga bevosita guvoh bo‘lgan va ayni vaqtgacha ishlab kelayotgan rahbarlardan biri – tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Abdulhamid Elmurodovdan izoh olishimizni taklif qildi.

Murojaatchilar taklifidan kelib chiqib, arxitektorga savol berdik. Ya'ni tadbirkorlar mulki buzilgan hududda talab asosida bino qurib, faoliyatini davom ettirishi mumkinmi?

A.Elmurodov bizni tumanning bosh rejasi bilan tanishtirar ekan, murojaatchilarning ikki yil avval buzilgan mulki hududida kelgusida ham hech qanday obektlar qurilmasligi, biror tadbirkorga berilmasligi va ko‘kalamzorlashtirib qo‘yilishini ma'lum qildi. Demak, endi tadbirkorlar o‘zlari istagan taqdirda ham eski joylarida faoliyatlarini davom ettira olmaydilar.

Arxitektor ham tuman hokimining 2018 yil 5 fevraldagi qaroridan tashqari bitimga erishilgani, buzilishdan jabr ko‘rganlarga yer berishga kelishilganini aytdi.

Hokimlik bergan ma'lumotga ko‘ra, tuman hokimining ikki yarim yil avvalgi o‘sha qarori qabul qilingach, yuzdan ortiq turar va noturar joy buzilgan. Tumanning barcha mas'ullari qayta-qayta tilga olgan o‘sha kelishuv bitimi hokim qarori qabul qilinib, binolar buzilgandan bir yarim yil o‘tib, 2019 yilning oktabr-noyabr oylarida tuzilgan.

Bizga taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, 122 nafar fuqaro bilan kelishuv bitimiga erishilgan va ularga yer berish ko‘zda tutilgan. Yuqorida aytganimizdek, 11 nafar fuqaroga tovon puli to‘langan.

Shunisi aniqki, bizga murojaat qilgan tadbirkorlar hokimlik taklif qilayotgan hududdan yer olishga rozi emas. Hokim o‘rinbosari o‘zi aytganidek, ularning zararini qoplab berar ham. Ammo savollar bisyor.

  • Nega tuman hokimining buzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi, mulki buziladi, bitim esa keyin paydo bo‘lib qoladi?
  • Mulk ikki yil avval shaharsozlik talabiga javob bermagani va bosh rejaga asosan qayta rekonstruksiya qilinishi vaji bilan buzilgan, deylik. Nega shuncha vaqt o‘tib ham O‘zbekiston ko‘chasi kengaymadi, buzilgan obektlar o‘rni tartibga keltirilmadi?
  • G‘aznada mablag‘ bo‘lmagan ekan, unda nega fuqarolarning mulki buzildi?
  • O‘tgan vaqt davomida qancha fuqaro daromadidan qoldi, sarson bo‘ldi, zarar ko‘rdi. Bu haqda kim o‘ylaydi? Qachon amalga oshishi noma'lum bo‘lgan bosh rejani deb fuqarolar yillar davomida sarson qilinishida mantiq bormi?

Eng ayanchlisi, qariyb uch yil avval buzilgan binolarning o‘sha vaqtdagi bahosi xozirga kelib, inflatsiyaning ta'siri sabab o‘z qadrini karrasiga yo‘qotgan desak adashmagan bo‘lamiz.

Xulosa qilish mumkinki, tumanning sobiq rahbarlari yuzlab obektlarni buzgan, tovonini o‘ylamagan va amalidan ketgach, muammoni o‘zlaridan keyingilarga qoldirgan. Bugungi rahbarlar esa hozircha buzilishdan norozi bo‘lgan mulkdorlarning jami soni va ularni qanday qilib rozi qilish mumkinligi haqida aniq ma'lumotga ham ega emas.

Umid qilamiz, Uzunda arqoni uzun tashlab qo‘yilgan muammoga tez orada yechim topiladi. Kun.uz esa bu mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: